CHETDAN KELAYOTGAN YIRTIQ-YAMOQ LIBOSLAR
Yirtiq shimu yubkalar, yelkasi ochiq koʻylaklar, kalta kiyimlar shunchalik urfga kirdiki, bundan hech kim ajablanmay qoʻydi. Hatto, keksalarning ham koʻzi oʻrganib boʻldi, shekilli, avvalgidek tanbehlar ham quloqqa chalinmayotir. Kelinlarimiz yelkasi ochiq (baʼzan belgacha ochiq), yengi yoʻq toʻy koʻylaklarni kiyishsa ham uyat hissini tuyishmayapti. Buni koʻrib turgan ota-ona, hatto, boʻlajak er ham juftining “zamonaviy”ligidan xursand boʻlibmi yo gap uqtirolmaganidanmi, shunga koʻnib qoʻya qolyapti (asli er kishida sharqona gʻurur kuchli boʻlsa, nafaqat ayoli, opa-singlisini ham oʻz izmiga sola oladi). Kimdir buni urf deb bilsa, kimdir zamonaviylik der, kimdir birovlarning diqqat markazida boʻlishni istar, xullas, har kimni oʻz istaklari boshqarayotir. Ammo bularning barchasida “milliylikdan yiroqlashtirish”ni maqsad qilgan koʻrinmas kuch ustun kelayotganday…
Tan olaylik, bunday kiyimlarni oʻz farzandimiz kiyganida ham koyimasdan “mayli, yosh, nima qilibdi, kiysa kiyibdi-da” deb oqlashga urinamiz. Baʼzan oʻzimizni shu kiyimlar bilan ajralib turishimizni xohlayotgandek boʻlamiz. Oʻta millatparvar boʻlsangiz ham atrofdagilarga qarab, “hamma shunday yuribdi-ku, el qatorida” degan fikr xayolingizdan oʻtadi. Millat oldidagi masʼuliyat esa bir zum unutiladi.
Xoʻsh, bunga kim aybdor? Bozori chaqqon yirtiq-yamoq kiyimlarni peshma-pesh keltirib rastalarni toʻldirayotgan sotuvchimi, zamona zayliga qarab shularni kiyishga oshiqayotgan yoshlarmi yoki oʻzi ham milliylikni unuta boshlagan ota-onami? Sotuvchining maqsad-vazifasi – qanday kiyim-kechak boʻlmasin, moʻmay daromadga ega boʻlish. Ularni ham tushunsa boʻladi. Axir, sotuvchi talabga qarab ish tutishi kunday ravshanku!
Bu bilan sotuvchini oqlamoqchi emasmiz. U oʻz nomi bilan sotuvchi. Kasbi sotish… Bunday ahvol hamma joyda ham shunday emas. Quvonarlisi, oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hozircha evida. Masalan, deylik, vodiy bozorlarining ayollar boʻlimiga kirsangiz, asosan uzun koʻylaklar, turli-tuman roʻmolu-sharflar koʻzni quvontiradi. Chetdan kelayotgan yirtiq-yamoq liboslar, kalta yubkalarni deyarli uchratmaysiz. Farzandning yurish-turishidan tortib, xulqi-odobiyu kiyim-kechagigacha ota-ona tarbiyasini bor boʻy-basti bilan namoyon etib turishi hayotda allaqachon tasdigʻini topgan haqiqat ekanini yodga olish kifoya. Toʻgʻri, kattalarga quloq tutmay, oʻzboshimchalik bilan yoki atrofidagi oʻrtoqlariga qarab, ish koʻradigan yoshlar ham bor. Bunday paytda targʻibot katta rol oʻynaydi. Targʻibot vositalari keng tarqalgan bugungi kunda ulardan oʻrinli foydalanish ham yaxshi samara berishi koʻp bor sinalgan usul. Shu maʼnoda, televideniye eng kuchli targʻibot vositasi boʻlib qolayotir. Ammo afsuski, bu faqat ijobiy natija berayotgani yoʻq. Ayrim xususiy kanallar bilib-bilmay, oʻz dasturlari – koʻrsatuvlar, filmlar, seriallar, reklamalar orqali milliylikdan yiroq, anʼanalarimiz va qadriyatlarimizga zid axborotlarni targʻib etmoqda. Birgina misol, telekanallarimizni “bezab turgan” koʻpgina seriallarning mazmun-mohiyati mentalitetimizga yot, qarashlarimizga zid. Aktyorlarning kiyinishiyu oʻzini tutishi gʻashga tegadigan bir ahvolda – yirtiq, tanaga oʻta yopishgan, ochiq. Inson vizual axborotni eshitilgan axborotdan koʻra tezroq qabul qilishi allaqachon isbotini topgan. Yuz marta eshitgandan bir marta koʻrgan yaxshi, deb shunga aytadilar. Oʻsib kelayotgan yoshlar ana shu qahramonlarni oʻzi uchun ideal shaxs sifatida qabul qilmasligiga kim kafolat bera oladi?
Do'stlaringiz bilan baham: |