Kiyim
Kiyim
,
kiyim-kechak
deb badanni yopib turuvchi har qanday
mato parchasiga aytiladi. Kiyimlar tikiladi, toʻqiladi, yoki
boshqa usullar bilan tayyorlanadi. Kiyim kiyishdan maqsad
avvalo tanani atrof-muhit taʼsiri: issiq-sovuq, shamol, chang-
toʻzon, quyosh nurlari, yogʻin va hokazodan asrashdir. Bundan
tashqari kiyim ijtimoiy sabablarga koʻra ham kiyiladi (jinsiy
aʼzolarni berkitish uchun). Xuddi shu ijtimoiy va psixologik
sabablarga koʻra kiyim-kechak koʻrimli, chiroyli qilib
tayyorlanadi (masalan, boshqa odamlarni jalb qilish, ularga
yoqish uchun).
Kiyim
— inson tanasini tashqi muhit (iqlim, ob-havo
oʻzgarishlari, quyosh nuri va b.) taʼsiri va turli mexaniq
taʼsirlardan asraydigan vositalar toʻplami; estetik vazifani
bajaradi hamda jins, yosh, milliylik va b. xususiyatlarni oʻzida
aks ettiradi. Keng maʼnoda "Kiyim" tushunchasi bosh Kiyimlar,
oyoq Kiyimlar (poyabzal), qoʻlqop va b.ni ham oʻz ichiga oladi.
Kiyim turiga koʻra — ichki Kiyim, ustki Kiyim, bosh Kiyimlar,
oyoq Kiyimlar (poyabzal); vazifasiga koʻra— kundalik, uyda,
dam olish paytida, bayram va toʻy marosimlarida kiyiladigan
(kishilik) Kiyimlar, ish Kiyim (jomakor), sport Kiyim, rasmiy
Kiyim (forma)lar, maxsus Kiyimlarga boʻlinadi; ayollar, erkaklar
va bolalar Kiyimlariga ajratiladi.
Kundalik Kiyim, odatda, xalqning madaniyati, kishining didiga
mos boʻlib, turli modada, turli xil matolardan tikiladi; unda
kasb, etnik va ijtimoiy guruhga mansublik oʻz ifodasini topadi.
Dam olish paytida kiyiladigan Kiyim yumshoq va mayin
matodan, erkin harakat uchun qulay qilib tikiladi. Bayram,
marosim (kishilik) Kiyimlari milliy uslubda, qimmatbaho
matolardan tayyorlanadi, turli bezaklar (kashta, munchoq va
b.) bilan boyitiladi. Ish Kiyimi (jomakor) oddiy matolardan
mehnat jarayoniga mos qilib tikiladi (mas, oʻt oʻchiruvchining
ish Kiyimi oʻtga chidamli brezentdan, baliqchilarning Kiyimi suv
Tarixiy kiyimlar.
oʻtkazmaydigan matodan tikiladi, traktorchining ish Kiyimi
kombinezondan, tibbiyot xodimi, sartarosh, oshpazlarning ish
Kiyimi asosan, oq xalatdan iborat va h.k.). Sport Kiyim
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun qulay qilib
tikiladi. Rasmiy Kiyim (forma) harbiy Kiyim, matros, militsioner,
aloqachi va rasmiy kishilar (prokuror va b.)ning maxsus
nizomda belgilangan Kiyimlari. Maxsus Kiyim homilador
ayollar, bemorlar va b. kiyadigan Kiyimlar. Bolalar K. i rang-
barang pishiq matodan qulay qilib tikiladi, ular turli
qoʻshimchalar bilan uqa, jiyak, kashta tikib, quroq usulida
bezatiladi. Kiyim ixcham, iqlim va faslga, jins, yoshga
moslashtirilgan, eng muhimi qulay boʻlishi, kishiga yarashib
turishi lozim. Kiyimni bichish va tikish katta sanʼat. Kiyim tikish
uchun oldin tabiiy (paxta, jun, jut, ipak) yoki sunʼiy (sintetik)
matolardan tanlanadi, tikuvchilar uyda, atelyelar va
fabrikalarda Kiyim tikishadi. Buning uchun avval matoni bichib
olish kerak. Bu ishni bichiqchi bajaradi. Oʻnga modelyer
rassom Kiyim rasmi (modeli)ni chizib beradi. Xullas Kiyim bitib
magazinga tushguncha bir necha kishi mehnat qiladi.
Yengil sanoat, xususan, toʻqimachilik sanoatining jadal
rivojlanishi kishilar didining tinimsiz oʻsib borishi, xalqlar
orasidagi aloqalarning kuchayishi Kiyim modasining tez-tez
oʻzgarib turishiga olib keladi; hayot ham shuni taqozo qiladi.
Ayniqsa, ayollar Kiyimlari modasi tez-tez oʻzgarib turadi. Hozir
Kiyim inson tanasini tashqi taʼsirlardan asraydigan vosita
boʻlish bilan birga oʻziga va atrofdagilarga estetik zavq
bagʻishlaydigan badiiy sanʼat asariga ham aylanib bormokda.
Kiyim tikishda turli-tuman bezak materiallardan, kashtalardan
foydalaniladi.
Kiyim inson yaratgan turar joy kabi eng qad. ixtirolardan;
soʻnggi paleolit davridayoq mavjud boʻlgan Kiyim geografik
muhit, xoʻjalik shakli, ijtimoiy munosabatlar, madaniyat, etnik
qatlamlar va b.ga bogʻliq holda taraqqiy etgan. Paleolit davri
yodgorliklari orasida terini ishlaydigan tosh va tikadigan suyak
ignalar topilgan. Kiyim uchun matodan tashqari barglar, oʻtlar,
daraxt poʻstloqlari ham xom ashyo vazifasini oʻtagan. Ibtidoiy
odamlar hay-von terilari, daraxt poʻstloklari va barglarini suyak
va hayvon shoxidan ishlangan "ignalar" bilan shunchaki chatib,
badanlariga "ilib" olishgan. Neolit davrida ip yigirish va mato
toʻqish sanʼatini oʻzlashtirgan inson Kiyimtikishda dastlab
yovvoyi oʻsimlik tolalaridan foydalangan, chorvachilik va
dehqonchilikning rivojlanishi mato tayyorlash uchun uy
hayvonlarining juni va madaniy oʻsimliklarning tolalaridan
foydalanish imkonini berdi. Barcha Kiyim turlari 2 boshlangʻich
koʻrinishdan — yelkaga tashlab qoʻyiladigan teri, oʻt, barg va
parlardan toʻqilgan yopqich va bel(boksa) bogʻlamlari
(belbogʻ) dan rivojlanib shakllangan. Keyinchalik yopqichlar
yopinchiq(plashch), koʻylak, kaftan kabi, bel bogʻlamlari ishton,
yubka, fartuk kabi turli xil shakllarga ega boʻldi; shippak yoki
oyoqni oʻrab turgan bir parcha hayvon terisi eng sodda qad.
poyabzal turi boʻlgan, shuningdek, poyabzal uchun daraxt
poʻstlogʻi va daraxtdan ham foydalanilgan.
Estetik xususiyatlarga ega dastlabki Kiyim Qadimgi Misr
Kiyimlaridir. Qadimgi Misrda erkaklar (bellariga mato yoki teri
bogʻlagan) va ayollar (bogʻichli toʻgʻri koʻylak) K.larida burma
(drapirovka)lar qoʻllanilgan; keyinroq nozik mato i.ch.ga
erishilgach, plissirovka keng tarqalgan. Turli rangdagi nozik
matodan tayyorlanib kashtalar bilan bezatilgan K.ni, odatda,
hukmron tabaqa vakillari kiygan, qullar dagʻal mato yoki
teridan tayyorlangan Kiyim kiygan. Qad. ossuriyaliklarda uzun
koʻylak va hoshiya bezakli yopinchiq rasm boʻlgan. Yunonlar
xiton (yengeiz koʻylak), tunika (kalta yengli koʻylak), gimatiy
(yopinchiq) kiyishgan, bu Kiyimlar inson qiyofasiga ulugʻvor
soddalik baxsh etgan, inson tanasining egiluvchanligini
kursatgan (ular, asosan, oq jun va kanop matolardan
tayyorlangan), toʻgʻnogʻich, belbogʻ va b. bilan boyitilgan. Oyoq
Kiyim vazifasini boldirni oʻrab turadigan tasmali shippaklar
bajargan. Qad. Rim Kiyimi ham yunonlarniki kabi burmali
boʻlgan. Erkaklarning asosiy ustki Kiyimi togʻa (yarim aylana
yoki oval shaklidagi mato boʻlagi) boʻlgan. Erkak va
ayollarning ichki Kiyimi vazifasini tunika bajargan, ayollar uning
ustidan stola(xiton koʻrinishidagi keng uzun Kiyim) va palla
(gimatiyga oʻxshash) kiyishgan.
Vizantiyada diniy tarkidunyochilik taʼsirida Kiyim qatʼiy,
qomatni yashirib turadigan shaklga ega boʻlib, mato (parcha,
shoyi) qalin, ogʻir, yirik gulli boʻlgan.
14—15-asrlarda Gʻarbiy Yevropada chizmachilik ilmining
taraqqiyoti hozirga qadar mavjud boʻlgan andazalarning
barcha turlarini yaratilishini taʼminladi, matolarning nafisligi,
iplarining joylashishi bichishni mukam-mallashtirdi. Bu
yutuqlar Kiyimni aniq loyihalash va qomatga mos nafis
Kiyimning paydo boʻlishida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Xalqlar oʻrtasida iqtisodiy aloqalarning kengayishi natijasida
Kiyim bichimlari bir mamlakatdan ikkinchisiga tarqalgan.
Masalan, 11 — 14-asrlarda Gʻarbiy Yevropaga fransuz, 14—
16-asrlarda Flandriya va Burgundiya, 16-asr 2-yarmidan ispan,
17-asr 2-yarmidan yana fransuz modalari tarqalgan. Rus
zodagonlari Sharqda tayyorlangan zarboft, kimxob toʻnlar,
zardoʻzi telpak va b. buyumlarni juda qadrlashgan (mas,
Monomax telpagi). 14-asrda Kiyim taraqqiyotiga maʼlum
darajada meʼmorlik va tasviriy sanʼatdagi uslublar taʼsir etgan.
Masalan, 10— 12-asrlarda Gʻarbiy Yevropada Kiyim bichimida
roman uslubi aks etgan, yaʼni uzun koʻylak va yelkaga tashlab
yuriladigan yopinchiq urf boʻlgan; 12—15-asrlarda gotika
uslubida tikilgan kalta va tor Kiyim kiyishgan. Uygʻonish davri
(15—16-asrlar) da kalta, lekin keng bichimdagi Kiyim rasm
boʻlgan, 16— 18-asrlarda barokko, 18-asrda rokoko uslubidagi,
yaʼni murakkab bichimli Kiyimlar kiyila boshlangan. Kiyim toʻr,
burma, bantiklar bilan bezatilgan. 18-asr fransuz inqilobi
davrida yuzaga kelgan erkaklar libosi Yevropa erkaklar
Kiyimini shakllanishida muhim rol oʻynadi. 19-asrda yagona
Yevropa Kiyimi shakllanishi yakunlandi, 19-asr 2-yarmidan
Kiyimlarni ommaviy i.ch. natijasida quyi qatlamlar orasida
ham yangi modali Kiyimlar keng tarqaldi. Angliya erkak Kiyimi
yaratishda yetakchi boʻlib qoldi.
20-asrda texnika taraqqiyoti va oʻnga bogʻliq holda oʻzgargan
hayot tarzi, tikuvchilik sanoatining oʻsishi Kiyim tarixida yangi
davrni ochib berdi, avtomobil va mototsiklda yurishning keng
tarqalishi tufayli erkaklar Kiyimida oʻzgarishlar roʻy berdi: kalta
shim, kurtka, rangli koʻylak, bosh Kiyim — keplar paydo boʻldi.
20-yillardan erkaklar yagona bichimdagi Kiyim kiya boshladi.
50-yil lardan erkin harakatga qulay boʻlgan Kiyim yuzaga keldi,
ancha yengil va shaklan nafis Kiyim yaratildi, yenglari yaxlit
bichimli koʻylaklar, pochasi tor shimlar paydo boʻldi, sport
Kiyimlari keng tarqaldi.
Ayollar Kiyimida 20-asr 10-yillar Kiyim shaklidagi bejamdorlik,
chiziklar va bezakdagi asimmetriya yoʻqoldi, koʻylaklarda
elastik matolarning erkin bur-malari bilan hosil qilinadigan
chiziqlarning oquvchanligi paydo boʻldi.
Urush yillarida kundalik Kiyim — yubka va bluza boʻlib,
koʻylaklar kaltalashdi. Bu Kiyimda paypoq muhim oʻrin tutdi.
30— 40-yillarda nozik shaklda (egri ip yoʻnalishida bichilgan
mato qomatga mos yotadi) qarbiy Kiyim xususiyatlari
(yelkaning keng va balandligi boʻrttirilgan va b.) koʻzga
tashlanadi, poyabzal qalin taglikka (platformaga) ega boʻldi;
50-yillarda ayollar Kiyimida uslubiy oʻzgarishlar roʻy berdi:
qatʼiy shakldan mayin oquvchan chiziqlarga ega boʻlgan yangi
bichim yaratildi; yengi bilan yaxlit bichimli qomatga mos
Kiyimturi (beli va yubkasi tor koʻylak) va uchli, nafis va ingichka
poshnali poyabzal yuzaga keldi. 60-yillar boshida yubkalar
oʻrnini egʻallay boshlagan shimlar keng tarqaldi.
60-yillarda oyoq Kiyimda oʻzgarishlar roʻy berdi: sport
uslubidagi keng va oʻrtacha baland poshnali poyabzal paydo
boʻldi. Qishki poyabzallardan etiklar keng tarqaldi. 60-yillardan
erkak va ayollar Kiyimidan yoshlar libosi ajralib turadi: oʻsmir
yigit va qizlar Kiyim bi-chimining oʻxshashligi deyarli bir xil
boʻlgan buyumlar yaratishga olib keldi.
70-yillardan Kiyim turi va uning shakllari juda rang-baranglikka
ega. Modelyerlar ana shu xilma-xillikda ayrim qismlarni
uygʻunlashtiruvchi oʻziga xoslikni koʻradilar.
Kiyim modelini yaratishda zamonaviy Kiyimlarni loyihalash
markazi shakllangan Fransiya yetakchi oʻrin egʻallaydi (G.
Shanel, K. Dior, P. Karden va b.). 20-asr 2-yarmidan Angliya (M.
Kuant), Italiya (opa-singil Fontanalar, Valentino), shuningdek,
AQSH, Yaponiya va b. firmalar ular bilan erkin raqobatlashadi.
ʻMDH hududida matodan tikilgan Kiyim neolit davridan
maʼlum. Mil. av. 1-ming yillikda skif-sarmat qabilalarining
erkaklari koʻylak va kaftan, uchli qalpoq, etik, ayollar keng
koʻylak, ustki (yopinchiq) Kiyim kiyishgan. Rus, ukrain va
beloruslar toʻgʻri bichimli uzun koʻylak, kamzul, poʻstin,
moʻynali qal-poq, etik, piyma, boshmoq, lapta (chipta kavush)
kiyishgan. Kavkazliklar (arman, gruzin, ozarbayjon) uzun
koʻylak, cherkaska (kamzul), burka, papaxa, ayollar beligacha
tor, etagi keng koʻylak, ixcham qalpoqcha kiyib, yupqa roʻmol
oʻrab yurishgan. Oʻrta Osiyo xalqlari toʻgʻri bichimli uzun
koʻylak, yaktak, chopon, doʻppi, salla, roʻmol, moʻynali qalpoq,
mahsi, kavush, etik vab. Kiyim kiyishgan.
Oʻzbek milliy Kiyimi. Oʻzbekiston hududida mahalliy Kiyim
qadimdan iqlim, turmush sharoitlari va urugʻ-qabila anʼanalari
asosida shakllangan. Respublika hududidan topilgan
arxeologik yodgorliklar, devoriy rasmlar, yozma manbalar,
qoʻlyozma kitoblarga ishlangan moʻʼjaz tasvir
(miniatyura)larda oʻzbek milliy Kiyimining boy tarixi namoyon
boʻladi.
Sharq Uygʻonish davrida barcha sohalarda boʻlgani kabi
liboslarga tus berishda ham gʻoyat ilgarilab ketilgan. Kishi
qomatining goʻzalligini aniq koʻrsatadigan beli qisma liboslar
tarqalgan. Biroq Kiyimning kishi qomatiga qarab bichish usuli
bu yerda uncha rivojlanmagan. Kiyim shakli estetik ideal,
ijtimoiy-iqtisodiy hayot, xususan, din, axloq bilan chambarchas
bogʻliqdir.
19-asr Kiyimlari (toʻn, koʻylak, yaktak, chopon va b.) keng, uzun,
yaxlit bichimi, odam qomatini berkitib erkin toʻkilib turishi kabi
qad. xususiyatlarni saqlagan. Qishki va yozgi, erkak, ayol va
bolalar Kiyimlari bir xilligi, shakli va bichimi yaqinligi bilan
ajralib turadi: oq yoki malla boʻzdan koʻylak, qalami yaktak
yoki toʻn, olachi chopon, doʻppi oʻzbek erkaklari uchun, ayollar
uchun keng koʻylak, uzun lozim, nimcha, kaltacha asosiy milliy
Kiyim hisoblangan. Turmushga chiqmagan oʻzbek qizlari bilan
ayollari Kiyimlari bichimida ayrim tafovutlar boʻlgan. Mas.,
qizlar koʻylagi yoqasi koʻndalang ochilib, chetlariga boshqa
rangli matodan oʻqa yoki jiyak hoshiya tikilgan; ayollar koʻylagi
yoqasi taxminan 25 sm uzunlikda boʻylama ochilgan. Oʻrta
Osiyo Rossiyaga qoʻshib olingach, tik yoqa (noʻgʻoy yoqa)li
koʻylaklar paydo boʻldi (Zarafshon vodiysida qozoqi koʻylak
deb yuritilgan). Yosh juvonlar birinchi farzandlarini
tuqqunlariga qadar parpara yoqali (yoki jimjima tik yoqali)
koʻylak kiygan. 19-asr oxirlarida koʻkrak burma ayollar
koʻylaklari paydo boʻldi, bunday bichimli koʻylaklar hozir ham
milliy Kiyim sifatida asosiy oʻrin tutadi.
Erkaklar toʻgʻri bichimli koʻylak, yaktak, toʻn, chakmon kiygan.
Toʻnlar avraastarli yoki paxta solib qavilgan, oldi ochiq, uzun
boʻlgan. Astarli toʻnlar baʼzi xrllarda kalta va keng yenglik qilib
ham tikilgan. Toʻnlar avrasi beqasam, kimxob, baxmal, shoyi,
qora satin, chit va b. matolardan, astari chit yoki satindan
tikilgan. Turli viloyatlarda turlicha toʻnlar kiyilgan. Buxoro,
Samarqand, Shahrisabz va b. joylarda toʻnlar qimmatbaho
matolardan tikilib, yokasi, etagi, yeng uchlariga turli xil
rangdagi zar iplarda kashta tikib, atroflariga toshlar qadab
bezatilgan. Bunday toʻnlarni xon va amirlar boy va
amaldorlarga yaxshi xizmatlari eva-ziga inʼom etishgan.
Umuman hurmatli kishilar — ustozlar, qudalar, kuyovlar va
sh.k.ga toʻn kiygazish udumi hozirgi koʻngacha saqlangan.
Aslzodalarning bayram Kiyimlarida belbogʻ — kamarlari toʻqali,
baxmaldan tayyorlangan yoki zardoʻzi kashtalar bilan tikib
bezatilgan. Kundalik Kiyimlar ustidan uzun qoʻshoq va chorsi
qiyiklar bilan bogʻlangan. Erkaklar ishtoni keng, uzun boʻlib,
pochasi tomon torayib borgan. Bosh Kiyimlardan doʻppi, kuloh
kiyilgan, ustidan salla oʻralgan, (aslzodalarning bosh Kiyimlari
zar va kumush iplar bilan bezatilgan). Qish faslida moʻynali
telpaklar kiyishgan.
Oʻzbek xalqi orasida eng koʻp tarqalgan yengil bosh Kiyim
doʻppidir. Asosan, baxmal, sidirgʻa shoyi, satin kabi matogʻa ip,
ipak, zar bilan kashta tikib tayyorlangan.
Oyoq Kiyimlaridan uzun qoʻnjli, poshnasiz, tag charmi
yumshoq boʻlgan kavush bilan kiyiladigan mahsi, zodagonlar
orasida uch qismi qayrilgan baland poshnali etik kiyish urf
boʻlgan.
Ayollar Kiyimlari koʻylak, lozim, kamzul, nimcha va sh. k. toʻgʻri
bichimli boʻlgan. Ayollar lozimi keng, uzun, past (pocha)ga
tomon torayib boruvchi shaklda boʻlib, ochiq rangli matolardan
tikilgan. Lozimning pochasi jiyaklar bilan bezatilgan.
Kelinchaklar oʻzgacha jiyak taqishgan. Bosh Kiyim sifatida
asosan roʻmol oʻralgan. Yoshi va mavkeiga, oilaviy ahvoliga
qarab turli xil roʻmol — doka roʻmol, shol roʻmol, gʻijim roʻmol
va b. xil roʻmollar oʻralgan, oʻralish usuli ham turlicha boʻlgan.
Qizlar uchun qulay bosh Kiyim doʻppi hisoblangan.
Doʻppilardan iroqi chorgul, yoʻrmadoʻzi, munchoq gulli,
zardoʻzi, iroqi doʻppilar mashhur. Bosh Kiyimlari ustidan
chiroyli naqshlar bilan bezatilgan tillaqosh, boʻyinga ularga
mos boʻyintumor, zebigardon, qoʻlga bilaguzuk, uzuk va b.
taqinchoqlar taqilgan. Ayollar odmi matodan tikiladigan, ayol
qomatiga yopishib, koʻylak etagidan bir oz yuqoriroq turadigan
avra-astarli paxtalik chopon ham kiyishgan. Choponning yoqa
oʻymasi chuqurroq, bagʻri tugmachasiz boʻlgan. Ayollar
shariatga koʻra, begona kishilardan oʻz yuzlarini yashirishgan.
Shuning uchun ular chodra, keyinchalik paranji yopinishgan.
Bolalar Kiyimi, asosan, kattalar Kiyimi shaklini takrorlaydi.
Chaqaloqning birinchi Kiyimi "chilla koʻylak" boʻlgan. 2—3
yoshidan boshlab koʻylak-ishton, choponcha kiydirilgan. Bola
6—7 yoshga kirgandan soʻng uning Kiyimi kattalar Kiyim i
bichimida tikilgan.
Ayrim urugʻ, tuman, viloyatlarning Kiyimlari (doʻppi, roʻmol,
chopon va b.)da va uning bezaklarida ham farq boʻladi.
Viloyatlardagi aholining kundalik Kiyimlarigina emas, bayram
Kiyimlari ham farqlangan. Zarafshon vodiysi ayollarining
yalang qavat delegay, rumchasi, toshkentliklarning mursagi,
Shahrisabzning kaltachasi bayram va tantanalarda kiyiladigan
kishilik liboslari hisoblangan.
19-asr oxiri — 20-asr boshlarida qariyb barcha viloyatlarda
kamzul, nimcha urf boʻldi, biroq turli viloyatlardagi xotin-qizlar
ularni oʻziga xos bezaklar bilan boyitishgan. Hoz.
takomillashgan Kiyimlarda ham mana shu oʻziga xoslikni
farqlash mumkin.
19-asrning 80-yillarigacha Kiyimlar toʻgʻri bichimli shaklni
saqlagan. Kiyim shakllari milliy yoʻl-yoʻl, sidirgʻa va gulli
matolar bilan moslashgan, oldi, etagi, yeng uchi, yoqasi gulli
jiyaklar bilan hoshiyalangan.
80—90-yillarda boy xonadonlarning Kiyimlarida qomatga
moslab bichish kabi nafis oʻzgarish kuzatiladi. Shu davrda urf
boʻlgan burama (koketkali —koʻkrak burma) koʻylaklar hozirgi
kunda ham barcha oʻzbek ayollar koʻylagining asosini tashkil
qiladi. Shuningdek, rus va tatarlar Kiyimi taʼsirida bichimning
qomatga mos shakli yuzaga keldi, bichim murakkablashdi,
biroq keng omma orasidagi Kiyim shakli kam oʻzgarishlarga
uchradi, avvalgidek erkin toʻgʻri bichimli shakl saqlanib qoldi.
Oʻzbek milliy Kiyimlari bichimi, asosan, 3 turga boʻlingan:
Buxoro — Samarqand; Fargʻona — Toshkent; Xorazm turlari.
Bu turlar bichimining keng-torligi, yengining uzun-qisqaligi va b.
bilan birbiridan farq qiladi.
20-asrning 20—30-yillarida Kiyim bichimi oʻzaro bir-biriga yaqin
boʻlgan 2 yoʻnalishda oʻzgarib bordi. Oʻzbekiston shahar va
qishloqlarida yevropacha bichimda tikilgan Kiyim-bosh rasm
boʻla boshladi. Milliy Kiyimga yevropa Kiyim xususiyatlarining
kiritilishi milliy koʻylakni shim b-n, ayollar koʻylaklarini nimcha
bilan kiyilishiga olib keldi. Kiyimdagi avvalgi uygʻunlik yoʻqoldi.
Bu tarixan hayot sharoitininng oʻzgarishi va ommaviy sanoat
i.ch.ning hunarmandlikdan ustunligi tufayli kelib chikdi. Shu
bilan birga qadimdan iqlim va ijtimoiy hayot sharoitlari
belgilagan milliy Kiyim shakllari ham oʻsib bordi. Milliy
bichimdagi Kiyimlar qomatning nisbatlariga yaqinlashdi, ayol
koʻylaklari torayib va kaltalashib bordi, ilgariroq yuzaga kelgan
koʻkrak burma (koketkali) va qaytarma yoqali koʻylaklar
hayotga muqim kirib bordi, yengi kaltalashdi. Roʻmol bilan bir
qatorda bosh Kiyim sifatida chiroyli doʻppilar keng tarqaldi.
Erkaklarning ish Kiyimida ham oʻzgarishlar boʻldi. Umuman
olganda, ommaviy milliy Kiyim tarkibiga kura soddaroq va
chiroyli boʻlib bordi.
40—50-yillar boshida Kiyim sanʼatida avvalgidek 2 yoʻnalish
kuzatiladi. Kiyimning umum yevropa shakli qomatning qatʼiyligi
va nisbatlar munosabatining umumiyligi bilan belgilandi:
erkaklar Kiyimini toʻgʻri yelkali qomatga moslangan pidjak,
keng shimlar, ayollar koʻylagini toʻgʻri yelkali erkin kesma lif,
etakka tomon kengaygan yubka tashkil etdi.
50-yillarning oʻrtasida Kiyimni modellashda yangi xususiyatlar
yuzaga keldi. Kiyim qomatga toʻligʻicha moslandi, qomatga
mayin yopishib, oquvchan qomat chizigʻini hosil qildi.
Biroqumumiy yoʻnalish bilan birga milliy Kiyim ham urfdan
qolmadi. Uning oʻziga xosligi shaklida va milliy mato koloritida
namoyon boʻldi. Bu jihatdan ayollarning keng yozgi koʻylagi va
erkaklarning ishchi Kiyimi diqqatga sazovor. Keksa odamlar
orasida toʻnning saklanib qolishi anʼanaviy tus oldi. Modellar
uyining ishga tushishi (1949) bilan andazalash sanʼati yuzaga
keldi. Milliylikni saqlagan holda Kiyimning umumiy shakli yil
sayin keng tarqala bordi.
Oʻzbek Kiyimi rang-baranglikka ega. Unda 19-asr oxiri — 20-asr
boshlarida yaratilgan milliy Kiyim turlarini, shuningdek, eng
soʻnggi andazadagi Kiyimlarni babbaravar koʻrish mumkin. 60-
yil lardan an-dazalarni rejalash boshlandi. Rassomlar bilan
hamkorlikda Kiyimni modellash va loyihalash, andazalash
sanʼati taraqqiyoti yangi yoʻldan bormokda.
Moda yoʻnalishi modelyer rassomlarning eng yaxshi
yutuqlariga, asosan, yilning maʼlum mavsumini hisobga olgan
holda ishlab chiqiladi. Turli kasbdagi kishilar uchun qulay
ishchi Kiyim i yaratishga katta ahamiyat beriladi. Oʻzbek
modelyer rassomlari yangi sharoitga toʻgʻri keladigan ifodali
Kiyim shakllari ustida izlanmokda.
Shuningdek, xalq orasida muqim saqlangan anʼanaviy milliy
Kiyim shakli ustida ham ishlanmokda. 20-asr Boshida yuzaga
kelgan yangi shaklli ayollar koʻylagi ayrim qismlaridagina
oʻzgardi. Anʼanaviy milliy Kiyimning saqlanib qolishida tabiiy
iqlim sharoitiga mosligi, har bir ayol uchun ijro usulining
qulayligi, bichimining soddaligi, tikilishining osonligi muhim rol
oʻynaydi. Oʻzbek modelyer rassomlari ishlarida andazalashda
milliylik va baynalmilal xususiyatlar oʻz uygʻunligini topmoqda.
Sodiqova N. S, Oʻzbek kiyimi, T., 2002; Zanyatiya i bit
narodov Sredney Azii, L., 1971; Abdullayev T. A., Xasanova
S. A., Odejda oʻzbekov (XIX — nachalo XX v.), T., 1978;
Kostyum narodov Sredney Azii, M., 1979; Suhareva O. A.,
Istoriya sredneaziatskogo kostyuma. Samarqand (2-pol. 19
- nach. 20-v.), M., 1982; Raximova 3. I., Sredneaziatskiy
jenskiy kostyum na miniatyurax Maverannaxra XVI—XVII v.
(Kultura Srednego Vostoka), T., 1990; Underova L. V.,
Oʻzbekskaya narodnaya odejda konsa XIX-XX v., T., 1994.
Sayyora Mahkamova.
[1]
Xavfsizlik kiyimlari ham mavjud, ularni oʻt oʻchiruvchilar,
harbiylar, ishchilar, shifokorlar va boshqa kasb egalari
kiyishadi.
Bosh kiyimi
Sport kiyimi
Harbiy kiyim
Maktab formasi
Adabiyot
Kiyim turlari
Bu boʻlim chaladir. Siz uni boyitib, (https://uz.wikipedia.org/w/i
ndex.php?title=Kiyim&action=edit) Vikipediyaga yordam
berishingiz mumkin.
Gazlama
Wikimedia Commonsda
Kiyim-kechak
mavzusiga oid fayllar
bor.
1.
OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, (https://uz.wikipedia.or
g/w/index.php?title=Kiyim&action=edit) Vikipediyaga yordam
berishingiz mumkin.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak.
"https://uz.wikipedia.org/w/index.php?
title=Kiyim&oldid=3526945" dan olindi
Shuningdek qarang
Manbalar
Bu sahifa oxirgi marta 30-Dekabr 2022, 21:34 da tahrir qilingan.
•
Matndan
CC BY-SA 3.0
litsenziyasi boʻyicha foydalanish mumkin (agar
aksi koʻrsatilmagan boʻlsa).
Do'stlaringiz bilan baham: |