2.1.. Tashqi qiyofani shakllantirishda kiyimning ahamiyati.
Bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, dunyo mamlakatlarining aksariyat nufuzli biznes korxonalarida korxona yoki firma belgisi (emblema) solingan maxsus ish kiyimida biznesmenlar o‘z faoliyatini olib borishadi. Bunday korxonalarda ish kostyumi materiali, bichimi, rangi oldindan korxonani tashkil qilishda tasdiqlangan bo‘ladi. Bunday korxonalarda biznes xodimlarining boshqa rangdagi, bichimdagi yoki turdagi ish kiyimlarini kiyib faoliyat ko‘rsatish taqiqilanadi. Biznesmenlarning ish kiyimlaridantashqari ularning tashqi qiyofasiga (erkak biznesmenlar soqol- mo‘lovlarining olinishiga, ayollar makiyajiga va prichyoskasiga) hamda korxonada bir-birlari va xizmat iste’molchilari bilan muloqotga tushish, o‘zini tutish va hatti-harakat qilishga ham maxsus etik talablar ham qo‘yiladi.
Qolgan biznes korxonalarida hohlagan rangli va bichimli ish kiyimlarida ishga kelib faoliyat ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunday biznes korxonalarda biznesmenlar, ayniqsa erkak biznesmenlar, oldida kiyim tanlash masalasi qat’iy turadi.
Esdan chiqmaslik kerakki, bunday hollarda biznesmen kiyimni bugungi kun moda talablariga ko‘ra tanlashlari kerak emas, balki o‘zining yuz-tuzilishiga, yuzining rangiga, qaddi-qomatiga qarab tanlashlari lozim.
Bundan kiyim tanlashga qo‘yiladigan birinchi talab kelib chiqadi: kiyim o‘zining bichilishi va tikilishi bo‘yicha biznesmenning qaddi-qomatiga kelishgan, kiyim rangi biznesmen yuzi va sochlarining rangi bilan uyg‘unlashgan, yuz-tuzilishining kamchiligini yopadigan bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham biznesmenlarning ish kiyimlari ularning yuz-tuzilishiga, yuzi va sochlarining rangiga qarab tanlanishi shart. Eng yaxshisi, shu masala bo‘yicha maxsus bilim va tajribalarga ega bo‘lgan imijmeykerlar xizmatidan foydalanish lozim. Lekin amalda ular xizmatidan doimo foydalanish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin.
Shuning uchun quyida kiyim tanlash bo‘yicha ma’lum bir tavsiyalar beriladi, biznesmenlar ulardan foydalanishlari mumkin. Oq yuzli kishilar uchun qizil rang yaxshi ketadi va yuzning tabiiy rangini yana ham bo‘rtiribroq ko‘rsatadi. Lekin, hech qachon ish kiyimi bo‘lgan kostyum rangi qizil bo‘lmasligi kerak. Kostyum bilan qizil ko‘ylak kiyilishi kifoya. Lekin oq yuzli biznesmenlar sariq rangli kostyumni tanlashda yana shuni hisobga olishlari kerakki, uning sariq rangi biznesmen yuziga binafsha tus beradi. Sarg‘ish (oq-sariq) sochli biznesmenlar ko‘kimtir tusli, qorachadan kelgan (qora sochli) biznesmenlarga sariqtob materialdan tikilgan, yuzi qiziltob kishilar uchun esa oq rangli (ya’ni ko‘ylak yoki kostyum rangi ochiq yoki oq) kostyumlar yaxshi ketadi. Kiyim tanlashga qo‘yiladigan ikkinchi asosiy talab – bu biznesmenlar, ularning jinsidan qat’iy nazar, kiyimi ish paytida g‘ijimlanmaydigan bo‘lishi shart. Shu sababli ham kostyumni tanlashda uning rangidan, bichilishidan va tikilishidan tashqari, uni g‘ijimlab ko‘rish lozim. Agar kostyum, rangi, bichilishi va tikilishidan tashqari, g‘ijimlanmaydigan bo‘lsa, bunday kostyumni xarid qilish mumkin. Biznesmen kostyumi uchun jundan va gabardindan to‘qilgan gazlama ishlatiladi. Chunki, ulardan tikilgan kostyum yuqorida ko‘rsatilgan talabga to‘liq javob beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |