Korreksion qism.
1. Salomlashish (“Ismlar” mashqi).
Bolalar doira bo’lib turishadi, doira bo’ylab bir-birlariga to’pni uzatishadi. O’zidan oldingi bolaning ismini aytadi va keyin o’z ismini aytib to’pni o’zidan keyingi bolaga uzatadi. Bolalar o’zlarini turli o’zlari istagan obrazlarda tasvirlashlari mumkin.
2. “Quyoshcha” plastik etyudi.
Olib boruvchi: sizlarning chiroyli ismlaringizni eshitib men quyoshday o’zimni issiq his qilyapman. Hozir hammamiz kichkina quyoshchaga aylanamiz va bir-birimizni isitamiz.
“Men – kichkina quyoshchaman. Men uyg’ondim, men yuzlarimni yuvyapman. Men o’z nurlarimni tarab, asta-sekin xursand holda ko’tarilaman. Men katta to’pman. Menda juda ko’p iliqlik va yorug’lik bor. Men endi katta quyoshchaman. Men hammaga iliqligimni beraman: osmonga, bulutlarga, daryolarga, dalalarga, hayvonlarga, odamlarga, kichkina bolachalarga. Men chuqur issiq nafas olaman. Men ingichka quyosh nuriga aylanib, yerga uchib tushaman keyin mayin yam-yashil barglarga o’tirib olaman, dengiz to’lqinlarida cho’milaman, oppoq dengiz ko’piklarida mazza qilib o’ynayman”.
3. O’yin “Mehribon hayvon”.
Bolalar doira bo’lib qo’llarini ushlab turishadi. Boshqaruvchi ohista, sirli ovozda: “Iltimos, aylanada turing va qo’llaringizni ushlang. Biz katta mehribon hayvonmiz. Keling, uning nafas olishini tinglaylik. Endi birgalikda nafas olamiz! Nafas olganimizda bir qadam oldinga, nafas chiqarganimizda bir qadam orqaga yuramiz. Endi esa keling, nafas olganimizda ikki qadam oldinga, nafas chiqarganimizda ikki qadam orqaga qadam tashlaymiz. Hayvon nafaqat nafas oladi, uning katta mehribon yuragi ham aniq va bir tekis uradi. Yuragimiz uryapti oldinga qadam tashladik, yuragimiz uryapti orqaga qadam tashladik. Hammamiz bu hayvonning nafas olishini va yurak urishini his qilamiz”.
1. Salomlashish (“Xayrli tong” mashqi).
Psixolog: bolalar sizni ko’rganimdan xursandman. Kelinglar, hammamiz bir-birimizga qo’l ko’tarib, baland ovozda “xayrli tong” deb aytamiz!
2. “Ayiqchaga ezgu so’zlarni ayt” o’yini.
Psixolog va bolalar doira shaklida o’tiradilar, tarbiyachining qo’lida koptok bo’ladi. Psixolog va bolalar koptokni bir-birlariga uzatib, odamlarda yaxshi xislatlar bo’lishini esga olishadi. So’ngra tarbiyachi o’yinga o’yinchoq ayiqchani “taklif etadi”. Bolalar unga quyidagicha ezgu so’zlarni aytishadi: “Sen - … (yaxshisan, quvnoqsan, tirishqoqsan)”. So’ngra navbati bilan har bir bola “ayiqchaga aylanadi” (o’yinchoqni qo’lida ushlab turadi), qolgan bolalar ayiqcha rolidagi bolaga ezgu so’zlarni aytadilar.
3. “Chehralar” mashqi.
Bolalarga inson chehrasining mimik ifodalari tasvirlangan rasmlar beriladi. Masalan: quvonch, hayrat, jahldorlik, qo’rqish, uyalish, qovoq uyish. Har bir bolaga rasmlar beriladi va bolaga rasmdagi emotsiyani o’zlarida ifodalab berish so’raladi. Boshqa bolalar o’z o’rtoqlarining yuz qiyofalariga qarab, ularda nima ifodalanayotganligini aytib berishlari kerak.
1. Salomlashish. (“Ismlar-fazilatlar”).
Har bir ishtirokchi guruhdagi boshqa bilan salomlashib, uning ismi birinchi harfi bilan boshlanadigan shaxsning ijobiy xarakter xususiyati, fazilati nomini aytishi lozim, bolalarning so’z boyligi kamligini inobatga olgan holda olib tilak bildirsalar ham mumkin bo’ladi. (Masalan, Mahliyo – mehribon, Chinora – chiroyli ).
2. “Muloyim yurak” mashqi.
Psixolog tarbiyachi va bolalar doira shaklida o’tiradilar, ularning qo’lida yurak ko’rinishidagi yumshoq o’yinchoq bo’ladi. “Yer yuzida toshbag’ir, boshqalarni yaxshi ko’rmaydigan yuraklar bor. Ularning yuraklari toshdek qotib qolgan”, deb psixolog tarbiyachi o’yinni boshlaydi va bolalarga o’zlarining yuraklarini mehribon va muloyim qilishlari kerakligini aytadi. Bolalar o’zlarining muloyim yuraklarini ko’rsatadilar, bir-birlariga ushlab ko’rishga beradilar, ushbu yurakchasi orqali kimlarga mehr-muhabbatini yubormoqchi ekanligini aytadilar. Bular ota-onasi, do’stlari, sevimli buyumlari, yaxshi ko’rgan hayvonlari bo’lishi mumkin.
3. “Onam meni nimaga yaxshi ko’radi?” mashqi.
Bolalar doira bo’lib o’tirishadi. Har bir bola navbat bilan onasi uni nima uchun yaxshi ko’rishini aytadi. Agar biror bolada qiyinchilik yuzaga kelsa psixolog bolalar hamkorligida yordam berishi mumkin. Mashq davomida psixolog jarayonni nazoratda ushlab turishi, bolalarda o’z do’stlariga nisbatan xayrixohlik uyg’ota olishi kerak.
4. Ertak asosida suhbat o’tkazish ( Quyon, tulki va xo’roz ertagi asosida).
Bir bor ekan, bir yoq ekan, bir tulki bilan quyon bo’lgan ekan. Tulkining uychasi – muzdan, quyonniki – daraxtning postlog’idan qurilgan ekan. Bahor kelib, kunlar iligach, tulkining uychasi erib ketibdi. Boshpanasiz qolgan tulki tunashga joy berishni so’rab quyonning oldiga bordi-yu, uning uychasini egallab olib, o’zini haydab yubordi.
Quyoncha yo’lda yig’lab borar ekan, oldidan kuchukcha chiqib qoldi:
– Vov, vov, vov! Hoy quyoncha, nega yig’layapsan?
– Qanday qilib yig’lamay? Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni xaydab yubordi.
– Qo’y, yig’lama, quyoncha! – dedi kuchukcha.
– Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Kuchukcha vovillab dedi:
– Vov,vov,vov! Hoy tulki, qani, buyoqqa chiq-chi!
Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag’dag’a qildi.
– Hozir irg’ib o’rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!
Bu dag’dag’adan qo’rqib ketgan kuchukcha juftakni rostlab qoldi.
Quyoncha yana yo’lda yig’lab borar ekan, oldidan ayiq chiqib qoldi:
– Ha, quyoncha, nima uchun yig’layapsan? – deb so’radi.
– Qanday qilib yig’lamay? – dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni haydab yubordi.
– Qo’y, yig’lama, quyoncha! – yupatdi uni ayiq. – Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Ayiq bor ovozi bilan baqirdi:
– Hoy tulki, qani buyoqqa chiq!
Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag’dag’a qildi.
– Hozir irg’ib o’rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!
Bu dag’dag’adan qo’rqib ketgan ayiq juftakni rostlab qoldi.
Quyoncha yo’lda avvalgidan ham qattiqroq yig’lab borar edi. Oldidan xo’roz chiqib qolibdi.
– Qu-qu-qu-qu-u-uq!- dedi qichqirib. – Hoy, quyoncha, nega yig’layapsan?
– Qanday qilib yig’lamay? – dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni haydab yubordi.
– Ketdik, – dedi xo’roz. – Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
– Yoq, xo’roz, qo’lingdan kelmaydi. Kuchukcha haydamoqchi bo’ldi – haydolmadi, ayiq haydamoqchi bo’ldi – haydolmadi. sen ham haydolmaysan.
– Men hayday olaman!
Ular birgalikda quyonchaning uychasiga kelishdi. Xo’roz etiklari bilan yerni tepib, qanotlarini qoqdi:
Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Xo’rozning qichqirig’ini eshitib, tulki qo’rqib ketdi va ovoz berdi:
– Hozir etigimni kiyib olay…
Xo’roz yana qichqirdi:
– Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Tulki yana ovoz berdi:
– Hozir! Kiyimimni kiyib olay…
Xo’roz uchinchi marta qichqirdi:
Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Tulki lip etib uychadan chiqdi-yu, o’zini o’rmonning ichiga urdi.
Shundan keyin quyoncha yana o’zining daraxt po’stlog’idan qurilgan uychasida tinch-osoyishta yashay boshlabdi.
Ertak qahramonlarining xulqini analiz qilish:
Ertakda sizga kimlar yoqdi? Nima uchun? Qaysilari yoqmadi?
Siz kim bilan do’st bo’lardingiz? Nima uchun?
Ertakda kim mehribon, kim jahldor, kim yaxshi, kim yomon?
Psixolog mana shu kabi savollar asosida bolalarda suhbat olib boradi.
1. Salomlashish.
2. “Bilasanmi, menga senda nima yoqadi?” mashqi.
Ishtirokchilar ikki qator yuzma – yuz bo’lib o’tiradilar va galma – galdan bir – birlariga qarab ijobiy jihatlarni aytadi. Hamma ishtirokchilar aytib bo’lganidan keyin boshlovchi har bir boladan o’ziga nisbatan eshitgan maqtovdan o’zini qanday his qilganini so’rab chiqadi.
3. “Yaxshimi? Yomonmi?” didaktik o’yini.
Psixolog bolalarga xatti-harakatlarni baholashni (yaxshi yoki yomon ekanligi) aytadi. Bolalarga rangli kartochkalar beriladi: yomon ishlarni baholash uchun – qora, yaxshi ishlarni baholash uchun – qizil. Psixolog vaziyatlarni o’qiydi bolalar shunga mos bo’lgan kartochkani ko’tarishlari kerak (bu bilan bolaning axloqiy idrokini tashxis qilinadi). Vaziyatlar:
kitobini yirtdi;
kuchsiz odamni himoya qildi;
do’stini xafa qildi;
keksa kishini uyiga kuzatib qo’ydi;
onasi bilan janjallashdi;
kuchuk bolasini tepdi;
singlisining kiyinishiga yordam berdi;
qush uyasini buzdi.
va boshqalar (bunda psixolog tomonidan oilada, bog’chada, maktabda kuzatiladigan vaziyatlar ham aytilishi mumkin).
4. “Kumush tuyoq” o’yini.
Psixolog: bolalar o’zingizni chiroyli, kuchli, baquvvat, mag’rur boshlari yuqori ko’tarilgan kiyik deb tasavvur qiling. Sizning chap oyog’ingizda kumush tuyoqlariz bor. Tuyoqlaringiz bilan yerga uch marta ursangiz undan kumush tangalar paydo bo’ladi. Ular sehrli va ko’rinmas. Har bir yangi tanga paydo bo’lganda siz yanada mehribon, samimiy, yaxshi bo’lib borasiz. Odamlar sizdan chiqayotgan tangalarni ko’rmasa ham, ular sizning mehringiz, muhabbat va iliqlikni his etishadi. Shundan keyin ular sizga yaqinroq bo’ladilar, sizni judayam judayam yaxshi ko’rishadi.
1. Salomlashish.
2. “G’azab hissi bilan tanishtirish” mashqi.
Bolalarga “jahl-g’azab” va “quvonch-shodlik” holatlari tasvirlangan rasmlar ko’rsatilib, ular taqqoslanadi. Keyin bolalarga savollar beriladi. Qachon xursand bo’lamiz? Qachon xafa bo’lamiz? Odamlar qachon jahl qilishadi? Jahl-g’azabni nimaga o’xshatasiz? Jahl-g’azab qanday rangda bo’lishi mumkin? Shundan keyin psixologning mashqning keyingi qismiga o’tadi. Psixologning “jahl, g’azab, yomon, yovuz” buyrug’i bilan har bir bola o’z yuz ifodasi bilan bularni ifodalab beradi. “Yaxshi, mehribon” buyrug’i bilan ular mehribon, yaxshi bolani ifodalashadi.
3. “Men shamol” mavzusida autorelaksatsiya mashqi.
Psixolog: “ Men shamolman. Men yengil, mayin, issiqman. Men gullar bilan o’ynayman, ularning barglariga asta teginaman. Men yuqoriga ko’tarilib daraxt gulchalariga o’rnashib olaman va bargchalariga sakrab-sakrab o’taman. Men dalalarning toza havosidan nafas olib, mehribon va kuchli bo’laman. Men yengil va katta qanotlarim bilan uzoqlarga uchaman. Men dengiz uzra uchaman, baland tog’largacha ko’tarilaman va baland ovozda qo’shiq aytaman “men shamolman, men chaqqon, kuchli, baxtli, mehribon, yaxshi shamolman”.
4. Jismoniy o’yin “Ket, yovuzlik, ket, jahl”.
Bolalar gilamchada aylana shaklida yotishadi. Ularning orasiga yostiqchalar qo’yiladi. Bolalar ko’zlarini yumib, oyoqlari bilan yerga, qo’llari bilan yostiqqa urib, “ket, yovuzlik, ket, jahl” deb aytadilar. O’yin 3 daqiqa davom etadi. Keyin osmonga qarab jim yotib, musiqa tinglaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |