36
III-BOB. JIZZAX VILOYATI QADIMGI TURKIY TOPONIMIYASI
3.1.
VILOYAT TOPONIMLARINING AYRIM GRAMMATIK XUSUSIYATLARI
Ilmiy tilda toponimlar deb ataladigan geografik nomlar, ya’ni yer-suv nomlari
muayyan tilda yaratilgan, aniq bir davr mahsuloti va xalqning mulki hisoblanadi.
Har qanday geografik obyektning (daryo, jilg’a, soy, tog’, cho’qqi, mahalla,
qishloq, shahar va hokazo) o’z nomi bor. Geografik nom ham so’z, til orqali
ifodalanadi va til lug’at fondining bir qismi, ammo o’ziga xos va boshqa leksik
qatlamlardan ancha farq qiladigan qismidir. «Bu farq toponimlarning uzoq
yashashida, ularning polikomponentli, ya’ni ko’p tarkibiy qismlardan iborat
bo’lishida, har bir tilning ichki qonuniyatlariga ko’ra, toponimlar yasashda
appelyativlar (turdosh otlar) ishtirok eta olishida o’z aksini topadi.
Geografik nomlar, dastavval, til taraqqiyotining boshlang’ich davrlarida oddiy
turdosh so’zlardan iborat bo’lgan. Kishilar turli obyektlarni oddiygina suv, tog’,
to’qay, ko’l, kent va hokazo deb yuritganlar. Bu turdosh so’zlarning ba’zilari bora-
bora atoqli otga aylangan. Masalan, qadimiy turkiy xalqlar katta daryoni «o’kuz»,
«edil», «jayhun» der ekanlar. Bu so’zlar keyinchalik daryolarga atoqli ot bo’lgan.
Geografik nomning asosiy vazifasi va bosh maqsadi bu yer yuzida ma’lum bir
joyni aniq belgilashdan iborat. Aniq fanlar bu ishni koordinatalar yordamida
amalga oshiradi, ammo bu ishni bajarish uchun yaxshi malaka va tayyorgarlikka
ega bo’lgan mutaxassis kerak. Kundalik hayotda bunday vazifani har kim ham
bajara olmasligi aniq, shuning uchun, odamlar eng oson va qulay yo’lni, ya’ni
o’rab turgan obyektlarni so’z bilan ifodalashni ma’qul ko’rganlar. Bizni o’rab
turgan muhit, xususan geografik muhit joy nomlariga toponimik manba sifatida
xizmat qiladi. «Toponomik manbaga geografik nomlar sifatida har qadamda duch
kelish mumkin, asosiy vazifa bevosita joylarda asl holatida ularni to’plash,
tasniflash lozim».
A.V.Superanskaya bu haqda shunday deb yozgan: «geografik nomlarni
toponimiya so’zi bilan ifodalab, ularni boshqa atoqli otlar bilan masalan,
antroponimiya, etnonimiya, zoonimiya va hokazo bilan (uyqashligini) yaqinligini
37
ta’kidlaymiz. Geografik nomlar bag’oyat hayotchan, uzoq umr ko’radi. Ular
nafaqat o’zlari paydo bo’lgan hududda, balki o’sha tilning tarqalish doirasidan ham
tashqariga chiqib ketishi mumkin. Boshqa tillarga o’zlashib, joyning mahalliy
geografik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ham mazmunan ham talaffuzda
o’zgaradi».
Z.Do’simov fikricha: «toponimlar tarkibidagi barcha qo’shimchalar
to’g’risida ham bir xil fikr aytib bo’lmaydi. O’zbek tilida –iston, -obod, kent (kand,
kat) tipidagi qo’shimchalar borki, ular doimo joy nomlari yasaydi. Shuning uchun
bunday qo’shimchalarni toponim yasovchi affikslar (topoaffikslar) deyish
o’rinlidir».
Toponimiyada –lar affiksi ko’plab toponim yasaydigan topoformant
hisoblanadi. –lar adabiy tilda ko’plikni bildiruvchi qo’shimcha ekanligi ma’lum.
Bu qo’shimcha noma’lum ko’plikni, hurmatni, biron fikrni ta’kidlashni, mavhum
tushunchani konkretlashtirishi, umumiylikni, takrorni bildiradi va so’z ma’nosiga
hyech qanday ta’sir ko’rsatmaydi.
Masalan, Arnasoy tumani markazi G’oliblar shaharchasi deb nomlanadi.
Toponim arab tilidagi g’olib so’ziga asoslangan. G’olib – «g’alaba qozongan»,
«zafar topgan», «zabardast» ma’nosidadir. Jizzax cho’lini o’zlashtirishda katta
muvaffaqiyatlarga erishgan, asrlar davomida qaqrab yotgan cho’lni bog’u-
bo’stonga aylantirishda g’alabalarga erishgan, zabardast insonlar sharafiga
shunday atalgan.
S.Qorayev -lar affiksi yordamida toponimlarning yuzaga kelishi keyingi 200-
300 yil – ko’chmanchi xalqlarning o’troqlashishi bilan bog’liq deb hisoblaydi va
buni ularning ko’pchiligi etnonim ekanligi bilan asoslaydi. S.Qorayev tomonidan -
lar affiksi faqat kishilar bilan bog’liq bo’lgan toponimlar yasashi (arablar, beklar,
boylar, zargarlar, xo’jalar va hokazo) va –lar dagi bu xususiyat barcha turkiy
xalqlarga xosligi aniqlangan.
Masalan, Jizzax tumanida Beklar degan etnooykonim bor. B.O’rinboyevning
yozishicha: «O’zbek xalqi tarkibiga kirgan qo’ng’irot qabilasining oyinni
38
bo’limining bir urug’i beklar deb ataladi. Mang’itlarning oqmang’it urug’i
tarkibida ham, mirishkorlarning ham beglar degan to’pi bor».
O’zbekiston milliy ensiklopediyasida, bek so’ziga quyidagicha ta’rif
berilgan: «qadimiy turkiy xalqlarda xon xizmatidagi alohida harbiy qism vakillari.
Ular katta imtiyozlarga ega bo’lib, oliy harbiy zodagonlar tabaqasini tashkil
qilgan». Etnonim oykonimga aylanganligi aniq.
Bu haqda T.I.Teplyashina fikri ham diqqatga sazovor, u –lar qo’shimchasini
qrim-tatarlari tilida oilaviy-nasliy ismlarga qo’shilib kelishi to’g’risida gapirib
quyidagi misolni keltirgan: Arslonpilar- Arslonning avlodlari, Ataspilar–Atas
o’g’illari va hokazo. K.M.Musayevning aniqlashicha, «turkiy toponimik areallarda
-li va -lik» qo’shimchalari boshqa affikslarga nisbatan faolroq toponimlar hosil
qiladi».
Masalan, - li qo’shimchasi alohida leksik ma’no kasb etmasa ham, ammo
formantlar bilan qo’shilib shu obyektning borligi va ko’pligiga ishora tariqasida
ko’pgina toponimlar yasaydi. Chunonchi, Mo’lali, Tepali (Forish tumani), Olmali,
Tutli (G’allaorol tumani), Tangili (Baxmal tumani), Tolli, O’rikli (Zomin tumani)
va boshqalar. Baxmal tumani hududidan o’tgan Tuyatortar kanali buyida Alamli
degan g’alati oykonim bor. Toponimni kelib chiqish tarixi ko’pgina olimlarimizni
qiziqtirgan.
Jumladan, H.Hasanov qishloq nomi bilan bog’liq shunday rivoyatni keltirgan,
«go’yo aholi yig’ilib, Abdullaxonning yosh, sevikli o’g’liga Tuyatortar arig’ini
qazishdagi og’ir zulmdan arz qilgan. Bolaning ularga rahmi kelib, xonga borib:
«Bu mashaqqatning so’ngi bormi, arig’ingni to’xtat» deganida, g’azablangan xon
bolani o’sha joyda so’ydirgan. Xalq buning alamiga xotira deb qishloqni shunday
atagan».
S.Qorayev «alam» so’ziga quyidagicha ta’rif bergan: alam (arabcha) – aziz–
avliyolarning qadam joylarida o’sgan daraxtlarning shox-shabbalariga yoki shahid
bo’lgan kishilarning mozoriga qoqilgan tayoqlarga osilgan latta-puttalar. Ma’nosi
(arabchadan) «bayroq» demak. Alam, Alamdor, Alamli degan joy nomlari «aziz
39
avliyolar mozori» yoki «shahid bo’lgan kishi ko’milgan joy» degan ma’noni
bildiradi.
Kanal nima uchun Tuyatortar nomini olganligi to’g’risida ham ko’pgina
rivoyatlar mavjud. Masalan, T.Nafasov Qashqadaryo viloyatining Koson tumani
hududida ham Tuyatortar arig’i borligini yozib, uning bunday nomlanishini
quyidagicha ta’riflagan: «ariqqa suv daryodan chig’ir orqali chiqarilgan. Chig’ir
esa tuya orqali harakatga keltirilib, aylantirilgan. Chig’irga o’rnatilgan suv idishlari
ancha yirik bo’lgan, shuning uchun u katta kuch bilan aylantirilgan. Chig’ir
harakati tuya kuchi bilan amalga oshirilganligi tufayli shunday atalgan».
Yana bir misol, G’allaorol tumanidagi Tutli fitooykonimini izohlash
maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. T.Nafasovning yozishicha: «Rus tilining
etimologik
lug’atini
yaratgan
N.V.Goryayev
(Tiflis,1892),
so’ngra
A.G.Preobrajenskiy (Moskva,1958) tut so’zini arabcha deb bilganlar. E,Berneker
oromey tiliga, X.Petersson, O.Shreder sanskrit tiliga mansub deb qaraganlar.
Sanskrit tilidan fors tiliga, fors tilidan turkiy, rus, arman va boshqa tillarga o’tgan.
Barcha turkiy va eroniy tillarda tut so’zi mavjud, u madaniy daraxt, ipak olish
uchun manba sifatida Sharq mamalakatlari xalqlariga miloddan avval ma’lum
bo’lgan va ular tillarida bir xil tovush tuzilishida qo’llangan. Tutli - tut daraxti
o’sgan joy, tutzor». O’rta Osiyo, jumladan O’zbekistonda qadimdan tut, xususan
uning balxi navi asosan mevali daraxt sifatida parvarish qilingan.
O’rganilayotgan hududda –li affiksi yordamida etnotoponimlar hosil qilgan
qabila, urug’ va boshqa etnik guruh vakillari nomlarini ham shu qatorga kiritish
mumkin. Masalan, Oytamg’ali, Sirg’ali, So’loqli, O’damali, Cho’michli,
Chaparashli, Qangli, Qorabag’anali, Bolg’ali, Baymoqli, Tuyoqli, Bag’anali,
Taraqli, Erganakli kabi etnooykonimlar shular jumlasidandir.
Viloyat hududida –lik qo’shimchasi bilan manzil - makonni anglatuvchi
toponimlar ham talaygina. Shular qatoriga Zargarlik, Sovungarlik, Qassoblik,
Do’stlik, Shodlik, Birlik, Tinchlik, Oqqo’rg’onlik, O’ratepalik, Jizzaxlik,
Toshkentlik, Toqchilik, Mo’lkanlik, Saroylik kabi toponimlarni kiritish mumkin.
40
Jizzax shahrida O’ratepalik nomli mahalla bor. Mahallaning nomiga, O’ratepa
va uning atrofidan ko’chib kelib shu joyda muqim yashab qolgan aholi sabab
bo’lgan. O’ratepa (hozir Istaravshan) Tojikiston Respublikasi Sug’d viloyatidagi
shahar. S.Qorayevning yozishicha: «hozirgi Jizzax viloyati maydonining ko’p
qismi miloddan avvalgi bir necha asrdan tortib, ilk o’rta asrlargacha mavjud
bo’lgan qadimiy Ustrushona davlati hududida bo’lgan. Mahalla xalqi Jizzaxga
200-250 yil oldin ko’chib kelib muqim yashab qolganlar». S.Qorayev fikrini
tasdiqlash maqsadida mahalla hududida Nijonlik nomli maschit borligi, Nijon esa
O’ratepa shahridan shimolroqda joylashgan qishloq nomi ekanligini dalil sifatida
keltirish mumkin.
Ko’plikni ifoda etuvchi tojikcha - on, - yon qo’shimchasi ham toponimlar
tarkibida ishtirok etadi. S.Qorayevning aniqlashicha, ular ma’lum millatga
mansublikni (Arabon, Qirg’izon, Qazoqon), etnik guruhga tegishlilikni (Qitoyon,
Turkon, Qorliqon), ma’lum bir mansabga daxldorlikni (Mirzoyon, Xojagon,
Tarxonon), u yoki bu kasbga aloqadorlikni (Ohangaron, So’zangaron), dinga
oidlikni (Budparaston, Nasroniyon, Mug’on) bildiradi.
Masalan, -on, -i qo’shimchasi haqiqatdan ham ma’lum bir etnik guruhga
tegishlilikni aniqlash maqsadida quyidagi misolga murojaat qilamiz. Forish
tumanida Qoraxon nomli etnooykonim bor. Suyun Qorayev «urug’ vakillari
o’zlarini Avliyoota nomi bilan mashhur bo’lgan Qoraxon avliyoning avlodlari
hisoblaydi. Bu avliyoning mozori Qozog’iston Respublikasining Taraz shahrida
joylashgan. Shuning uchun bu shahar 1936 yilgacha Avliyoota deb atalgan» degan
xulosaga kelgan.
Qishloq nomini B.O’rinboyev qo’yidagicha izohlaydi: «o’zbeklashgan arablar
urug’ining bir tarmog’i qaraxoni deb ataladi. Bundan tashqari, qora xoni xo’jalar
urug’i yashaganligi uchun shunday nom olgan bo’lishi mumkin». Shu nom bilan
respublikamizning Samarqand, Surxondaryo, Buxoro, viloyatlarida ham qishloqlar
mavjud.
T.Nafasov ham bu etnonim haqida o’z fikrini bildirgan: «qoraxoni - qadimiy
turkiy xalq. Aslida Qoraxon 927-1212 yillarda Sharqiy Turkistonda tashkil bo’lib,
41
so’ng Amu-Sir oralig’idagi o’lkalarni ham o’ziga bo’ysundirgan turk davlatining
boshlig’i, asl ismi Abdukarim Sotuq Bug’roxon bo’lgan. 996-999 yillarda
Movarounnahrni o’ziga tobe etgan. Shu sulola bilan bog’liq hududiy va siyosiy-
ijtimoiy guruh qoraxon-qoraxoni deb atalgan. Keyinchalik ular qadimiy o’troq
turkiy xalqlarga qo’shilib, singib ketgan. Ularni qoraxoniylar davri (10-12 asrlar)
urug’-qabilalarining avlod-ajdodlari namunasi deyish mumkin».
Geografik nomlar tarkibidagi – cha, - i, - lar kabi toponim yasovchi affikslar
T.Nafasov tomonidan Qashqadaryo toponimiyasi misolida o’rganilgan. Bu
affikslar topoformantlarga qo’shilib toponimlar yasashini Jizzax viloyatidagi
geografik nomlar misolida ham ko’rish mumkin. Masalan, Zomin tumanida
Quduqcha nomi bilan qishloq mavjud. Oqar suv bo’lmaganidan xalq quduqdan suv
ichadi.
Quduqcha «kichkina quduq» degan ma’noni bermaydi, balki quduqli qishloq
(joy) demakdir. Bu qishloqda quduq juda ko’p. B.O’rinboyev fikricha: «o’zlarini
mirishkor deb atovchi urug’larning bir tarmog’i nomi quduq deb atalgan».
Toponim yasovchi –ot affiksi ikki xil yo’l bilan paydo bo’lgan: biri arabcha bo’lsa,
ikkinchisi sug’diychadir. Bundan tashqari, -t affiksi qadimgi turkiy tilda va
mo’g’ul tilida ham ko’plik o’rnida keladi.
Topoaffiks sifatida –ak qo’shimchasi topoformatlar yordamida nafaqat
viloyat hududida, balki undan tashqarida ham ko’pgina geografik nomlar hosil
qilgan va u ko’pincha obyektni kichkinaligiga ishora hisoblangan. Chunonchi,
Forish tumanidagi Kochak, Fashtak, Fo’jak, Mandak, Qurutak, Bog’chagulak,
Shibjorak, Ko’ftak kabi toponimlar shular jumlasidandir.
Masalan, Forish tumanida Kochak degan oykonim mavjud. O’tgan asrning
o’rtalarida qishloq aholisi majburan Mirzacho’lni o’zlashtirish uchun ko’chirilgan,
hozirda qishloqning xarobalari mavjud. Aslida Kochakdagi mahalliy xalq undan
ancha kattaroq bo’lgan qo’shni Mojarm qishlog’idan ko’chib o’tishgan. Yangi
ko’chib o’tgan joylari avvalgi qishloqlariga nisbatan kichkina bo’lganligi sababli
Ko’chak (Kochak), ya’ni «kichkina» deb nom olgan.
42
Mutaxassislarning fikricha –ak affiksi viloyat toponimiyasini eng qadimiy
leksik qatlamini tashkil qiladigan sug’d tilining elementidir. Sug’diy
toponimlarning viloyatning tog’li (Yangiobod, Zomin, Baxmal, G’allaorol, Forish)
tumanlarida tarqalishini ushbu hududlar ilk o’rta asrlarda Ustrushona tarixiy
o’lkasi tarkibida bo’lganligi bilan izohlash mumkin.
Yag’nob toponimiyasini o’rgangan A.L.Xromov -ak affiksi haqida bunday
yozgan: «ko’pincha –ak affiksi asosiy toponimga bog’liq bo’lmagan holda
qo’shilsa, ba’zan aksincha tayyor toponimga bevosita aloqadorligini ko’satadi va
bunday hollarda avvalgi joydan ko’ra yangi nom olgan joyning kichkinaligini
bildiradi».
Sug’d tili elementlari hozirgi viloyat toponimiyasi tarkibida ancha sezilarli,
shu sababdan ularni o’rganishda toponomik materiallar qimmatli va muhim manba
hisoblanadi. Viloyat hududida shunday geografik nomlar ham borki, ularning
tarkibidagi so’z yoki affikslar sug’d tiliga mansub bo’lsa ham toponim bevosita
sug’dlar tamonidan yaratilgan emas. Bu tip toponimlar sug’d tilidan o’zbek tiliga
yoki fors-tojik tilidan o’zbek tiliga o’tgan so’z va affikslardan vujudga kelgan, ular
tuzilish jihatidan gibrid xarakteriga ega.
Masalan, Zarbdor tumanidagi Yangikent qishlog’ining nomi gibrid tuzilishga
ega. Yangikent- Jizzax cho’lining o’zlashtirishi natijasida paydo bo’lgan qishloq.
Toponimdagi yangi – «so’zi ilgari bo’lmagan», «yaqindagina paydo bo’lgan»,
«yaqinda bunyod etilgan», kent, kat - qadimiy so’g’d tilida «shahar», «qishloq»
ma’nosidadir. Yangikent – cho’lning o’zlashtirilishi natijasida bunyod etilgan
«yangi aholi punkti», «yangi qishloq» demakdir.
Fors-tojik tilida ham, o’zbek tilida ham qo’llanadigan genezisi eroniy tillarga
oid bo’lgan – zor affiksi yordamida viloyat hududida ko’pgina geografik nomlar
yasalgan. Ko’plikni bildiruvchi Olmazor (Jizzax shahri), Bog’zor (Do’stlik
tumani), Paxtazor (Mirzacho’l tumani), Gulzor (Arnasoy tumani), Chilonzor
(Zomin tumani), Mevazor (Do’stlik tumani), Lolazor (Zafarobod tumani),
Uzumzor (Paxtakor tumani) kabi toponimlar (fitooykonimlar)shular jumlasidandir.
43
Bunday toponimlar ko’proq viloyatning shimoliy tekislik qismida uchraydi.
Viloyatning tekislik qismi o’zlashtirilib ekin maydonlariga aylantirilishi
munosabati bilan leksik jihatdan uncha rang-barang bo’lmagan toponimlarning
paydo bo’lishiga sabab bo’lgan. «Relyef tekis bo’lsa, tabiiy chegaralar bo’lmasa,
toponim ham kam bo’ladi».
Zomin tumanidagi qishloqlardan biri Chilonzor deb ataladi. Chilon (chelon) -
tikonli daraxt turi, mevasi jiydaga o’xshaydi, tabobatda ham qo’llaniladi, ba’zan
Gurgon jiydasi deb ham atashadi. Shu sababdan Chilonzor - asli chilon(chelon)
daraxti ko’p o’sadigan joy ham bo’lishi mumkin. N.G.Malliskiy fikricha,
Chilonzor aslida Chinorzor, ya’ni «chinor bog’i» demakdir. Hozir Toshkentdagi
eng yirik turar joy massivi, metro bekati va shahardagi tumanlardan birining nomi
ham Chilonzor.
Obod - so’zi bilan juda qadimdayoq geografik nomlari yasalgan. Forsiy tillar
tarixining tatqiqotchisi A.L.Xromovning fikricha, Movarounnahrda 7-8 asrlarda
obod so’zli nomlar paydo bo’lgan. Bu so’z azalda belgi bildirgan va doimo
nomlarning so’ngi komponenti bo’lib keladi. T.Nafasov obod so’zini sharhlab
shunday yozadi: «O’troq hayotga ko’chish, yerlarning o’zlashtirilishi, dehqonchilik
madaniyatining yaratilishi va o’sishi, yirik turg’un aholi punktlarining paydo
bo’lishi obod so’zining yangi ma’no kasb etishiga zamin hozirlagan. Eng avvalo
inson faoliyati bilan o’zlashtirilgan joy ma’nosini anglatgan. So’ngra esa «farovon
joy», «ovul», «qishloq» ma’nolarini ham ortirgan».
Jizzax cho’lini o’zlashtirilishi tufayli bunyod etilgan yangi aholi punktlari
o’ziga xos nomlanish prinsipiga amal qilib Paxtaobod- «paxtakorlar qishlog’i»,
Mehnatobod-«yangi yer ochib, qo’riqni o’zlashtirgan mehnatkashlar qishlog’i»,
Zafarobod – «cho’lni o’zlashtirib katta zafarlarga, yutuqlarga erishganlar
qishlog’i» kabi nomlar berilgan.
Jizzax shahrida Xayrobod nomli mahalla bor. Obod so’zining xayr so’ziga
qo’shilib joy nomi yasashi hozirgi davrga xos emas. Xayrobodni xayr-saxovatli
mahalla deb izohlashni ham ilmiy jihatdan asosli deb bo’lmaydi, ammo mahalliy
xalq toponimni «xayr», «sadaqa», «saxovat», «ehson» obod qilgan joy deb
44
ta’riflashadi. B.O’rinboyev fikricha, «mahalla nomi aslida arab tilidagi xarobot
so’zi bilan aloqadordir. Xarobot – «mayxona», «maykada», «qovoqxona»,
«ko’ngil ochish joyi» yoki «so’fiylarning nola qiladigan, sig’inadigan joyi» degan
ma’noni bildiradi».
Arxeolog olim M.Pardayev Xayrobod toponimi to’g’risida qo’yidagi fikrni
bildirgan: «A.R.Muhammadjonovning yozishicha toponim fors va arab so’zlari
birikmasi bo’lgan Xarrabot so’zidan tashkil topgan va «o’lkan, katta rabod» degan
ma’noni ifodalaydi». 13-asr geografi Yoqut Hamaviyning asarlarida xurosonliklar
tilida, ya’ni fors-tojik tilida xan va tim (tevaragi devor bilan o’ralgan, usti yog’in-
sochindan berkitilgan joy) so’zlari ma’no va vazifasi jihatidan bir-biriga yaqin
so’zlar bo’lgan. «Hozirda obod so’zining asosiy vazifasi aholi punktlari nomi
yasashdan iborat».
S.Qorevning ta’kidlashicha, atoqli otlarning eng takomillashgan turi bo’lgan
geografik nomlar grammatik jihatdan bir va undan ortiq tarkibiy qismlardan iborat.
Tipik toponimlar, jumladan oykonimlar ikki va undan ortiq komponentlardan
iborat bo’ladi, birgina so’zdan tarkib topgan toponimlar esa biron tarkibiy qismi
tushib qolgan nomlardir.
Leksik birliklardan tashkil topgan toponimlarning aksariyat qismi turdosh
otlar, ya’ni apellyativlar - geografik va ijtimoiy-iqtisodiy terminlar, kasb-hunar
leksemalari, o’simlik- hayvon nomlari, shunindek atoqli otlar, ya’ni onimlar -
uruq-aymoq nomlari (etnonimlar), kishi ism-laqablari (antroponimlar) va
boshqalardan iborat. O’rganilayotgan hududda ko’proq e’tibor oykonimlarga
qaratilganligi sababli viloyatdagi oykonimlarni tarkib topgan negizi bo’yicha ikki
yirik guruhga ajratish mumkin.
1.Apellyativlardan iborat oykonimlar. Bu guruhga kiradigan nomlar turli xil
turdosh otlardan tuzilgan. Oykonimlar hosil qilgan turdosh otlar xilma-xil
bo’lganligi sababli, ulardan shahar va qishloq nomlari tarkibida uchraydiganlarini
ko’rsatib o’tish mumkin:
a) tabiiy geografik terminlar: adir - Adirobod (Zarbdor tumani), ariq - Uchariq
(Jizzax tumani), arna - Arnasoy (Arnasoy tumani), buloq - Gulbuloq (Baxmal
45
tumani), bo’ktar -Bo’ktaryo’l (Zomin tumani), duoba - Duoba (Zomin tumani),
yetimtog’ - Yetimtog’ (Jizzax tumani), jar - Jarbuloq (G’allaorol tumani), jo’sha -
Jo’shali (Forish tumani), kamar - Kamar (Baxmal tumani), kechuv - Yettikechuv
(Zomin tumani), tepa - Uchtepa (Jizzax tumani) va boshqalar.
b) ijtimoiy-iqtisodiy terminlar: band - Xonbandi (Forish tumani), bek - Beklar
(Jizzax tumani), varq - Varqin (Yangiobod tumani), darg’at - Darg’at (Jizzax
tumani), kent - Nushkent (Baxmal tumani), yom - Yom (Zomin tumani), qo’rg’on -
Xonimqo’rg’on (G’allaorol tumani), chorbog’ - Chorbog’ (Forish tumani), bekat -
Bekat (Forish tumani), mozor - So’fimozor (Zomin tumani), bozor - Bozorjoy
(Forish tumani) va boshqalar.
v) hunar-kasbga oid terminlar: yomchi - Yomchi(Forish tumani), zargar -
Zargar (G’allaorol tumani), qassob - Qassoblik (Jizzax shahri), sovungar -
Sovungarlik (Jizzax shahri), paxtakor - Paxtakor (Paxtakor tumani), kimyogar -
Kimyogar (Jizzax shahri), cho’lquvar-Cho’lquvar (Arnasoy tumani) va boshqalar.
Bundan tashqari, viloyat toponimiya, jumladan oykonimiyasi tarkibida o’simlik va
hayvon nomlari asosida yaralgan talaygina geografik nomlar ham uchraydi.
2. Atoqli otlar negizida paydo bo’lgan oykonimlar. Bu guruhni tashkil
qiladigan shahar-qishloq nomlari antroponimlar, etnonimlar, va boshqa
toponimlardan nom olgan oykonimlardan iborat.
a) antroponimlar - kishilarning ismlari, laqablari, keyingi davrlarda
familiyalaridan kelib chiqqan oykonimlar antroponimlar deyiladi. Bunda shu yerga
birinchi bo’lib ko’chib kelgan yoki shu qishloqqa asos solgan shaxsni nomi
oykonimda muhrlanib qolgan. Masalan, Yangiobod tumanida Meliobod nomi bilan
qishloq mavjud. Mahalliy aholining aytishicha Samarqanddan ko’chib kelgan Meli
degan shaxs, shu joyda uy-joy qurib muqim yashab dehqonchilik qilgan.
Keyinchalik uni yoniga boshqalar ham ko’chib kelganligi sababli qishloq paydo
bo’lgan va u Meliobod deb nom olgan.
S.Qorayev fikricha: «Antropooykonimlar modelining grammatik jihatdan
o’zbek tiliga mos, eng to’g’ri va mukammal tipi antroponim hamda geografik
termindan tashkil topganidir. Masalan, Yunusobod, Chingizkent, Akmalobod va
46
boshqalar». Bunday mukammal antroponimlarni viloyat hududida ham talaygina
topish mumkin. Chunonchi, Hamzaobod (Jizzax shahri), Suvonobod (Paxtakor
tumani), Eshmatovul (Zomin tumani)va boshqalar.
b) etnotoponimlar - urug’-qabilalarning, shunindek, turli millat-xalqlarning
nomlaridan tarkib topgan geografik nomlar hisoblanadi. Etnotoponimlar
o’rganilayotgan
hudud
toponimiyasida
katta
o’rin
tutadi.
Viloyat
etnotoponimlariga qarab qaysi urug’-qabila
vakillari qaysi hududlarda
yashaganliklarini bilib olsa bo’ladi.
Quyida viloyat xaritasida geografik nom sifatida uchraydigan ayrim
etnooykonimlarni keltiramiz: Oytamg’ali, Sirg’ali, So’loqli, Sherqangli, O’damali,
Cho’michli, Chaparashli, Qangli, Qorabag’anali, Bolg’ali, Baymoqli, Tuyoqli,
Bag’anali, Taraqli, O’roqli, Nayman, Turkman, Buqut, Uymovut, Kaltatoy, Barlos,
Jaloyir, Qipchoq va boshqalar.
v) toponimlardan paydo bo’lgan oykonimlar. S.Qorayevning fikricha: «turli
xil toponimlar-gidronimlar, oronimlar va oykonilar orasida «xitoy devori» yo’q,
ariq, soy, ko’l nomlari (gidronimlar) yoki tog’-toshlarning nomlari (ornimlar)
oykonimga aylanishi, aksincha, oykonimlar gidronimlarga yoki oronimlarga
aylanishi mumkin». Shuni hisobga olib o’rganilayotgan hudud oykonimlarini bir
necha turga bo’lsa bo’ladi.
Gidronimlar – suv nomlaridan kelib chiqqan oykonimlar viloyat
toponimiyasida salmoqli o’ringa ega, chunki ko’pincha aholi punktlari aynan suv
bor joyda, ya’ni soy, daryo, ko’l va boshqa suv manbalari atrofida paydo bo’lib
gidronim nomi bilan atalgan, ayrim hollarda aksi ham bo’lgan, ya’ni aholi punkti
nomini suv obyekti qabul qilgan. Kuzatuvlar shuni ko’satadiki, qishloqlar bilan
ariq-soylarning nomlari ko’p hollarda bir xil bo’lgan. Chunonchi, Osmonsoy –
Osmonsoy qishlog’i, Yettikechuvsoy–Yettikechuv qishlog’i, Qorasoy- Qorasoy
qishlog’i kabi oykonimlar bor. O’zbekistonda, jumladan Jizzax viloyatida daryo –
soylarni qishloq yoki shahar nomiga qarab atash ham qadimdan rasm bo’lgan.
Masalan, Ravot qishlog’i – Ravotsoy, Zomin shaharchasi – Zominsuv daryosi,
Andagin qishlog’i – Andaginsoy, Uchma qishlog’i – Uchmasoy, Ana-muna
47
qishlog’i –Ana-munasoy kabi gidronimlar ko’plab uchraydi. Oronimlar – ya’ni
tog’-qir nomlaridan kelib chiqqan oykonimlar. Viloyatda tog’lar, adirlar, qirlar,
tepaliklar, jarlardan nom olgan orooykonimlar ko’p, lekin ular son jihatdan
gidrooykonimlarga yetmaydi. Viloyat hududidagi orooykonimlarga Molguzar,
Qoratosh, Yetimtog’, Oqtosh, Oyqor, Qo’ytosh, Ko’tal kabi qishloq nomlari misol
bo’ladi.
Aholi punktlari nomlaridan kelib chiqqan oykonimlar. Viloyat kartasida
Andijon, Samarqand, Farg’ona, Toshkent kabi nomlar bir necha marotiba
takrorlanadi. Bular respublikamizning mashhur shaharlari sharafiga quyilgan
nomlardir. O’tgan asrning yetmishinchi yillari Jizzax cho’lining jadal o’zlashtirishi
munosabati bilan tog’li tumanlardan o’zlashtirilgan yerlarga ko’chib kelgan aholi
o’zlari bilan birga joy nomlarini ham olib kelishgan. Baxmal, Forish, Zomin,
G’allaorol kabi nomlar yangi tashkil etilgan aholi punktlariga shu tariqa berilgan.
H.Hasanovning aniqlashicha, «nomlarda «ko’chish» qonuniyati ham bor.
Dovonning nomi shu yerdan boshlangan soyga, qishloqning nomi toqqa, tog’ning
nomi shaharga, shaharning nomi esa viloyatga o’tadi va hokazo».
Shu bilan birga yangidan paydo bo’lgan aholi punktlarini yaqin oradagi
qishloq yoki shahar nomi bilan atash ham qadimdan rasm bo’lgan. Buning uchun
aholi punkti nomiga biror sifat qo’shilgan. Masalan, Eski Ravot - Yangi Ravot,
Yuqori Sarmich - Pastki Sarmich, Eski Bo’ston – Yangi Bo’ston. Shu bilan birga
keyinroq paydo bo’lgan aholi punktini oldingidan farq qilish uchun –cha
qo’shimchasi
ishlatilgan.
Chunonchi,
G’allaorol
tumanidagi
Qo’rg’on
qishlog’ining yonida paydo bo’lgan qishloq Qo’rg’oncha deb atalgan va bu o’rinda
–cha qo’shimchasi «kichik», «ikkinchi» ma’nosini anglatadi.
Bulardan tashqari, viloyat hududida kichik geografik obyektlarning
nomlaridan, ya’ni mikrotoponimlardan nom olgan oykonimlar ham ko’p. Masalan,
Ko’kjar, Qarovultepa, Quduqcha, Sharilloq, Qoramozor kabi oykonimlar aslida
mikrotoponimlardan nom olgan. Toponimika fanining asosiy qonunlaridan biri
mikrotoponimlarni keyinchalik makrotoponimlarga aylanishi hisoblanadi, chunki
har qanday o’lkan geografik obyektning nomi dastlab kichik bir joy nomi bo’lgan.
48
Do'stlaringiz bilan baham: |