Joriy yilning 1 yanvaridan e’tiboran mamlakatimizning barcha hududida tadbirkorlik sub’ektlariga “yagona darcha” tamoyili asosida Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari faoliyat boshladi
«Yagona darcha» — keng imkoniyatlar markazi
2016-02-25
Joriy yilning 1 yanvaridan e’tiboran mamlakatimizning barcha hududida tadbirkorlik sub’ektlariga “yagona darcha” tamoyili asosida Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari faoliyat boshladi. Prezidentimizning 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Jizzax viloyatida tashkil etilgan shunday muassasalar ishbilarmonlarga yaqindan ko‘mak berayapti.
Ayni paytda hududdagi 12 tuman va bitta shahar hokimligi huzuridagi “yagona darcha” orqali 16 turda xizmat ko‘rsatilayotir. Gap shundaki, endilikda tadbirkorlarning davlat ro‘yxatidan o‘tish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, er uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tashqi reklamani joylashtirish, turarjoyni noturarjoyga aylantirish kabi masalalari ushbu maskanlarda hal etiladi. Viloyatda bu kabi xizmatlardan foydalanayotgan yuridik shaxslar qariyb 27 ming 100 nafarga etdi. Eng asosiysi, o‘tgan qisqa davrda 1000 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
— Paxtakor tumani hokimligi huzuridagi Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markaziga murojaat etib, tadbirkor bo‘lish orzuim bir zumda amalga oshdi, — deydi “O‘rolov Ahmad” xususiy korxonasi rahbari o‘aybulla Yahyoev. — Sohaga yaratib berilayotgan qulayliklardan minnatdormiz. Ilgari korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun oylar davomida o‘nga yaqin idoralarga murojaat qilib, har biriga ko‘plab hujjatlar taqdim etardik. Endilikda bunday tashvishlardan qutuldik. Ularning barchasi markaz tomonidan avtomatlashtirilgan tizim orqali 30 daqiqa ichida rasmiylashtirilib berilayapti.
Tumandagi “yagona darcha” markazi tajriba (sinov) tariqasida 2015 yilning oktyabrь oyida ochilgan bo‘lib, ushbu davr ichida hududda faoliyat ko‘rsatayotgan 1157 ta tadbirkorlik sub’ektining ishonchli hamkoriga aylandi. Uning rahbari Tursunmurod Qo‘ng‘irovning aytishicha, 90 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, shu yilning boshidan buyon 6 ta korxonaga 16 turdagi davlat xizmati ko‘rsatildi.
Farmonga asosan, bunday markazlar faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish Adliya vazirligiga yuklatilgan. Shundan kelib chiqqan holda, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi.
— Markazlarni tashkil etish bo‘yicha har bir tumanda ishchi guruhi, ularga uslubiy yordam berish va faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo viloyat ishchi guruhi shakllantirilgani ayni muddao bo‘ldi, — deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xodjaqulov. — Pirovardida belgilangan vazifalar to‘liq, sifatli va muddatida ta’minlanib, aholi uchun qulay joyda “yagona darcha” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularga tashrif buyurgan tadbirkorga axborot bo‘limi (Call-center)ning o‘zidayoq davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va muddatlari to‘g‘risida bepul ma’lumot berilayapti.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari yuksak salohiyatli, huquqshunoslik, iqtisod, soliq va moliya sohalarida etarli malakaga ega bo‘lgan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallagan kadrlar bilan ta’minlangani ish samaradorligini oshirmoqda.
— Tumanimizdagi “yagona darcha” markaziga bino va inshootlarga bo‘lgan huquqimni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni so‘rab, murojaat qildim, — deydi “Paxtakoragrometallservis” xususiy korxonasi rahbari Xolmat Xolmurodov. — U belgilangan tartibda qabul qilinib, rasmiylashtirildi va tegishli davlat xizmati ko‘rsatuvchi idoraga yuborildi. Natijasi bo‘yicha, albatta, o‘z vaqtida ma’lumot taqdim etilishi bildirildi. Bundan juda mamnunman. Bu mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy tasdig‘idir.
Tadbirkorlik harakatini rivojlantirish, uning huquqiy himoyasini kuchaytirish yurtimizda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki rivojlangan davlatlar tajribasidan ma’lumki, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik istiqbolisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois respublikamizda mazkur soha vakillarining faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarining tashkil etilishi esa bu boradagi sa’y-harakatlarning uzviy davomidir. Zotan, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sohada uchraydigan sun’iy to‘siqlarni bartaraf qilib, tadbirkorlarning ish boshlashidan tortib faoliyati davomida zarur bo‘ladigan xizmatlarni bir joyda ko‘rsatish, ularga yanada qulaylik yaratishdan iborat.
Yagona darcha» markazi tadbirkorga qanday qulaylik taqdim etadi?
«Yagona darcha» markazlarida tadbirkorlik sub`yektlariga 16 turdagi davlat xizmati ko'rsatilmoqda. Tadbirkorlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, ularning injyenerlik kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi, yer uchastkalariga bo'lgan huquqni davlat ro'yxatidan o'tkazish, tashqi reklamani joylashtirish, turar joyni noturar joyga aylantirish kabi masalalar bir joyda hal bo'ladi.
– Mamlakatimizda 194 “yagona darcha” markazi tashkil etilgan bo'lib, ular aholiga qulay bo'lgan joyda, barcha shart-sharoit yaratilgan holda ish yuritmoqda, – deydi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “yagona darcha” markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'limi boshlig'i No'`mon Muhammadiyev. – Ularda tanlov asosida olingan oliy ma`lumotli mutaxassislar faoliyat ko'rsatayotir. Markazlar barcha huquqiy axborotlar, qo'llanmalar bilan ta`minlangan. O'tgan yilda yuz mingdan ziyod tadbirkorlik sub`yektiga davlat xizmatlari ko'rsatildi.
Adliya vazirligi tomonidan kompyuter tizimi orqali markazlar bilan davlat xizmatlarini ko'rsatuvchi idoralar o'rtasidagi jarayonlar doimiy ravishda monitoring qilib borilgani, buning natijasida ayrim holatlarda davlat xizmatlarini ko'rsatishning belgilangan muddat va tartiblariga rioya etilmayotgani shuni tasdiqlaydi. O'tkazilgan o'rganishlar va monitoringlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan ko'rilgan ta`sir choralari natijasida 729 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 31 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 570 nafar shaxsga sudning qaroriga asosan ma`muriy jazo belgilangan. Bu haqda O'zA yozmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 1 fevraldagi "Tadbirkorlik sub`yektlariga davlat xizmatlarini ko'rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori bilan tuman va shahar hokimliklari huzuridagi “yagona darcha” markazlari O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o'tkazildi. Bu “yagona darcha” markazlarini samarali boshqarish, ularning faoliyatini va boshqa davlat organlari bilan o'zaro hamkorligini tashkil etishga nisbatan tizimli yondashuvni belgilash imkoniyatini beradi.
Banklar va kredit byurolari, ularning filiallari va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik sub`yektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish “yagona darcha” markazlari zimmasiga yuklatiladi. Bunday chora tadbirkorlik sub`yektlarini ro'yxatdan o'tkazish va hisobga qo'yishning mavjud tarqoq tizimi o'rniga yangi, yaxlit tizimni yaratishga qaratilgan.
Tadbirkorlik sub`yektlari o'z faoliyatini boshlashi uchun turli davlat organlariga murojaat etishga majbur bo'lmoqda. Lisenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan zarur darajada foydalanilmayapti. Ko'pchilik davlat xizmatlari, afsuski, hali ham an`anaviy usullarda, qog'oz shaklida ko'rsatilmoqda. Bularga barham berish maqsadida “Lisenziya” axborot tizimlari kompleksi yaratilib, 2017 yilning I choragida ishga tushiriladi.
Mazkur tizimda “yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlari ko'rsatadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat beruvchi hujjatlar va litsenziyalar olish to'g'risidagi arizalarni qabul qilish, tadbirkorlik sub`yektlari uchun qulay shaklda ruxsatnoma va litsenziyalar olish tartibi va muddatlari haqidagi ma`lumotlardan masofadan turib foydalanish mumkin. Tadbirkorlik sub`yektlari tomonidan ruxsatnoma va litsenziyalar olish to'g'risida elektron shaklda ariza berish imkoniyatini yaratgan holda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillari avtomatlashtiriladi.
Tadbirkorlik sub`yektlariga “yagona darcha” markazlari orqali ko'rsatilayotgan davlat xizmatlari bo'yicha qayerda va qay tarzda murojaat qilganidan qat`i nazar, ruxsatnoma va litsenziyalar olish to'g'risidagi arizalarni ko'rib chiqishning borishi va natijasini kuzatish hamda ruxsatnoma va litsenziyalar reyestrlaridan ma`lumot olish imkoniyati yaratiladi. To'xtatib qo'yilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan, shuningdek, amal qilishi tugatilgan ruxsatnoma va litsenziyalar to'g'risidagi ma`lumotlarni “Lisenziya” axborot tizimlari kompleksi doirasida olish imkoniyati yaratiladi. Shu yo'l bilan “yagona darcha” markazlari orqali qog'oz shaklida beriladigan maxsus blankalardagi ruxsatnoma va litsenziyalarni majburiy rasmiylashtirish talabi 2018 yil 1 yanvardan boshlab bekor qilinadi.
Ana shunday ijobiy amaliyotni yanada kengaytirish maqsadida qarorda talab eng yuqori bo'lgan qo'shimcha 86 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni “yagona darcha” markazlari orqali rasmiylashtirish mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilgan. Buning natijasida tadbirkorlik sub`yektlari yuqoridagi litsenziya va ruxsatnomalarni olish uchun boshqa idoralarga bormasdan, ularni aniq muddatlarda beradigan “yagona darcha” markazlariga to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilish imkoniyatiga ega bo'ladi. “Yagona darcha” markazlari barcha zarur kelishish tartib-taomillarini tadbirkorlik sub`yekti ishtirokisiz mustaqil amalga oshiradi.