Kitob tuman tarixi
KIFTIOB-yoxud ikki daryo o‘rtasidagi shahar demakdir. Kitob tumani hududini uch tomondan baland tog‘lar — Ziyovuddin, Qo‘rg‘ontog‘ (Zarafshon tog' tizmasining davomi) va Taxta Qoracha (Hisor tog' tizmasining davomi) tog‘i o‘rab turadi. Jo‘g‘rofiy joylashuvi jihatidan bu shahar shimoldan Samarqand viloyati, sharqdan qo‘shni Tojikiston Respublikasi, janubdan Shahrisabz, g‘arbdan Chiroqchi tumanlari bilan chegaradosh Kitob so‘zi asli tojik tilidan olingan bo‘lib, «Kift» — yelka, «ob» — suv, yaʼni yelkadan o‘tgan suv degan maʼnoni anglatadi. Kitob shahrining ikki tomonidan ikki daryo — Qashqadaryo va Oqdaryo oqib o‘tadi. Ikki daryo oralig‘ida esa Kifti-ob — suv boshi, yaʼni Kitob shahri joylashgan. Aytishlaricha, «Kitob» soʻzining arabcha (sahifalar bor, oʻqish mumkin boʻlgan) «kitob» soʻziga aloqasi yoʻq. Kitob shahri yozma manbalarda XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab uchraydi. Shahar atrofi baland va mustahkam mudofaa devori bilan o‘rab olingan bo‘lib, uning Jangallik, Govxona, Ravatoq, Qorapoycha, Xo‘jaro‘shnoyi, Lo‘lixona va Kunchiqar nomlari bilan yuritiladigan 7 ta mustahkam darvozalari bo‘lgan. Kitob bekligi Buxoro amirligi tarkibiga kirgan. Kitob shahri qadimdan Shahrisabz bilan yonma-yon joylashganligi va bu yerdan Buyuk Ipak yo‘li o‘tganligi sababli har yili yuzlab, minglab savdo karvonlari o‘tib turgan. Shahar aholisining ko‘pchiligi hunarmandchilik va savdo bilan mashg‘ul bo‘lgan. Tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, XVIII asrning oxiri XIX asrning ikkinchi yarmida shaharda to‘quvchilik, bo‘yoqchilik, gilamdo‘zlik, kashtado‘zlik, do‘ppido‘zlik, zargarlik, misgarlik, temirchilik, ko‘nchilik, mahsido‘zlik, kovushdo‘zlik, kulolchilik, duradgorlik, tegirmonchilik, juvozkashlik kabi 30 dan ortiq hunar turi mavjudligi va u yaxshi rivojlanganligi qayd etilgan. Arxiv maʼlumotlariga ko‘ra, 1870 yilning oxirida Kitob shahridagi 51 ta guzarda 3700 xonadon bo‘lib, unda 18500 nafar aholi yashagan. Shaharda 3 ta madrasa, 9 ta masjid, maktablar, 12 ta karvonsaroy, 2 ta bozor maydoni, yuzlab savdo do‘konlari va rastalar bo‘lgan. XIX asrning 80-90 yillariga kelib, shaharda olacha va chit to‘qish, bo‘z, namat, ipak matolar, chodir, palos, shollar, rang-barang kashtalar tayyorlash, ayniqsa, tez rivojlanadi. Kitoblik hunarmandlar tayyorlagan sifatli buyumlar yerli aholi ehtiyojini taʼminlash bilan birga tashqi bozorga ham ko‘plab chiqarilganligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Zeb-ziynat, kulolchilik buyumlari, gilamlar, iroqi do‘ppilar, o‘ymakoriy eshiklar Turkiston o‘lkasida ochilgan 1886-yiil hamda 1890-yilgi ko‘rgazmalarda yuqori baholangan. XX asrning boshlarida shaharda shoyi to‘qish, ip yigirish, turli matolar to‘qish, ko‘nchilik, bo‘yoqchilik, gilam va palos to‘qish hunari ancha taraqqiy etgani, mahsulotkfh sifati yaxshilanganligi ko‘zga tashlanadi. Negaki, 1909-yilda Toshkentda ochilgan Turkiston o‘lka hunarmandchilik va sanoat ko‘rgazmasida kitoblik qo‘ligul hunarmandlarning faolroq qatnashganliklari va ular tayyorlagan buyumlar kumush va bronza nishonlar, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangani bunga misol. XX asrning 20-yillariga kelib, Kitob shahrida hunarmandchilik korxonalari bilan yonma-yon paxta tozalash zavodlari, moy ishlab chiqarish korxonasi, pillakashlik fabrikasi va bir necha artellar faoliyat ko‘rsata boshladi. Kitob shahridagi tarixiy binolar — obidalarga kelsak, shahar qo‘rg‘oni, madrasa, masjidlar, karvonsaroylar o‘zaro urushlar va tashqi hujumlar, ayniqsa, 1870-yildagi hujum natijasida vayron qilindi. Sho‘ro zamonida esa madrasa va masjidlar ataylab buzib tashlandi. Qadimiy Kitob shahri va tumani hududida bir nechta tarixiy inshootlar, binolarning baʼzilari bizning davrimizgacha saqlanib qolgan bo‘lib, bu yerlarda o‘z zamonasining buyuk kishilari, olimlari, maʼrifaparvarlari yashab, samarali ijod qilganlar. Kitob tumani hududida joylashgan tarixiy meʼmoriy obidalardan biri XII—XIII asrlarga tegishli Hazrati Sulton maqbarasi va XV asrning ikkinchi yarmiga tegishli Hazrat Bashir ota maqbarasidir Hazrat Bashir Mirzo Ulug‘bek davrining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri va uning do‘sti bo‘lgan, XVI—XVII asrlarga doir yana bir ziyoratgoh olim, shayx Xo‘ja Abduboqiy nomi bilan bog‘liq Xo‘ja Imkonagiy xonaqohidir. Bu islomiy obidalar Istiqlol yillarida obodonlashtirildi, baʼzi joylari taʼmirlanib, davlatimiz muhofazasiga olindi. Kitob shahri qadimdan buyuk olimlar, shoirlar, dostonchilar, baxshilar, sanʼatkorlar maskanidir. O‘zbek-tojik tillarida sheʼrlar ijod qilgan «Yusuf va Zulayho» dostonini yaratgan shoir Junaydullo Islom shayx o‘g‘li Hoziq, «Chor darvesh», «Mahfil oro», «To‘tinomo» kabi yirik asarlar yaratgan Mullo Qurbon Xromiy, «Alpomish», «Saydimxon», «Malika ayyor», «Avazxon», «Xilomon», «Qironxon», «Kuntug‘mish», «Go‘ro‘g‘li», «Yusuf bilan Ahmad» kabi xalq dostonlarini qoyilmaqom etib kuylagan baxshi-shoir, O‘zbekiston xalq dostonchisi Abdulla Nurali o‘g‘li va boshqalar shular jumlasidan. Jahon fani taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan dunyoning beshdan bir muhim nuqtasi — Mirzo Ulug‘bek nomidagi Xalqaro Kenglik Stantsiyasi — rasadxonasi ham Kitob shahrida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Mustaqillik yillarida Kitob shahri va tumanining qiyofasi butunlay o‘zgarib, yangi turar-joylar, maktablar, litsey va kollejlar, madaniyat markazlari, sport maydonlari, tibbiyot muassasalari qad ko‘tardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |