Ishning maqsad va vazifalari. Tarbiyachi va ota-onalar uchun bolalarni jismoniy barkamol qilib tarbiyalash va rivojlantirishda nimalarga e`tibor qaratish kerak? Bu borada qanday mashg`ulotlar katta ahamiyat kasb etadi? Avvalo qaysi jismoniy sifatlar va ko`nikmalarni rivojlantirish zarur? Qaysi harakatli o`yinlarni qo`llash maqsadga muvofiq? Jadal rivojlanish yoshiga qadam qo`ygan bola uchun eng muhimi qaysinisi-o`z gavdasi, tanasini boshqarib borishmi yoki kuchli, chaqqon, chidamli bo`lishmi, bilimlarni o`zlashtirish, yangi axborot va ma`lumotlardan xabardor bo`lishmi yoki o`z fikrini izhor qilishni bilishmi? Bu masalada ikkala yo`nalish ham juda katta ahamiyatga ega. Zero shu yo`nalishdagi biron-bir yetishmovchilik, kamchilik albatta tez orada bilinadi.
Bolalar tarbiyasi bilan band bo`lgan insonlar shuni anglamog`i kerakki, jismoniy va aqliy rivojlanish, baqamti, yonma-yon boradi. Bu jarayonni olib borishni, ta`lim-tarbiyani, ayniqsa 3-6 yoshli bolalardа davom ettirish kerak, chunki ayni shu yoshlarda jismoniy salomatlik, qiziquvchanlik, o`rab olgan olamni o`rganish iroda, qiyinchiliklarni yengib o`tish ko`nikmalari yaratiladi.
Harakatli o`yinlar orqali bolaning jismoniy va ruhiy sog`lomlik, axloqiy tarbiyasi xamda shaxslik xususiyatini rivojlantirishda mohirona foydalanishni o`rganish maqsadida o`z oldimizga quyidagi vazifalarni qo`ydik:
-Mavzuga doir ilmiy, ilmiy-uslubiy adabiyotlarni to`plash va o`rganib chiqish;
-Harakatli o`yinlar orqali bolalarni sog`lom turmush tarziga jalb qilish, ular faolligini rag`batlantirish, eng avvalo bilimdonligi, o`yinga qiziquvchanligi, hissiy (emotsional') xotirjamligini ta`minlash, o`zi va boshqalar to`g`risidagi, yon-atrof, olam haqidagi bilimlarini shakllantirish, turli shakldagi hamkorliklarga (kattalar va turli yoshdagi bolalar bilan) qo`shimcha imkon yaratish;
-Maktabgacha ta`lim muassalarida faoliyat yurituvchi mutaxassislarga harakatli o`yinlarni tashkil qilib o`tkazishda amaliy yordam berish;
- Maktabgacha tarbiya muassasalaridagi jismoniy tarbiya mashg`ulotlari bolalarni harakat faoliyatiga o`rgatishdagi asosiy shakl hisoblanadi. Bolalarda shunday sifatlarni tarbiyalash kerakki, ular keyinchalik maktabda o`qishga yordam berishi lozim, intizomli bo`lish, tarbiyachi-pedagogni tinglay bilish, jismoniy mashqlarni nafaqat ko`rsatganda, balki so`z orqali bajarishni o`rgatish;
-Ishning umumiy saviya va mazmunidan kelib chiqib umumiy xulosalarni tayyorlash va tavsiya etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |