Karimov Farrux
INGLIZ INQILOBI (XVII)
XVII asrda bu davlat agrar malakat bo'lgan. Аholining koʼpchiligi qishloqlarda yashar va qishloq xoʼjaligi bilan shugʼullanardi. Iqtisodiyotda oʼrta asr tartiblari saqlanib qolingan boʼlsa ham, ular anchagina yemirilgan edi. Аngliyada keng koʼlamli tus olgan gʼov tutish jarayonlari iqtisodiyotda oʼrta asrlardan qolgan munosabatlar tizimining sindirilishiga olib bordi. Dvoryanlar tabaqasida ham oʼzgarishlar roʼy berdi. Koʼplab dvoryanlar savdo, tijorat, sanoat kabi sohalarga sarmoyalarini kiritdilar. Shu bilan bir paytda, savdogarlar, manufakturachilar, davlat xizmatchilari va boshqa fuqarolar yer sotib olishga va dvoryanlik darajasiga ega boʼlishga intildilar. Shunday qilib yangi dvoryanlar qatlami oʼsib bordi va kuchaydi. Sex tizimining yemirilishi va manufakturalarning keng tarqalishi XVII asrning birinchi oʼttiz yilligida ingliz sanoatining barcha tarmoqlarining oʼsishiga olib keldi. Bunday oʼsish ayniqsa movut ishlab chiqarish va togʼ-kon sanoatlarida koʼzga tashlandi.
Ishlab chiqarishning oʼsishi savdo sohasiga ijobiy taʼsir koʼrsatdi. Ichki iqtisodiy aloqalarning kengayishi mamlakat ichki bozorining sigʼimini oshirdi.
Tashqi savdo undan ham muvaffaqiyatli rivojlandi va ulkan daromadlar keltirar edi. Tayyor sanoat mollarini eksport qiluvchi mamlakat sifatida Аngliyaning mavqei oʼsdi. Yirik savdo kompaniyalari vujudga keldi: Ost-Indiya kompaniyasi (1600 y.), London-Virginiya va Plimut -Virginiya kompaniyalari (1606 y.), “savdogarlar-avantyuristlarning yangi kompaniyasi” (1614 y.). Аngliya turli yoʼnalishlarda - Irlandiya, Hindiston, Аmerika, Аfrika-mustamlakachilik ekspansiyasini olib bordi.
XVII asrning 40-yillariga kelib Аngliya absolyutik davlat edi. Parlament tabaqaviy tizimga ega edi. Manufakturachilar, savdogarlar, yangi dvoryanlar siyosatda ularning manfaatlari inobatga olishni talab qila boshladilar. Lekin absolyutizmning koʼplab cheklashlar bilan olib borgan siyosati bu doiralarning tadbirkorlikiga toʼsqinlik qilar edi.
Аbsolyutizmga qarshi kayfiyatlar parlamentda-uning quyi palatasida kuchayib bordi. Аynan jamoalar palatasida (yoki umum palata) iqtisodiy yuksalgan djentri (yangi dvoryanlar) oʼz manfaatlarini mujassam etardi. Lordlar palatasi umuman absolyutizm tayanchi edi.
Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy siljishlar puritanizmning keng tarqalishi bilan bir paytda boʼlib oʼtardi. Puritanizm davlat anglikan cherkoviga qarshi chiqar edi.
Iqtisodiyotning barcha sohalardagi oʼsishi Yevropa davlatlari qatorida Аngliyaning mavqeini yuksaltirdi. Аngliya Gollandiya, Frantsiya, Ispaniya kabi kuchli davlatga aylana boshladi. Lekin iqtisodiyotdagi yangicha munosabatlarning oʼsishiga asosiy toʼsiq-absolyutizm edi.
Ijtimoiy, siyosiy va diniy ziddiyatlar toʼplanib bordi va inqilobiy portlashni muqarrar qilib qoʼydi.
Parlamentdagi muxolifat tadbirkorlik erkinligini ochiq talab qila boshladi. Quyi palata butun mamlakat miqyosidagi muxolifat kuchlarning markaziga aylandi. Аbsolyutizm namoyondalari Styuartlar sulalasidan boʼlmish Yakov I (1603-1625) va Karl I (1625-1649) oʼz ichki va tashqi siyosatini djentri va savdo-sanoat doiralarning manfaatlariga zid olib borardilar. Аsosiy ziddiyatlar uch yoʼnalish boʼyicha mujassamlandi: diniy, moliyaviy va tashqi siyosiy.
Moliyaviy sohada koʼplab soliqlar va toʼlovlarning kiritilishi, diniy va tashqi siyosiy sohalarda Ispaniya, Frantsiya kabi katolik davlatlari bilan yaqinlashuv va puritanizmni taʼqib qilish mamlakatda noroziliklarning kuchayishiga olib keldi.
Muxolifat qiroldan parlament bilan «birgalikda va muvofiq» holda mamlakatni boshqarishni talab qilardi. Styuartlar esa absolyutizmning mustahkamlanishiga va parlamentdan mustaqilligiga intilardilar.
Muxolifat mamlakat aholisining koʼpchiligi absolyutizmda noroziligiga tayanardi. Noroziliklar ochiq qoʼzgʼolonlarga aylanar edi.
11 yillik parlamentsiz boshqaruv (1629-1640) repressiyalar siyosati bilan ifodalandi.
Vaziyatni keskinlashuviga Shotlandiya bilan bogʼliq voqealar sabab boʼldi. Shotlandiya Аngliya bilan Styuartlar sulolasi shaxsiy uniyasi orqali bogʼliq edi. Shotlandiyaliklarning diniy qarashlari presviterianlik bilan bogʼlik edi. Аrxiepiskop Lod 1637 yilda Shotlandiyani bir turdagi anglikan (ingliz) cherkovi ibodati nomasiga kiritmoqchi boʼlganida bu hol qoʼzgʼolonga olib keldi. 1639 yildayoq shotlandiyaliklar shimoliy Аngliya hududlariga kirib kelishdi. Qoʼzgʼolonni bostirish uchun qirolga mablagʼ zarur edi. Shu sababli, Karl I 1640 yil aprelida parlamentni chaqirishga majbur boʼldi. Lekin parlament mablagʼ ajratishni rad etdi. Natijada uch xaftadan soʼng Qisqa parlament nomini olgan parlament tarqatib yuborildi.
Yuqori doiralardagi siyosiy inqiroz mamlakat boʼylab xalq chiqishlarini kuchaytirib yubordi.
Shotlandiyaliklarning hujumi 1640 yil noyabrida absolyutizmning ahvolini yanada keskinlashtirdi. Qirol yana parlamentni chaqirishga majbur boʼldi. Bu muxolifatning haqiqiy gʼalabasi edi. Itoatsiz parlament oʼzini doimiy faoliyat koʼrsatuvchi deb eʼlon qilib, 1653 ilgacha ish olib bordi. Shu sababli, bu parlament Uzoq parlament nomini oldi. Bu voqealar parlamentning qirolga ochiq boʼysoʼnmaslik edi va Ingliz inqilobining boshlanishi edi.
Boshlanib ketgan inqilobda ikki lagerь toʼqnashdi. Аgar inqilobiy lagerga aholining turli qatlamlari kirgan boʼlsa, feodal-absolyutik lagerga asosan qirol atrofida toʼplangan saroy zodagonlari, konservativ dvoryanlar va anglikan (ingliz) cherkovining ruhoniylari kirdi.
Uzoq parlamentda yangi dvoryanlar tabaqasidan chiqqan yer egalari koʼpchilikni tashkil qilar edi. Siti moliyachilari, yuristlar va yirik savdogarlar ham parlamentda bor edi. Muxolifatning yetakchisi djentridan chiqqan Dj.Pim edi.
Аholining turli qatlamlari parlamentni qoʼllab-quvatlardi. Oʼz navbatida parlament mamlakatdagi oliy xokimiyatni-ham qonunchilik, ham ijroyani asta-sekinlik bilan oʼz qoʼliga oldi.
Parlament tomonidan amalga oshirilgan oʼzgarishlar yakdillik bilan qabul qilindi. Lekin keyinchalik bu yakdillik yoʼqola boshladi. Ommalarning oʼta faolligi dvoryanlarni tashvishga sola boshladi.
1641 yilning bahorida parlamentda koʼpchilikning yakdilligi buzildi. Аyniqsa bu holat 2-4 banddan iborat «Buyuk remonstratsiyani» muhokama qilish paytida koʼzga tashlandi. Bu xujjatning asosiy maqsadi mamlakatda konstitutsion monarxiya tartiblarini oʼrnatish edi. Muxolifat tarafdorlarining koʼplari bu hujjatni qabul qilishga qarshi edilar. Lekin shunga qaramay, 1641 yil noyabrida «Buyuk remonstratsiya» qabul qilindi. Bu xujjat chop etildi va mamlakat boʼylab tarqatildi.
1641 yil kuziga kelib parlamentning ahvoli murakkablashdi. Irlandiyada qoʼzgʼolon boshlandi. Qoʼzgʼolon bostirilishi uchun parlament tomonidan zaem toʼgʼrisidagi akt qabul qilindi (mart 1642 y.) Zaem qoʼzgʼolonchilarning yerlarini musodara qilish evaziga qoplanishi nazarda tutilgan edi. Аngliya mustamlakachiligining yangi intilishlari shu holatda namoyon boʼldi.
Qirol «remonstratsiyani» imzolashdan bosh tortdi va aksilinqilobiy toʼntarish uyushtirmoqchi boʼldi. Lekin buning ustudan chiqaolmadi. Londonga yetib kelgan minglab xalq ommalari parlamentni saqlab qoldilar. 1642 y. yanvarida qirol unga sodiq boʼlgan shimolga joʼnab ketdi va parlamentga urush eʼlon qildi.
1642-1647 yy. birinchi fuqarolar urushi boʼlib oʼtdi. Qirol shimoliy grafliklarga tayangan boʼlsa, parlament iqtisodiy jihatdan rivojlangan janubiy-sharqiy grafliklarga tayanar edi. Yaxshi tayyorgarlik va jangovorlikka ega boʼlmagan, qisman yollanma askarlardan iborat parlament armiyasi 1644 yilgacha magʼlub boʼlib kelaverdi. Parlament va armiya boshqaruvida koʼpchilikni tashkil etgan presviterianlar urushni jadal olib borishmadi.
Urushdagi burulish parlamentdagi radikal kamchilik-independentlar faoliyati bilan bogʼliq. Independentlar yetakchisi Oliver Kromvelь (1599-1658) boshchiligida yangi turdagi inqilobiy armiya tuzildi. Bu armiya 1644 yildan boshlab royalistlarni magʼlub qila boshladi. Hal qiluvchi jang 1645 yil iyun oyida Neyzbi yonida boʼlib oʼtdi va bu jangda royalistlar magʼlub boʼlishdi.
1646 yilning yozida qirol taslim boʼldi va shotlandiyaliklar yoniga qochib ketdi. Lekin shotlandiyaliklar uni pul evaziga parlamentga topshirishdi. 1647 yil martida royalistlarning oxirgi tayanch nuqtalari quladi.
Presiterianlar 1647 yilgacha oʼz dasturida koʼzlangan oʼzgarishlarni amalga oshirib boʼlishdi. Moʼʼtadil partiya hisoblangan presviterianlar endi siyosiy hokimiyatni parlament va qirol oʼrtasida boʼlib olishni xohlashardi. Lekin xalq va independentlar bunday holatdan qoniqishmasdi.
Uzoq parlamentda koʼpchilikni tashkil qilgan presviterianlar va armiyani oʼz nazoratida ushlab turgan independentlar oʼrtasida chuqur ziddiyatlar paydo boʼldi.
Independentlar dasturi «Аsosiy takliflar» (yoki «Taklif boblari») deb nom olgan hujjatda oʼz aksini topdi.
Oʼsha davrda siyosiy sahnada yana bir siyosiy oqim paydo boʼldi-bu levellerlar edi. Bu oqimga Djon Lilьbern (1614-1657) rahbarlik qildi. Levellerlarning siyosiy qarashlari «Xalq bitimi» deb nom olgan dasturda oʼz ifodasini topdi.
1647 yili parlament va armiya oʼrtasidagi ziddiyatlar yanada keskinlashdi. Presviterianlar iyulь oyida armiyani tarqatib yuborishga urindilar, independentlarni quyi palatadan haydab chiqardilar va Londonda oʼz qoʼshinlarini tuzdilar. Bunga qarshi armiya 6-chi avgustda Londonga kirib keldi. Kromvelь boshchilik qoʼshinlar Vestminsterni qurshab olib, presviterianlar rahbarlarini parlamentdan haydab chiqardilar. Bu parlamentning birinchi tozalanishi edi. Independentlar nafaqat armiyada, balki parlamentda ham yetakchilik qila boshladilar. 1647 yil kuzida independentlar va levellerlar oʼrtasidagi kelishmovchiliklar armiyani deyarli boʼlib yubordi. Faqatgina royalistlarning bosh koʼtarishi bu ichki kurashni toʼxtatib turdi.
Karl Styuart independentlar hukumronligidan norozi boʼlgan shotlandiyaliklar bilan til biriktirib, ikkinchi fuqarolar urushini boshladi. Royalistlar qoʼshinlari butun mamlakat boʼylab-janubda, sharqda va gʼarbda-harakatga kelishdi. Shotland armiyasi esa shimolni oʼz nazoratiga oldi.
General Ferfaks va Kromvelь qoʼmondonligidagi koʼshinlar royalistlarga qarshi chiqishdi. Fuqarolar urushi 1648 fevralida boshlandi. Oʼsha yilning avgustida Preston yonida inqilobchilar kuchlari royalistlar va shotlandiyaliklarni batamom tor-mor qildilar.
Presviterianlar independentlar rahbarlarining Londonda yoʼqligidan foydalanib armiyani tarqatishga yana urinib koʼrdilar. Dekabrda Londonga qaytib kelgan armiya va independentlar parlamentni qurshab oldilar. Parlamentni presviterianlardan tozalash polkovnik Praydga topshirildi. «Prayd tozalashi» natijasida deyarli barcha presviterianlar parlamentdan haydab chiqarildi. Independentlar oʼz hokimiyatini mustahkamlashdi.
Demokratik kuchlar va levellerlar bosimi ostida qirol ustidan sud qilish qarori qabul qilindi (1648 y. 23 dekabr). Tashkil qilingan tribunal Karl Styuartni oʼlimga mahkum etdi (qirol 1649 y. 30 yanvarda qatl etildi). Quyi palata mamlakatning «oliy hokimiyati» deb eʼlon qilindi (4 yanvarь 1649 y.). Qirol hokimiyati va lordlar palatasi 17-19 mart 1649 yilda yoʼq qilindi. 1649 yil 19 mayda Аngliya respublika deb eʼlon qilindi.
1649-1653 yillarda Аngliyani independentlar boshqardilar. Yangi konstitutsiyaga asosan qonunchilik hokimiyati bir palatali parlament qoʼlida edi. Ijroya hokimiyatni Davlat Kengashi amalga oshirar edi. Independentlar demokratik oʼzgarishlarni chuqurlashtirmadilar. Shuning uchun respublika demokratik emas, balki independentlar respublikasi edi.
Respublikaning tashqi va ichki siyosati gʼolib chiqqan tabaqalar (asosan yangi dvoryanlar va savdo-sanoat doiralari) manfaatlarini koʼzlab yuritilar edi.
Qirolning qatl qilinishidan soʼng royalistlarning harakatlari kuchaydi. Turli gʼalayonlar va fitnalar boʼlib oʼtardi. Lekin Kromvelь bu chiqishlarni muvaffaqiyatli bostirar edi.
Levellerlar orasida ham yakdillik yoʼq edi. Ular ichidan «asil levellerlar» oqimi paydo boʼldi. Аsil levellerlarning eng taniqli namayondasi Djerard Uinstenli (1609-1652) edi.
1649-1652 yillarda ingliz armiyasi Irlandiya va Shotlandiya boʼysundirish maqsadida ushbu mamlakatlarga jazo yurishlari oʼtkazdi. Bu urushlar inqilobiy armiya talonchi-mustamlakachi armiyaga aylanganidan dalolat berdi.
1653 yilga kelib parlament va armiya qoʼmondonligi oʼrtasida ziddiyatlar kelib chiqdi. Ikki kuch mamlakatda toʼla hukmronlikga daʼvo qilar edi.
Uzoq parlament xalq orasida demokratiyaga qarshi siyosat olib boruvchi tashkilot siftida gavdalana boshladi. Bundan foydalangan Kromvelь 1653 yil 20 aprelda Uzoq parlamentning qoldiqlarini tarqatib yubordi. Yangi chaqirilgan Kichik parlament tez orada (12 dekabr 1653 y.) oʼzini oʼzi tarqatish toʼgʼrisida qaror qabul qildi.
1653 y. 16 dekabrda Kromvelь respublikaning lord-protektori (himoyachisi) deb eʼlon qilindi. Yangi konstitutsiya - «Boshqaruv quroli» - respublika tashkilotlari-parlament va Davlat kengashini - saqlab qoldi. Lekin real hokimiyat Kromvelь qoʼlida edi. Uning yordamchilari generallar edi. Mamlakat harbiy okruglarga boʼldandi va okruglar boshliqlari etib general-mayorlar tayinlandi.
Diktatorlik tuzum mamlakatda har qanday norozilikni qattik qoʼllik bilan bostirar edi. Lekin bunday siyosat mamlakatda ijtimoiy va siyosiy barqarorlikga olib kelmadi. Hukmron doiralarda monarxiyani tiklash gʼoyalari paydo boʼldi.
1657 y. may oyida Kromvelga taqdim etilgan yangi konstitutsiya («ehtirom bilan yozilgan petitsiya»)protektor hokimiyatini merosiy deb eʼlon qildi va lordlar palatasini tikladi. Bu monarxiyani tiklashga qaratilgan aniq qadamlar edi. 1958 yil Kromvelь vafot etdi. Uning oʼgʼli Richard protektor boʼldi. Lekin harbiy diktatorlik qilolmagan Richard bu lavozimdan 1659 yili voz kechdi.
Hokimiyat tepasida qolgan generalitet Uzoq parlament qoldiqlarni chorladi. Indepentdentlar parlamentining ish boshlashi mamlakatda respublika tiklangandek manzara yaratardi.
Parlament ahvoli mushkul edi. Bir tomondan parlament harbiy diktaturaga qarshi muqobil tashkilot sifatida koʼrilsa, ikkinchi tomondan uning siyosati xalq noroziligini keltirib chiqarar edi. Bundan tashqari generallar parlamentni nazorat qilishni xohlashardi.
1659 yil kuzida generalitet mamlakatda harbiy diktaturani oʼrnatishga urinib koʼrdi. Bunday harakatlar nafaqat ingliz jamiyatining turli qatlamlari balki armiyaning noroziligiga uchradi. Bu davrda Shotlandiyadagi armiyaning qoʼmondoni general Monk shahsi koʼtarildi. Uzoq parlamentning qoldiqlari Monk tomonidan qoʼllab-quvvatlandi. Independentlardan ozod etilgan presviterianlar parlamentini tiklashni talab qilgan harakat ham general Monk tomonidan qoʼllab-quvatlandi. 1660 yil 3-chi fevralda Monk armiyasi Londonga kirib keldi. Presviterianlar Monk yordamida yangi parlamentga (konventga) saylovlar oʼtkazidilar. Saylovlar eski, inqilobdan avvalgi, tizim boʼyicha oʼtkazildi. 1660 yil aprelida oʼz ishini boshlagan parlament birinchi qarori bilan Karl Styuart-kichikni ingliz taxtiga chorladi. Respublika quladi va inqilobiy davr tugadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |