Uchinchi turdagi kitobxon zohiran “yaxshi” deb nom olgan o‘quvchining butunlay teskarisidir. Bu kitobxon shu darajaga yetgan shaxski, u hech kimga o‘xshamaydi. U – o‘z mutolaa saltanatida mutlaq hokim, hukamo, hukmdor.
Kitobdan u na ma’rifat izlaydi, na vaqtichog‘lik. Kitobdan – bu yorug‘ olamda qolgan boshqa har qanaqangi narsa kabi – faqatgina boshlanish, yo‘nalish nuqtasi sifatida, istak, niyat, mayl sifatida foydalanadi. Unga aslida nima
o‘qishning farqi yo‘q. U biror faylasufning asarini unga ishonib, ta’limotini
o‘rganib olmoq yoki uni tanqid qilib, unga qarshi harakat qilmoq uchun
o‘qimaydi, biron-bir shoirni dunyoning qanday yaralganini tushuntirib berishi uchun mutolaa qilmaydi. Yo‘q, u hamma narsani o‘zi tushunadi, o‘zi anglay oladi. U, ta’bir joiz bo‘lsa, komil inson. U hamma narsa bilan o‘ynasha oladi: muayyan bir nuqtai nazar; qarash; fikr; tasavvur. Hamma narsani o‘yinga aylantirishdan ham ko‘ra foydaliroq va samaraliroq boshqa hech narsaga hojat qolmaydi. Agar bunday o‘quvchi kitobdan biron-bir sentensiya, ya’ni hikmatli so‘z, dono gap, hikmat topib olsa, eng avvalo, topilmaning astar- avrasini ag‘daradi. U azal-azaldan biladiki, har qanday haqiqatlarni inkor etish asl haqiqatdir. U ma’naviyat sohasidagi har qanday fikr, qarash, nuqtai nazar qutb ekanligini va unga qarama-qarshi xuddi shunday zo‘r qutb ham mavjud ekanini azaldan yaxshi biladi. U yosh bolaga o‘xshab, assotsiativ[3] tafakkurni yetarli darajada qadrlaydi, biroq u boshqa narsalarni ham biladi.
Shunday qilib, mazkur kitobxon yoki, to‘g‘rirog‘i, shu guruhga mansub har birimiz ham duch kelgan narsani – roman, grammatika, yo‘l qatnovi jadvali, bosmaxona namunalarini va boshqa har qanday narsani o‘qiyverishimiz mumkin. Fantaziyamiz va assotsiativ qobiliyatimiz munosib darajada bo‘lgan paytda ham biz baribir qog‘ozdagi bitiklarni o‘qimayotgan, lekin shu asnoda o‘qiganlarimizdan bizga yog‘ilib turgan nurafshon yog‘dular, istak, niyat va mayllar oqimida suzayotgan bo‘lamiz. Ular sahifalar, matnlar bag‘ridan, shu bilan birga, bosma harflar terilgan ustunchalarda ham ko‘rinishi mumkin.
Hattoki, gazetada bosilgan e’lon ham yangilik. Eng baxt-omadli, tantanavor fikr mutlaqo jonsiz so‘z zamiridan kelib chiqsa ham ajab emas, negaki, undagi harflarni, xuddi mozaikaga o‘xshab, dam bundoq, dam undoq aylantirib
ko‘raverish ham joiz. Bunday holatlarda hatto Qizil Shapkacha haqidagi ertakni qandaydir kosmogoniya yoki falsafa yoxud go‘zal ishqiy poeziya yanglig‘ mutolaa qilish durust. Allaqanday sigara qutisidagi “Colorado maduro” degan yozuvni shunchaki o‘qib, ushbu so‘zlar, harflar va tovushlar o‘yiniga berilib ketgach, ilm, xotira va tafakkurning barcha yuzta saltanati bo‘ylab, yurakdagi orzuga aylangan olis sayohatga otlanmoq ham mumkin.
Biroq shu o‘rinda – mutolaa ham shunaqa bo‘ladimi? – deya meni
yozg‘irishlari tabiiy. Xo‘sh, aytaylik, Gyoteni o‘qiyotib, Gyotening niyat, maqsad, o‘y va fikrlarini uqish, idrok etish va chuqur anglash o‘rniga o‘zini go‘yo qandaydir e’lonni yoki bo‘lmasam, tasodifiy terilgan harflar uyumini tomosha qilayotgandek tutadigan odamni, umuman, kitobxon deb atab
bo‘ladimi? Mutolaaning so‘nggi – uchinchi darajasi deb ataganimiz aslida kitobxonlikning eng past, eng bachkana, eng varvarlarcha turi emasmikin mabodo? Bunday o‘quvchidan Hyolderlin musiqasi, Lenau ehtirosi, Stendal irodasi, Shekspir teranligi qayoqqa ham qochib qutula olarkin? Nimayam derdim, yozg‘irgan kishi haq. Uchinchi toifadagi kitobxon – mutlaqo kitobxon emas. Mazkur guruhda uzoq qolib ketadigan odam oxir-oqibat kitob o‘qishni yig‘ishtirib qo‘yadi. Bunga sabab shuki, uning uchun gilam rasmi, devor,
to‘siq, g‘ovga terilgan toshlar a’lo va mukammal darajada tartib berilgan harflardan tuzilgan eng go‘zal sahifa o‘rnini bemalol bosa oladi. Alifbo harflari bitilgan varaq uning uchun birdan-bir, yagona kitobga aylanishi ham mumkin.
Kitobxonning mutolaadagi shu uch bosqich orasida goh u yon, goh bu yon ko‘chib yurishi tabiiy, bu har qanday kishi bilan har bir sohada sodir bo‘lishi mumkin. Minglab oraliq darajalardan iborat ana shu uch bosqich arxitektura, rassomlik san’ati, zoologiya, tarix kabi sohalarda ham mavjud. Va mana shu uchinchi bosqich ham hammayoqda bor, unda sen hammadan ko‘ra ko‘proq o‘z-o‘zing bilan tenglashasan, biroq u har yerda sendagi o‘quvchini yo‘qotish uchun tahdid qiladi, adabiyotning, san’atning aynishi, dunyo tarixining buzilishi uchun xavf-xatar tug‘diradi. Ammo shunday bo‘lsa ham, sen mana shu bosqichni o‘tamasang, kitob o‘qishda, san’at va ilm o‘rganishda imlo
o‘qiyotgan oddiy maktab o‘quvchisidan farqing qolmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |