2-bob. Inson huquqlari bo’yicha xalqaro konvensiyalar
Ikkita asosiy xalqaro paktdan tashqari paktlardagi g'oyaning mantiqiy davomi sifatida ta'kidlash mumkin bo'lgan boshqa universal davlatlararo hujjatlar mavjud bo'lib, ularda inson huquqlari va erkinliklari nisbatan aniqroq ko'rib chiqiladi. Bu hujjatlarda ayollarga nisbatan kamsitishni yo'qotish, bola huquqlarini himoya qilish, qiynoqlar va irqiy kamsitishni taqiqlash masalalari ko'rib chiqiladi.
Ular mazmuniga ko'ra inson huquqlari bo'yicha Xalqaro billda bo'lmagan yoki yetarli darajada inobatga olinmagan holatlarni to'ldiradi va aniqlashtiradi. Bu universal hujjatlar qiynoqlar va irqiy kamsitish yoki nisbatan kamroq himoyalangan shaxslar guruhi (ayollar, bolalar, mehnatkash-migrantlar) kabi inson huquqlari buzilishining aniq ko'rinishlari bo'yicha xalqaro huquqiy aktlardir.
Muayyan inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan BMT asosiy xalqaro shartnomalari qatoriga quyidagilar kiradi:
Ayollarga nisbatan barcha ko'rinishdagi kamsitishni yo'q qilish to'g'risidagi
Konvensiya (1979 y.);
Bola huquqlari to'g'risida Konvensiya (1989 y.);
Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq shafqatsiz,
insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiya (1984 y.);
Irqiy kamsitishning barcha turlarini yo'q qilish to'g'risidagi Xalqaro konvensiya (1965 y.):
Mehnatkash-migrantlar va ularning oila a'zolarini himoya qilish to'g'risidagi Xalqaro konvensiya (1990 y.);
Nogironlar huquqlari to'g'risidagi Konvensiya (2006 y.) va boshqalar.
Ikkita Paktga qo'shimcha ravishda to'rtta katta maxsus xalqaro shartnoma ushbu paktlarga amal qilinishini nazorat qilish maqsadida inson huquqlari bo'yicha ekspertlar qo'mitasini tashkil qilishni ko'zda tutadi. Bunday shartnomalarning ishtirokchi-davlatlari tegishli qo'mitalarga shartnomalarning bajarilishi va bunda vujudga kelayotgan muammolar ko'rsatilgan doimiy hisobotlar taqdim etishga rozilik bildiradilar. Qo'mita bu hisobotlarni va o'zi ega bo'lishi mumkin bo'lgan har qanday boshqa ma'lumotlarni ko'rib chiqib, davlatga o'z zimmasiga olgan huquqiy majburiyatlarni bajarishga ko'maklashish maqsadida tavsiyanomalar berishi mumkin. Ushbu konvensiyalarning tafsilotiga qisqacha to'xtalib o'tamiz.
Ayollarga nisbatan barcha ko'rinishdagi kamsitishlarga barham berish to'g'risidagi konvensiya 1974-1979 yillarda BMT turli organlari tomonidan ayollar holati bo'yicha Komissiya rahbarligida tayyorlangan bo'lib, 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan va 1981 yilda kuchga kirgan.
Konvensiyaning 1-moddasida ayollarga nisbatan kamsitish tushunchasiga quyidagicha ta'rif beriladi: bu “ayollarning oilaviy sharoitidan qat'i nazar, erkak va ayollarning teng huquqliligi asosida tan olinishi, qo'llanishi yoki amalga oshirilishini susaytirish yoki yo'qqa chiqarishga qaratilgan jinsiy belgi bo'yicha ko'ra har qanday farqlash, istisno qilish yoki cheklashni anglatadi”.
moddaga muvofiq, ushbu Konvensiya ishtirokchisiga aylangan davlatlar quyidagi majburiyatlarni oladilar:
birinchidan, erkaklar bilan ayollarning teng huquqliligi prinsipini, agarda bu hozirgacha kilinmagan bo'lsa, milliy konstitusiyalar va boshqa tegishli qonunlarga kiritish hamda qonun va boshqa tegishli vositalar yordamida ushbu prinsipning amaliyotga joriy etilishini ta'minlash;
ikkinchidan, xotin-qizlarning har qanday kamsitilishini taqiqlovchi tegishli qonunchilik choralari va boshqa choralarni ko'rish, jumladan zarur bo'lganda jazolarni qo'llash;
uchinchidan, ayollar huquqlariga erkaklar bilan teng asosda yuridik himoya belgilash, tegishli milliy sudlar va davlat muassasalari yordamida xotin-qizlarning har qanday kamsitilishdan samarali himoya qilinishini ta'minlash;
to'rtinchidan, har qanday shaxs, tashkilot yoki korxona tomonidan xotin-qizlarning kamsitilishini bartaraf etish uchun barcha tegishli choralarni ko'rish;
beshinchidan, xotin-qizlarni kamsituvchi mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlar va amaliyotni o'zgartirish yoki bekor qilish uchun barcha tegishli choralarni, shu jumladan qonunchilik choralarini ko'rish;
Konvensiyani amalga oshirilishini nazorat qilish maqsadida ayollarga nisbatan kamsitishlarni barham qilish Qo'mitasi tashkil qilinadi.
Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiya 20 noyabr 1989 yilda qabul qilingan va 2 sentyabr 1990 yilda kuchga kirgan. Uning asosiy maqsadi bola manfaatlarini yuqori himoyasini ta'minlashdan iborat. Konvensiya uni ratifikasiya qilgan davlatlarni bolalar o'z mamlakatlarining ijtimoiy hayotida faol va ijodiy qatnashishlari mumkin bo'lgan sharoitlarni yaratishga chorlaydi.
Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiyaning asosiy tarkibi quyidagilardan iborat: birinchidan, 18 yoshga to'lmagan har qanday shaxs bola hisoblanadi, agar milliy qonunchilik voyaga yetishning yoshroq yoshini nazarda tutmagan bo'lsa;
ikkinchidan, Konvensiya fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarning butun majmuini qamrab oladi va bir huquqning amalga oshirilishi ikkinchi huquqning amalga oshirilishidan ajralmasligini tan oladi;
uchinchidan, o'z intellektual, axloqiy va ruhiy imkoniyatlarini rivojlantirish uchun bolaga zarur erkinlik atrof-muhitning sog'lomliligi va xavfsizligi darajasi, sog'liqni saqlashga imkoniyatlarning mavjudligi va ovqatlanish, kiyim va uy-joyga bog'liqligini Konvensiya ko'rsatib beradi;
to'rtinchidan, Konvensiyaning muhim prinsipi bu kamsitish qilmaslikdir. Bolalar o'z huquqlaridan irqi, terisining rangi, jinsi, tili, kelib chiqishi, mulkiy holati. sog'lig'ining holati va bolaning tug'ilishi, ota-onasi yoki qonuniy vasiylari yoki boshqa har qanday holatlardan qat'iy nazar hyech qanday kamsitishsiz foydalanishlari lozim;
beshinchidan, Konvensiya bolalarni ekspluatasiyaning har qanday ko'rinishidan himoya qilib, milliy ozchilik vakillari va tub xalqlarning bolalari masalasi, shuningdek, giyohvandlik vositalarini suiste'mol qilish va bolalarga g'amxo'rlikning mavjud emasligini ko'rib chiqib, inson huquqlarining huquqiy chegaralarini kengaytiradi;
oltinchidan, Konvensiyada jinoiy faoliyatga jalb qilingan bolalar huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan aniq qoidalar mavjud;
yettinchidan, Konvensiya oila va ota-onaning bolalarga g'amxo'rligi va ularning himoyasidagi muhim rolini, shuningdek, davlatning ota-onalarga o'z majburiyatlarini bajarishda yordamlashish majburiyatini tan oladi.
Ushbu Konvensiyaga amal qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish bola huquqlari bo'yicha Qo'mitaga yuklatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |