Kartografiyaning ta’rifi, geografik kartalar, ularning xususiyatlari va ahamiyati.
Kartografiya - tabiat va jamiyatdagi voqea va hodisalarning tarqalishini, ularning birgalikda o’zaro bog’liqligini, ularni vaqt utishi bilan o’zgarishini kartografik tasvir obrazli belgi-modellar vositasi bilan tasvirlashni va tadqiqot qilishni o’rgatuvchi fandir. Kartografiya fani qadimiy fanlardan biri bo’lib, dastlabki bu fan to’g’risidagi ta’rifni (kartografiya terminisiz) eramizdan II asr ilgari yashagan ulug’ olim Klavdiya Ptolomey tomonidan berilgan desa bo’ladi. Geografiya fanining vazifasi Yer yuzasini kartografik jihatdan tasvirlashdan iboratdir degan edi.
Vaqt o’tishi bilan kartografiyaning ta’rifi ham o’zgarib takomillasha bordi va natijada yaqin vaqtlargacha kartografiya – geografik kartalar to’g’risidagi fan deb, uning asosiy vazifasi geografik kartalarni tuzish va undan foydalanish yo’llarini o’rgatishdan iborat deb kelingan. Karta termini grekcha “chartes” so’zidan olinib, xat yozish uchun ishlatiladigan papirus qog’ozining bir varag’i degan ma’noni anglatadi.
Ba’zi manbalarda karta – Yer yuzasini tekislikdagi kichraytirilgan tasviri deb yuritilib kelingan. Lekin bu ta’rif hozirgi vaqtdagi karta tushunchasiga to’g’ri kelmay qoldi. Chunki bu ta’rif bo’yicha fotosuratlarni ham, rassomlarning joyni tasvirlab chizgan rasmini ham karta deb tushunish mumkin. Undan tashqari, bu ta’rif kartaning oldiga kuygan vazifasini ham chegaralab kuyadi. Hozirgi vaqtda nashr qilingan kartalarda tabiiy va sotsial – iqtisodiy elementlar har xil mazmunda tasvirlanmoqda (masalan, havoning harorati va bosimi, yog’in-sochin miqdori, shamollar, aholining milliy tarkibi, zichligi, sanoat turlari va xakazolar).
Geografik kartalar maxsus matematik yo’l bilan hisoblash natijasida yer ellipsoidini tekislikka tasvirlash natijasida vujudga keladi. Yuqorida aytganimizdek, kartalarda tasvirlangan voqea va hodisalar, fotosuratlarga yoki rassomlarning ishlagan rasmlariga o’xshab tasvirlanmasdan maxsus obrazli – belgilar yordamida tasvirlanib, undan tasvirlanilayotgan voqea va hodisalarning miqdorini, sifatini, joylashgan o’rnini va boshqa ko’rsatkichlarini aniqlash mumkin. Undan tashqari kartalar fotosuratdagidek Yer yuzasidagi hamma tafsilotlar ko’rsatilmasdan uning maqsadiga, masshtabiga va ishlatilishiga qarab saralanib va umumlashtirib olinadi, ya’ni generalizatsiya qilingan holda tasvirlanadi. Shunday qilib geografik kartaga quyidagicha ta’rif berish mumkin. Geografik karta deb - matematik yo’l bilan tuzilgan, obrazli – belgilar vositasida Yer yuzasining tekislikdagi umumlashtirilgan tasviri bo’lib, tabiat va jamiyatda bo’ladigan har xil voqea va hodisalarni tarqalishini, holatini va bir biriga bog’liqligini ko’rsatuvchi, hamda maqsadga muvofiq, qilib tuzilgan tasviriga aytiladi.
Geografik kartalar faqatgina geografiya fanini o’rganishdagina foydalanilmasdan, kishilarning kundalik hayoti va faoliyatida ham kartaning ahamiyati nihoyatda katta. Birorta ilmiy asar yoki darslik Yer yuzasidagi bo’layotgan voqea va hodisalarning hududiy tafsilotlarini kartadek mufassal tasvirlab berolmaydi. Karta faqat «qayerda nima bor» ekanligini ko’rsatib qolmasdan, «qancha bor» va undan qanday foydalanish mumkinligini ko’rsatib berish imkoniyatiga ega. Karta yordamida voqea va hodisalarni rivojlanish qonuniyatlarini o’rganib, oldindan aytib berish (prognoz) va baxolash imkoniyatiga ham ega.
Karta okean va dengizda suzishda, havoda uchushda, quruqlikda, turistik sayoxatlarda, harbiy sohada asosiy yo’l ko’rsatgich bo’lib hisoblanadi. Sanoat, transport, irrigatsiya, melioratsiya va boshqa ko’rilishlarni, loyihalash kartasiz bo’lmaydi. Kartaning qishloq xo’jaligidagi roli oshib bormoqda. Masalan, yer tuzish ishlarida, yangi yerlarni o’zlashtirishda, tuproq kartalarini tuzishda va umuman yerdan foydalanish ishlarida va kadastrlash xakazolar. Mamlakatimiz tabiiy resurslarini o’rganib, undan oqilona foydalanishda kartaning roli kattadir. Hech bir geologik qidiruv ishlari kartasiz olib boriilmaydi. Karta xalq xo’jaligini rejalashtirishda (ayniqsa oldindan rejalashtirishda), mamlakatimiz ishlab chiqarish kuchlarini to’g’ri joylashtirishda va hududlarni kompleks rivojlantirishda asosiy manbalardan biri hisoblanadi.
Nihoyat geografik karta maktabda o’quvchilarga geografiyani va tarixni o’rgatishda asosiy mustaqil ko’rgazmali bilim manbaidir.
Kartografiya fani juda ham ko’p fanlar bilan uzviy boglangandir. Kartografiya fanining geografiya bilan bog’liqligi haqida mashxur geograf L.I.Anuchin shunday degan edi: «Mamlakatni geografik jihatdan qay darajada o’rganilganligi, shu hudud bo’yicha tuzilgan mazmunli kartalarning borligi bilan o’lchanadi». Kartografiya geografiya fanining hamma sohalari bilan bog’liqdir. Masalan, geomorfologiya, iqlimshunoslik, landshaftshunoslik va x.k.lar.
Kartografiya – geodeziya va topografiya bilan uzviy bog’liqdir. Chunki mayda masshtabli geografik kartalarning asosi topografik kartalardir. Kartaning asosi geodezik yo’llar bilan aniqlanadi. Matematikasiz kartografiyani tasavvur qilib bo’lmaydi. Hamma kartografik proeksiyalar matematik yo’l bilan tuziladi. Xatto matematik kartografiya fani ham mavjud. Kartografiya boshqa fanlar bilan ham uzviy bog’liqdir.
Kartografiya fani bir qancha qismlarga bo‘lib o‘rganiladi: kartashunoslik – kartografik nazariyani va uning taraqqiyot (tarixini, xususiyatlarini, xillarini va kartadan foydalanish usullarini o‘rgatadi.
Matematik kartografiya – geografik kartalar tuzishda ishlatiladigan kartografik proeksiyalarini, ya’ni yer ellipsoidini tekislikda (qog’ozda tasvirlash usullarini o‘rgatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |