Mustaqil o‘zlashtirish uchun
Tilshunoslikning o‘rni
Qadimda ko‘plab sharq donishmandlari fanlarni tasniflash bilan shug‘ullanishgan. Xususan, Abu Rayhon Beruniy ham o‘z davridagi fanlarni tasniflashga ayricha yondashgan. Bunda u o‘z davrida fanlarga qanday munosabatda bo‘linganligiga tayangan.
Mutafakkir fanlarni shu tarzda joylashtirganki, unga ko‘ra tartib sodda va tushunarli fanlardan boshlanib, qiyiniga qarab yo‘l olgan. Birinchi fanni o‘zlashtirish uchun boshqa fanni bilish talab qilinmasligi e’tiborga olingan. Ikkinchi fanni o‘zlashtirish uchun, albatta, birinchi fanni o‘zlashtirish shartligi nazarda tutilgan. Uchinchi fanni o‘zlashtirish esa undan oldingi fanni o‘zlashtirish tayangan. Olimning tasnifida birinchi o‘rinni matematikaga bergan. Matematikani o‘zlashtirish uchun boshqa fanni o‘zlashtirish talab qilinmagan. Ikkinchi o‘rinda fizika turgan. Fizikani egallash uchun avval matematikani to‘liq o‘zlashtirish, keyin bu fanga o‘tish zarur bo‘lgan. Shu tariqa, uchinchi o‘rinda kimyoga o‘rin berilib, kimyogar avval matematikani, keyin fizikani mukammal egallashi, so‘ngra kimyoga o‘tishi kerak bo‘lgan. Va keyingi o‘rin biologiyaga berilgan bo‘lib, bunda ham yuqoridagi qonuniyatga tayanilgan. Xullas, ro‘yxatning oxiridan falsafa o‘rin olgan. Demak, haqiqiy faylasuf bo‘lish uchun o‘z davridagi barcha fanlarni to‘liq va mukammal o‘zlashtirish talab qilingan. Axir, bejiz Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy kabi ajdodlarimiz faylasuflar sanalmagan.
Xo‘sh, filologiya fanlari, xususan, tilshunoslikning fanlar tasnifida tutgan o‘rni qanday bo‘lgan degan haqli savol tug‘iladi.
Birinchidan, u zamonlarda tilshunoslik degan alohida fan bo‘lmagan va u falsafaning tarkibida bo‘lgan. Demak, ko‘rinadiki, tilshunoslikka ham tasnifning oxiridan o‘rin berilgan deyish mumkin. Bilasizmi, bu nimadan dalolat beradi? Demak, mantiqan yondashadigan bo‘lsak, tilshunoslikni o‘zlashtirish uchun ham boshqa barcha fanlarni to‘liq o‘zlashtirish shart ekan-da. Ha, shunday. Chunki tilshunos, deylik, lug‘at tuzish bilan shug‘ullanyapti. U har bir so‘zning ma’nosini tushungan holda izohlamas ekan, bu izohni boshqalarning ham tushunishi mahol. Masalan, matematikadagi tangens, sinus, fizikadagi qarshilik kuchi, massa, tezlik, kimyodagi oksidlanish, laktonoidlar kabi terminlarning ma’nosini va mohiyatini tushunmasdan turib qanday izohlash mumkin? Ko‘rinadiki, bobomiz Abu Rayhon Beruniy tasnifi ham qat’iy qonuniyatga, va, obrazli qilib aytganda, achchiq haqiqatga asoslangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |