yulduzchada tillarang hoshiya.
To`yib nafas ol
Shaffoflik xira tortguncha.
(Dum-dumaloq nafas
yulduz qirrasida titrar).
"Sovuq yulduzchalar qoldig`i"dan erta tongdagi titrab turgan muzday shudring tomchilari tasvirini yoki oppoq qorga tushayotgan quyosh nurlarining jilvalari ifodasini topgan har bir o`quvchi o`zicha haq. "To`yib nafas ol" - qishda nafas olganda og`izdan chiqayotgan iliq havo tashqaridagi sovuq ta’sirida ko`zga ko`rinadi: "Shaffoflik xira tortguncha". Ehtimol, shoir soflik, bokiralikdan bahra olmoqchiligini ifodalayotgandir. She’rda biror mavsumga aniq ishora yo`qliga bois tasvirni musaffo havodan boshqalardan burun to`yib nafas olvolishga chorlov tarzida ham tushunish mumkin. Chunki har bir odam ichiga yutgan kislorod (shaffoflik)ni karbonat angidrid (xira) qilib chiqaradi, havoni buzadi. Buni ezgulik qabohatga aylanmasdan oddin uni qabul qil deb tushunish ham mumkin.
Bahrom Ro`zimuhammad she’rlarida, ko`pincha, o`zini tamomila mahv etishga, o`quvchiga nima istayotganligini aytish u yoqda tursin, aksincha, chalg`itib, niyatini undan yashirishga urinish hollari ko`zga tashlanadi:
It hangramas, ko`kka qarab uvlamas eshak -
tovushim parvozdagi qiyofamdir.
Shoirning ushbu "Parvozdagi qiyofa" she’rini anglash yengil kechmaydi. Ayniqsa, yuqoridagi misralar o`quvchini hayratlantiradi. Nega endi it hangrashi, eshak uvlashi kerak? Mantiqqa zid-ku bu! She’rni takror-takror o`qib, shundayam "tovushim parvozdagi qiyofam" ochqich jumlasi yordamidagina u haqdagi fikrga bir qadar oydinlik kiritish mumkin. Tovush - faoliyat. Faoliyat - parvoz. Chunki u insonga asl mohiyatini ko`rsatish imkonini beradi. Shu ma’noda, tovushda har bir jonzotning asli bilinadi. Chigirtka chirillashi qurbaqa qurillashidan, bulbul xonishi bedana sayrog`idan farq qiladi. Shu kabi it ham hangramaydi (boshqa jonzot qiyofasiga kirmaydi), eshak esa it singari vovullamaydi, eshakligicha qolaveradi. Ya’ni ikkisi ham o`zligicha qoladi. Ularning o`zlikka egaligi, turlanavermasligi parvozdagi qiyofasidir. Shu sababdandir yaxshi ijodkor haqida: "O`z ovoziga ega", – deyiladi. Yoki: g`adir-budir Kun tug`ildi, to`rt tarafda shovqin - arrakashlar shovqini
tasviri nimani anglatadi? She’riyatning fusuni ham asli mantiqsizlik bag`riga mantiqni jo qila olishidadir. Tug`ilgan g`adir-budir kun va arrakashlar shovqini inson umri va uning tug`ilayotgan, o`tayotgan har bir kun hisobiga qisqarib, "arralanib" borishini bildiradi. Bu fikrlar - shaxsiy talqin, xolos. Ehtimol, shoir nazarda tutgan narsa bunga butunlay teskaridir. Balki boshqa o`quvchi she’rning butunlay boshqa qirrasini ko`rar.
Shoiri yo`q she’rlar sermazmun, tagma’noga boy, kishini o`ylanishga, izlanishga majbur etadigan, ohori to`kilmaydigan, sirliligini yo`qotmaydigan matnlardir. Aslida badiiy asar anglanilmagan qirralari bilan go`zal va sirlidir22. Adabiyotning kuchi ham shunda. Bunday joziba muallif ishtirokidan qat’iy nazar ilohiy shavq bilan yaralgan har bir asarda bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |