To‘rtinchi yo‘l: Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi erkin savdo hamkorligiga e'tibor qaratish.
Bu masala hali ham to‘liqligicha amalga oshmay kelayotgan, ammo mintaqa davlatlari uchun muhim bo‘lgan masala hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi iqtisodiy integratsiyalashuv qanday natijalarga olib kelishi milliy va chet ellik olimlarimiz tomonidan ko‘p va xo‘b tadqiq qilingan.
Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach O‘zbekistonning o‘zini-o‘zi yakkalashtirish siyosati deyarli barham topdi va davlatimiz qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonchga asoslangan konstruktiv diplomatiyani yuritmoqda. Bu yo‘ldagi eng birinchi va muhim qadam — O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining norasmiy maslahatlashuv kengashi. Bundan tashqari, 2019 mart oyida ilk bor Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Forum maqsadi o‘zaro savdo va turizmni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Rasmiy Toshkent Markaziy Osiyo mintaqasida ham o‘ziga xos integratsiya jarayonini faol qo‘llab-quvvatlamoqda va bu tashabbus nafaqat mintaqa rahbarlari, balki Yevropa ittifoqi kabi uzoq, ammo muhim hamkorlar tomonidan ham ijobiy kutib olinmoqda. Faqat bunday integratsiyaning muvaffaqiyatli amalga oshishi yo‘lida uch narsa talab etiladi: Rossiya manfaatlari bilan to‘qnashuvdan qochish, umumiy energetika hamkorligi yo‘lida o‘z bozorini ochish, fidokorlik ruhidagi diplomatiya. Buning uchun esa O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan boshlangan yangi loyihalar — 2019 yilda ikkinchi bor o‘tkazilishi lozim bo‘lgan, ammo noma'lum sabablarga ko‘ra kechga surilayotgan Markaziy Osiyo rahbarlarining norasmiy maslahatlashuv kengashi yig‘ilishini o‘tkazish, bu tadbirning jiddiy tadbir ekanligini mintaqa davlatlariga ko‘rsatishi kerak. Bunga 2019 yil ilk bor Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy forumi ham kiradi. Bunda davomiylik muhim.
Avvalo, O‘zbekiston Yevropa ittifoqi va JST bilan muzokaralarni jadallashtirishi lozim. JSTga a'zolikning bozorimiz va sanoatimizga qanday ta'sir qilishini tadqiq qilish, keyin, lozim bo‘lsa, YeOIIga a'zolik masalasini ko‘tarish kerak deb o‘ylayman.
Ba'zi iqtisodchilarning fikricha, O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lganidan keyin YeOIIga kirishiga hojat qolmaydi. Zero, JSTga kirish uchun pasaytiriladigan tariflar Rossiya tariflarini o‘lchov qilib olgan YeOII tariflaridan albatta past bo‘ladi. JSTdan keyin YeOIIga kirish esa yana tariflar oshirilishini bildiradi. Shu sabab YeOII mamlakatlari, ayniqsa tashqi savdo aloqalarimizda muhim rol o‘ynovchi Rossiya va Qozog‘iston kabi shimoliy qo‘shnilar bilan ikki tomonlama aloqalarni kuchaytirish yurtimiz uchun eng optimal variant bo‘lib ko‘rinyapti.
Modomiki O‘zbekiston YeOIIga kiradigan bo‘lsa, tashqi savdo siyosatimizda katta o‘zgarish yuz berishini, ham ichki, ham tashqi ishlab chiqaruvchilarga ta'sir etishini hisobga olib, Tashqi savdo va investitsiya vazirligi tadbirkorlarga va umuman, aholiga YeOIIga kirishning ijobiy va salbiy tomonlari haqida yetarlicha ma'lumot berishi, mavzu soha mutaxassislari o‘rtasida bahs etilishini ta'minlashi zarur bo‘ladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston tashqi savdo aloqalari qaysi trayektoriya bo‘yicha rivojlanadi, degan savolga imkon qadar tezroq aniq javob berish kerak bo‘ladi. Shubha yo‘qki, hukumatimizdan bunday aniq signalni ishlab chiqaruvchilar va investorlar kutmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |