Genetik axborotning ko`chirilish turlari. Turli xil organizmlarda genetik axborot ko`chirilishining aniqlangan 3 xil usulini keltirish mumkin:
1. Replikatsiya – genetik axborotni bitta klassdagi nuklein kislotalari ichida ko`chirilishi yoki nusxa olish, o`z-o`zidan ikki hissa ko`payish. Bu fundamental jarayon hujayralar bo`linishida nasliy belgilarning avloddan-avlodga o`zgarmay uzatilishidan iborat. Genetik axborotni o`tkazilishi nuklein kislotalarning bir sinfida, ya’ni DNK dan DNK ga yoki ayrim viruslarda RNK dan RNK ga ko`chirish yo`li bilan amalga oshadi.
2. Genetik axborotni har xil klassda nuklein kislotalar o`rtasida – DNK dan RNK ga o`tkazilishiga transkriptsiya yoki ko`chirib yozish deb aytiladi. Transkriptsiyada replikatsiyadan farqi DNK molekulasidagi axborot to`liq o`tkazilmaydi, uning ayrim qismlarigina ko`chiriladi. Transkriptsiya natijasida hamma turdagi asosiy RNK lar: (mRNK, tRNK, rRNK) va minor RNK lar hosil bo`ladi. Demak, DNK sistronlari faqat polipeptid zanjirining strukturasi to`g`risida emas, balki tRNK, rRNK va minor RNK strukturalari to`g`risida ham axborot saqlaydi.
Transkriptsiya jarayonida axborot to`g`ri – DNK dan RNK ga va teskari – RNK dan DNK ga o`tishi mumkin. Teskari transkriptsiya birinchi marotaba onkoviruslarda (o`sma hosil qiladigan RNK li viruslarda) aniqlangan. Virus RNK sining nusxasi xo`jayin-hujayraning DNK sida teskari transkriptsiya yo`li bilan joylashib - shishli transformatsiyaga olib keladi. Teskari transkriptsiya faqat hujayraning shishli transformatsiyasida emas, ularning me’yoriy hayot faoliyatida yoki differentsiyallanish jarayonida ham ahamiyatga ega. Teskari transkriptsiya mRNK dan boshqa barcha turdagi RNK larga ham tegishli.
3. Genetik axborotning har xil sinfdagi makromolekulalar o`rtasida, ya’ni mRNK dan oqsilga o`tkazilishiga translyatsiya yoki tarjima deb aytiladi. Translyatsiyada nuklein kislotalari tilida yozilgan genetik axborot aminokislotalar tartibida yozilgan oqsillar sinteziga ko`chiriladi. Translyatsiya jarayonida faqat mRNK ishtirok etadi, rRNK va tRNK yordamchi vazifasini bajaradi. Translyatsiya faqat to`g`ri yo`nalishda kechadi, ya’ni mRNK dan oqsil sintez bo`ladi va orqaga qaytmaydi.
Hujayrada genetik axborotni ko`chirilishi uzluksiz jarayon, uni quyidagi sxemada ifodalash mumkin:
DNK ↔ DNK ↔ RNK → oqsil
Hozirgi zamon biologiyasining asosiy postulati DNK RNK ni, RNK dan oqsilni hosil bo`lishi. Bunda DNK – axborot xazinasi, u oqsil biosintezida bevosita ishtirok etmaydi. Demak, genlar ta’sirida birlamchi mahsulot sifatida ikki turdagi makromolekulalar hosil bo`ladi. Bular avvalo oqsil, mRNK va uning rRNK, tRNK turlari va ba’zi minor RNK lar.
Genetik axborot ko`chirilishining barcha turlari matritsa (qolip) mexanizmiga asoslangan bo`lib, bu funktsiyani faqatgina nuklein kislotasi bajara oladi. Replikatsiyada DNK ning bir zanjiri (viruslarda RNK), transkriptsiyada – DNK ning bir qismi (to`g`ri transkriptsiya yoki teskari transkriptsiya), translyatsiyada esa – mRNK, qolip bo`lishi mumkin. Qolip hujayradagi genetik axborotning juda aniqlik va tejamkorlik bilan o`tkazilishini ta’minlaydi. Nuklein kislotali qolipdan aniq nusxani olishda nukleotidlarning mos keluvchi azotli asoslarini to`g`ri komplementarligini, ya’ni unga asosan A bilan T (RNK da U bilan) va G bilan S ning juftlashishini shart. Shu sababli har bir yangi polinukleotid zanjirida nukleotidlar qolipga mos tushadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |