KIRISH
BMI mavzusining dolzarbligi. Bugun mamlakatimizda kechayotgan demokratik o’zgarishlar sharoitida davlat hokimiyati organlarini saylovlar yo’li bilan tashkil etish borasida xalqaro andozalarga mos boy tajriba shakllanib sayqallanib bormoqda. Binobarin, O’zbekistan Respublikasida saylov qonunchiligining vujudga kelishi, rivojlanishi hamda saylov amaliyotini demokratik islohotlarning tarkibiy qismi sifatida baholash mumkin.
Yangi O’zbekistonda saylovga oid qonunlarning tizimlashtirilishi hamda qo’shimcha o’ttizdan ortiq, muhim demokratik qoidalarning kiritilishi asosida qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi mazkur jarayonni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo’lmoqda. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, “Bir saylovchi - bir ovoz” tamoyilini amalga oshirish maqsadida saylovchilarning yagona elektron ro’yxati joriy etildi, siyosiy partiyalarning sog’lom raqobat olib borishi uchun teng shart-sharoitlar yaratildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Xalqimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan rivojlanish yo‘limiz naqadar to‘g‘riligini saylov natijalari yana bir bor tasdiqladi. Bu esa barchamizga yangi kuch, baland ruh va ishonch bag‘ishlaydi”1.
Keyingi yillardagi ochiqlik, insonparvarlikka asoslangan islohotlar saylovlarga tayyorgarlik ko’rish va ularni o’tkazish jarayonida ham yaqqol namoyon bo’lmoqda. Mamlakatimizda o’tkazilayotgan turli darajadagi saylovlar xalqimiz ongi va kayfiyatida ijobiy o’zgarishlar yasadi, bu muhim siyosiy jarayonga munosabatni o’zgartirdi. Fuqarolarning ertangi kunga ishonch hamda ona Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan saylov jarayonlarida ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega.
Darhaqiqat, yangi O’zbekiston sharoitida saylovlar nafaqat demokratiyaning muhim belgisi va ko’rinishi, balki uning zaruriy sharti hamdir. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida: “Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali o’z mamlakati boshqaruvida qatnashish huquqiga egadir. Xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo’lishi kerak: bu iroda yashirin ovoz berish yoki ovoz berish erkinligini taʼminlovchi boshqa shunga teng ahamiyatli ko’rinishlardagi umumiy va teng saylov huquqi asosida ifodalanishi kerak”2, - deb belgilangan.
Shu nuqtai nazardan, insonparvar demokratik jamiyat barpo etish maqsadi sari intilayotgan ekanmiz, uning bosh talabi bo’lgan erkin saylovlarni munosib tashkil qilish muhim vazifalardan biri bo’lib qolaveradi. Chunki saylovlar xalqqa davlat hokimiyatining yagona manbai sifatidagi siyosiy rolini amalga oshirish imkonini beradigan hal qiluvchi jarayondir.
Bu borada, ayniqsa, mamlakat Prezidenti saylovi alohida o’ringa ega. Mazkur saylovning muhim ahamiyati shundaki, uning natijasida davlat rahbari saylanibgina qolmay, balki, jamiyat aʼzolarining xohish-istaklari, kayfiyati, davlat siyosatiga real munosabati aniqlanadi. Bu jarayonda konstitutsiyaviy asosda o’rnatilgan va taraqqiyotning muhim omillaridan hisoblangan fikrlar xilma-xilligi ham yaqqol namoyon bo’ladi.
Shu jihatdan olganda, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishni erkin saylovlarsiz tasavvur etib bo’lmaydi. O’zbekistan Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz hayotidagi g’oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi. Chunki, bu davlat rahbari - Prezidentni saylash bilan bog’liq o’ta masʼuliyatli jarayondir. Zero, mamlakatimiz kelajagi,uning yanada taraqqiy topishi davlat rahbari lavozimiga eng munosib nomzodni saylash hamda bu jarayonda saylovchilar qabul qiladigan qarorga bog’liqdir. O’zbekistan Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko’rish hamda uni demokratik tarzda ochiq va oshkora o’tkazish bilan bog’liq masalalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |