Jurnalist va adabiytotshunos Ashurali Jo’rayev (1956) tavalludining 65 yilligiga bag’ishlab “Jurnalist va adabiyotshunos Ashurali Jo’rayev 65 yoshda” mavzusida (Kitobxonga estalik)
Ashurali Joʻrayev 1956 yil 8 avgustda Navoiy viloyati Karmana tumani, Jaloyir qishlogʻida ishchi oilasida tugʻildi. Bobur nomidagi oʻrta maktabni bitirgach, ikki yil davomida Toshkent Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi zavodida yigʻuvchi-slesar boʻlib ishladi. 1974–78 yillarda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat Madaniyat (hozirgi Toshkent davlat Sanʼat va madaniyat) institutining kutubxonashunoslik fakultetida, shuningdek, institut qoshidagi umumiy-ijtimoiy fakultetning jurnalistika boʻlimida ham tahsil oldi.
Ashurali Joʻrayev oʻqish bilan birga, 1976 yildan Toshkent texnologiya bilim yurtida kechki tarbiyachi boʻlib xizmat qildi. 1983–1996 yillarda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida boʻlim mudiri lavozimida ishladi. Gazetada uning oʻsha davrdagi ekologik fojialar haqidagi koʻplab maqolalari eʼlon qilindi. Ayniqsa, uning oʻzbek teatri, kino va musiqa sanʼati haqida yozgan maqola va ocherklari, tanqidiy chiqishlari va suhbatlari mutaxassislar tomonidan eʼtirof etilib, oʻquvchilar tiliga tushdi.
Shundan soʻng masʼul lavozimlarda xizmat qildi, “Mushtum” jurnali va “Afandi” gazetasida (1997–2007),
“Gulxan” jurnalida (2007–2013) bosh muharrir vazifalarida ishladi. 2013 yil 1 apreldan buyon “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktorining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatadi.
Ashurali Joʻrayevning “Dastlabki toʻqnashuv” nomli ilk hikoyasi 1976 yilda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminovning “Oq yoʻl”i bilan “Guliston” jurnalida bosildi.
Yozuvchi bugungi kunda “Toshbaqalar poygasi” (1986), “Yurak boʻronlari” (1989), “Oʻq uzgan kim?” (1994), “Senga koʻngil bersam” (1999), “Dil gavhari” (2001), “Tanimading-a” (2005), “Maysalar uygʻongan tong” (2012), “Sahifaga sigʻmagan satrlar” (2014), “Esar Jayhun shamollari” (2015) kabi kitoblar muallifi. Uning “Yurak boʻronlari” nomli qissa va hikoyalar kitobi respublika Yoshlar ittifoqi mukofoti bilan taqdirlangan. Shuningdek, unga 1999 yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoni berilgan.
Ashurali Joʻrayev Oʻzbekiston Yozuvchilar, Teatr arboblari va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari aʼzosi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Do'stlaringiz bilan baham: |