Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimizda iqtisodiyotning mustahkam tayanchi, aholi bandligi va farovonligining muhim omiliga aylandi. Sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2000-yildagi 31 foizdan bugungi kunda 56 foizga yetgani, ish bilan band aholining 77 foizi ushbu sohada mehnat qilayotgani buning isbotidir.
Bu Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor, tadbirkorlarga barcha sharoit va imkoniyatlar ta’minlab berilayotgani natijasidir. Davlatimiz rahbarining shu yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Unda xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi o‘rni va rolini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi mavjud to‘siq va cheklovlarni tugatish, xususiy mulkning yalpi ichki mahsulotda, jumladan, xorij sarmoyasi ishtirokidagi ulushini izchil oshirish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit va rag‘bat yaratish ko‘zda tutilgan.
Mazkur farmon ijrosini ta’minlash borasida tegishli idoralar hamkorligida zarur ishlar olib borilmoqda. Jumladan, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflar tayyorlanayotir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi. Parlament quyi palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda Bosh prokuratura, Oliy xo‘jalik sudi, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi mutasaddilari, huquqshunos olimlar, tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi D.Abduqodirov, O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri M.Ikromov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida xususiy mulk huquqi ustuvorligi izchil ta’minlanayotgani tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Zamon talabidan kelib chiqib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bo‘yicha ishonchli huquqiy kafolatlar yanada mustahkamlanmoqda.
Bu borada Adliya vazirligi va uning joylardagi boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlarini ta’minlash sohasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatini yuritish sharoitlarini tubdan yaxshilash bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanmoqda. Xususan, 78 huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan va 30 idoraviy me’yoriy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ishlamayotgan va zarar ko‘rib ishlayotgan 395 tadbirkorlik subyektining faoliyati tiklanishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan. Natijada ushbu subyektlarda 1,3 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgan.
Tadbirkorlar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni aniqlash va uni bartaraf etish maqsadida Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobiga qayd etishning elektron tizimi joriy etilmoqda. 2015-yilning birinchi choragida nazorat qiluvchi organlar tomonidan yuzga yaqin tadbirkorning faoliyati noqonuniy tekshirilgani aniqlangan. Qonunbuzilishi holatlari yuzasidan adliya organlari tomonidan kiritilgan ta’sir choralariga asosan 36 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Noqonuniy qabul kilingan 23 qaror bekor qilingan. Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida qator mansabdor shaxslar intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Sudlarga tadbirkorlar manfaatlarini ko‘zlab 533, shuningdek, fermerlarni himoya qilib 2 mingdan ortiq da’vo ariza kiritilgan.
Anjumanda tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish hamda tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi qonunchilik mexanizmlarini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti anjumanlar zalida bugun, 28-may kuni «O‘zbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi: makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyada xorijiy mamlakatlarning taniqli iqtisodchi olimlari, xususan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston fanlar akademiyasining akademiklari, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Indoneziyadan kelgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari va iqtisodchi olimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va xorijiy kompaniyalar vakillari hamda O‘zbekistondan O‘zFA akademiklari, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, amaliyotchi mutaxassislar hamda nufuzli oliy ta’lim muassasalarining rektorlari va o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Konferensiyada Harakatlar strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi – «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish» bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar haqidagi ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzachilar mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, qat’iy pul-kredit siyosatini yuritish, milliy valyuta va ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash, soliq-budjet islohotlarini olib borishga asosiy e’tibor qaratilganiga alohida to‘xtaldilar.
Anjumanda 2017-yilda so‘mning erkin ayirboshlanishi ta’minlanganligi qayd etilgani holda, tashqi savdoni liberallashtirish va samarador bozor iqtisodiyotini yaratish maqsadida boj stavkalari ikki barobar pasaytirilishi natijasida iqtisodiy o‘sishning ta’minlanishi bilan bog‘liq prognozlar konferensiya ishtirokchilariga yetkazildi.
Ma’lumki, o‘tgan yilning o‘zida Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, alohida tuman va shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha qirqdan ortiq dastur qabul qilindi, har bir tuman uchun 2077 ta yirik loyiha tasdiqlandi. Shuningdek, 11 ta iqtisodiy zona tashkil etildi va umumiy qiymati 419,5 mln. dollarlik 108 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
O‘tgan yili qulay investitsion muhit va tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi.
Birinchidan, hamkor mamlakatlar va xalqaro moliya institutlari bilan munosabatlardagi yondashuv o‘zgartirildi. Oliy darajadagi tashriflar chog‘ida Xitoy bilan 23 mlrd. dollar, Rossiya bilan 16 mlrd. dollar, Janubiy Koreya bilan 10 mlrd. dollar, Turkiya bilan 3,5 mlrd. dollar, Qozog‘iston bilan 2,2 mlrd. dollar, Qirg‘iziston bilan 455 mln. dollar miqdorida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar imzolandi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan to‘laqonli munosabatlar tiklandi, bank kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka 190 mln. AQSh dollari miqdorida kredit ajratdi. Turli yo‘nalishlarda 20 dan ortiq loyiha ishlab chiqildi. Yevropa investitsiya banki, Fransiya rivojlanish agentligi bilan hamkorlik o‘rnatildi. O‘zbekiston yangi tuzilgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining teng huquqli a’zosiga aylandi.
Ikkinchidan, tashqi savdodagi barcha sun’iy to‘siqlar olib tashlandi. Xususan, oldindan to‘lovsiz va kafolat majburiyatisiz eksport qilish tartibi joriy etildi. Ortiqcha va eskirgan ruxsat beruvchi talablar bekor qilindi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish mexanizmlari soddalashtirildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 2017-yilda 26 mlrd. 907 mln. AQSh dollarini, jumladan eksport 13 mlrd. 893 mln. 600 ming AQSh dollarini, import 13 mlrd. 13 mln. 400 ming AQSh dollarini tashkil etdi.
Yalpi majlisda bir qator masala va muammolar muhokama qilindi, jumladan, global iqtisodiyotda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tendensiya va hodisalar, ularning milliy iqtisodiyotga ta’siri; inson kapitali: uni oshirish yo‘llari va hisoblashning xalqaro usullari; mintaqalarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish; qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish; valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar; tashqi savdoni erkinlashtirish va samarali bozor iqtisodiyotini yaratish maqsadida xalqaro andozalarga mos ravishda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat; davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirish, iqtisodiyotda xususiy sektorning ahamiyatini oshirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Konferensiyaning birinchi bosqichi, yalpi majlisi yakunlandi. 29-may kuni konferensiya Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Bank-moliya akademiyasi, Xalqaro Vestminster universitetida davom ettiriladi.
Iqtisodiy barqarorlik – ustuvor vazifa
Mamlakatimizda iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, sohada tarkibiy tub o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent islom universitetida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorlikda «Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish: ustuvor yo‘nalishlar, muammolar va istiqbollar» mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda qator vazirlik va idoralar vakillari, iqtisodchi olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari va oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.
Anjumanda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda qulay investitsiya muhitini yaratish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, korxonalar raqobatbardoshligini oshirish yuzasidan olib borilgan ishlar va Inqirozga qarshi choralar dasturining maqsadli yo‘naltirilganligi mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida iqtisodiyotimiz va uning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish borasida barqaror yuqori o‘sish sur’atlariga erishilayotgani qayd etilgan.
Anjumanda 2014-yilda iqtisodiyot va uning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish borasida barqaror yuqori o‘sish sur’atlariga erishilgani ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini takomillashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, innovatsion faoliyatni rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish zarurati tobora ortib borayotir. Bu jihatlar iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishning eng muhim manbai va omili hisoblanadi. Ushbu sohalar yalpi ichki mahsulotni ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash, farovonligini oshirishda yetakchi o‘rin tutishi bilan ahamiyatlidir.
Anjumanda globallashuv sharoitida milliy iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishi, kapitallar harakatini erkinlashtirishning iqtisodiy o‘sishga ta’siri, tashqi savdo va investitsion faollikning mintaqaviy xususiyatlari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |