oltinchidan, “Tomorqa – qo‘shimcha daromad manbai!” shiorini qishloq aholisi orasida keng targ‘ib qilish hamda yer egalarining kundalik faoliyatiga singdirish.
Xususan, ommaviy axborot vositalarida turkum teleko‘rsatuvlar, radio eshittirishlar va bosma matbuotda chiqishlar, dehqonchilik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan konferensiyalar, davra suhbatlari va seminar-treninglar tashkil etiladi. Joylarda esa keng tushuntirish ishlari olib boriladi;
yettinchidan, yer egalarining bilim va tajribalarini oshirish, ularni zarur ma’lumot va axborotlar bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, fermer xo‘jaliklarining mehnat munosabatlarini tashkil etish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash yuzasidan bir qator amaliy choralar ko‘riladi, shu jumladan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari qoshida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida o‘zini o‘zi boshqarish va nazorat qilishning samarali tizimini yaratish maqsadida shu yilning 22-sentabr kuni konferensiya qarori bilan O‘zbekiston fermerlari kengashi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sifatida, joylardagi fermerlar kengashlari fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari sifatida qayta tuzildi. Shu munosabat bilan Farmonda mazkur Kengashning qayta tuzilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ta’kidlash lozimki, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish uchun vakillik va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini o‘rnatish talab etiladi.
Shuning uchun ham Farmonga binoan, fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashlarida, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini har oyda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida muhokama qilib borish tartibi joriy etildi.
Ayni vaqtda, yer maydonlaridan samarasiz foydalangan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekmagan, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga nisbatan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishigacha bo‘lgan qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilishi belgilab qo‘yildi.
Yangi tizimning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida mazkur hujjatda parlament nazoratini o‘rnatishning samarali mexanizmlari belgilandi, ya’ni Oliy Majlis palatalari vakillari sohada amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini doimiy ravishda o‘rgangan holda tegishli amaliy choralarni ko‘radi.
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda 2018-yil 1-oktabrga qadar barcha dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda ularning yagona reyestrini shakllantirish topshirildi.
Mazkur vazifaning sifatli va to‘liq bajarilishini tashkil etish maqsadida Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda shakllantirilgan yagona reyestrning nazorat holatida yuritilishini, undagi ma’lumotlarning haqqoniyligi, to‘liqligi va doimiy ravishda yangilanib borilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Farmonda fermerlik harakatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining 2018-2021-yillarda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi hamda 2022-yilning 1-yanvaridan boshlab ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘ymagan fermer xo‘jaliklari bilan yer ijarasi shartnomalari qonun hujjatlariga muvofiq bekor qilinishi belgilab qo‘yildi.
Ushbu islohotning bosqichma-bosqich, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasiga har yili fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari kesimida hududiy dasturlarning ishlab chiqilishini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlarida tasdiqlanishini ta’minlash, shuningdek hududiy dasturlar asosida ishlab chiqilgan respublika miqyosidagi dasturlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun Oliy Majlis Senatiga kiritish topshirildi.
Farmon bilan Vazirlar Mahkamasiga chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, meva-sabzavotchilik, asalarichilik va qishloq xo‘jaligining boshqa muhim yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish va uning samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va kiritish topshirildi.
Qayd etish joizki, fermer xo‘jaliklarida mehnat munosabatlarini tashkil etish holati bugungi kun talablariga javob bermaydi, ularning faoliyatida yangi agrotexnologiyalardan foydalanishda bir qator muammolar saqlanib qolmoqda. Shu munosabat bilan, hukumat tomonidan qishloq xo‘jaligi samaradorligi va rentabelligini oshirishda, ayniqsa paxta yig‘im-terimini mexanizatsiyalashtirishda bozor infratuzilmalarini, innovatsiyalarni, fan yutuqlari hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek sohada mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Qishloq xo‘jaligida mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan birga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda 2018-2020-yillarda respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatildi.
Dehqonchilik madaniyatini oshirishda munosib hissa qo‘shgan va ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari taqdirlanadigan “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishonlari ta’sis etildi. Ushbu ko‘krak nishonlarining ta’sis etilishi qishloq aholisining mehnatini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farmonda nazarda tutilgan islohotlarni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratish, unda belgilangan vazifa va ustuvor yo‘nalishlarni hayotga tatbiq etish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritish topshirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |