57-modul. Xususiy biomexanika
Biomexanika – turli tashqi ta’sirlar ostida sodir bo‘luvchi odam va hayvonlarning mexanik harakatini o‘rganuvchi fandir.
Biomexanika nazariyalari mexanika qonunlari va biologik qonuniyatlarni bir-biriga uzviy bog‘lanishidan yaratilgan. Ma’lumki, tirik tabiatda sodir bo‘layotgan barcha jarayonlar, umuman, fizik qonunlarga, xususan, mexanika qonunlariga bo‘ysunadi. Bunday holat qadimdanoq olimlar tomonidan e’tirof etilgan. Biologik jarayonlarning mexanika nuqtai – nazaridan o‘rganish, ya’ni biomexanikaning boshlanishi Leonardo da Vinchi, G. Galiley va hatto, Aristotel va Ibn Sino zamonlariga bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik Dekart, Boyl, Guk, Eyler, Gelmgolc, Van-der-Pol va boshqalarning sezilarli darajada qo‘shgan hissalari bilan biomexanika shakllana boshlagan.
XX asr davrida biomexanika fani sezilarli darajada rivojlandi, bunda taniqli olimlar N.A.Bernshteyn, I.V.Knets, S.A.Regirer, G.V.Korenev, B.A.Purinya, G.Brankovlarni xizmatlari e’tiborga loyiqdir.
Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmidan boshlab biomexanika alohida fan sifatida o‘rganila boshlandi va zamonaviy texnika taraqqiyoti tufayli rivojlana boshladi.
Ushbu fanni shakllanishida olimlar tomonidan turlicha qarashlar bo‘lgan. Xususan, ayrim olimlar biomexanikani rivojlanishiga shubha bilan qarashgan, ya’ni mexanikani biologiyaga qo‘llanilishi o‘ta tavakkalchilik bo‘ladi va oxir-oqibatda mexanikani «ifloslanishi»ga sabab bo‘ladi deb tushunishgan. Boshqa guruh olimlar biomexanika biologiyani bir qismi deb tushunishgan va boshqalari biofizikani bo‘limi deb qarash kerak deb hisoblashgan. Ko‘pchilik olimlarni fandagi muammolar ustida o‘ta faollik bilan ishlaganliklari tufayli ushbu fan mexanika va biologiya chegarasida paydo bo‘ldi.
Keyingi davrda texnika taraqqiyoti va mexanika fanini yutuqlari tufayli biomexanikaning rivoji jadal tus oldi.
Biomexanikada turlicha yuklanadigan va tashqi ta’sirlar ostida bo‘ladigan o‘ta murakkab ob’ekt o‘rganiladi. Bu murakkab ob’ekt - tirik organizm bo‘lib, odam yoki hayvon tanasidir. Shuning uchun barcha turdagi tadqiqotlar natijalarini tartibga solish yoki sistemalashtirish murakkabdir. Ba’zi fiziologlar, umuman, mexanika usullarini tirik organizmlar uchun qo‘llash noto‘g‘ri deb hisoblashgan, sababini mexanika usullari noorganik jismlar uchun yaratilgan organik (tirik) jismlar uchun aniq natija bermaydi, - deb tushuntirishgan.
So‘nggi vaqtlarda biomexanika faniga bir qator matematiklar, fiziklar, mexanik-injenerlar, priborsozlik va hisoblash texnikasi namoyondalarining katta e’tibor berganliklari oqibatida yuqorida aytilgan jarayon jadallashdi. Biomexanika, butun organizm faoliyatini mexanika masalalarini o‘rganish davomida odamni mehnat, jamiyat va atrof-muhit ta’siri sharoitida yagona funksional ob’ekt sifatida qaraydi.
Hozirgi davrda biomexanika fanining quyidagi tarmoqlari paydo bo‘ldi:
injenerlik biomexanikasi, uning asosiy yutuqlari robotsozlikda qo‘llanilmoqda;
tibbiy biomexanika, jarohatlanish sabablari, oqibatlari va uni oldini olish usullarini, tayanch-harakat apparati mustahkamligi, protezlash masalalarini o‘rganadi;
erganomik biomexanika, odamni atrofdagi jismlar bilan o‘zaro ta’sirini optimallashtirish maqsadida o‘rganadi;
Xususiy biomexanika odamning alohida holatlardagi harakati bilan bog‘liq masalalarni o‘rganadi. Masalan, alohida sport turi bo‘yicha tayyorgarlikka yoki uchuvchi xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish. Xususiy biomexanikaning asosiy vazifasi – odamni alohida holatda qanday to‘g‘ri harakatlanishi zarurligini o‘rgatishdir.
Odam tanasi barcha tirik organizmlar kabi molekulalar va atomlardan tashkil topgan. Bunda atom-molekulyar tizimlar faoliyati organizmning mikroskopik faoliyatiga ta’sir qiladi. Shuning uchun, molekulalar yoki atomlar darajasidagi mikroskopik harakatlarni o‘rganishda kvant mexanikasi qonuniyatlariga asoslaniladi.
Tirik organizmda sodir bo‘layotgan mikroskopik harakatlarni o‘rganish bilan bog‘liq biomexanika kvant biomexanikasi deb ataladi. Kvant biomexanikasida asosan elektron-komformasion tizimlar dinamikasi o‘rganiladi. Kvant biomexanikasi tarkibida molekulyar-biomexanika, hujayra biomexanikasi kabi tarmoqlar mavjuddir.
Jismoniy mashqlar biomexanikasi, odamning sog‘lomlashtirish va sportmusobaqalariga tayyorgarlik maqsadida bajaradigan jismoniy mashqlardagi haraka tfaoliyatini o‘rganadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |