4. Kuzatish metodi.
Psixologiya fanining empirik (amaliy) metodlari turkumidan muhim o‘rin egallagan, diagnostik xususiyatli metodlaridan biri -kuzatish metodidir.
Kuzatish metodi- ma’lumotlarni psixik hodisalarning qayd etish yo`llari orqali to‘plashdan iborat. Kuzatish ikki turda bo‘ladi-formallashgan kuzatuv va erkin kuzatuv. Erkin kuzatuv tadqiqotning boshlang’ich bosqichlarida qo‘llaniladi, u o‘rganilayotgan masala mohiyatiga chuqurroq kirib borish imkonini beradi. Formallashgan kuzatuv standart dastur asosida olib boriladi hamda kuzatilayotgan voqealar bayonnomada qayd etilgan holda alohida elementlarga bo’linadi.
Tadqiqot metod sifatda kuzatishning xususiyati shundaki, ma’lumotlarni to‘plash, turli sezgi organlari yordamida amalga oshiriladi, ya’ni ko‘rish, eshitish, hid bilish va hokazo. Chunki kasbiy faoliyatda xidlar, shovkinlar va shunga o‘xshash holatlar tez kuzatiladi va ular sinovdagilarning psixik holatiga hamda faoliyat mahsuldorligiga, mehnatdan qoniqishiga ta’sir etadi.
Kuzatilayotgan jarayonda tadqiqotchining ishtirok etish darajasiga ko‘ra, kiritilgan kuzatish va tomonli kuzatishga ajratiladi. Kiritilgan kuzatuvda tadqiqotchi guruh tarkibiga kirib, shu guruhning barcha faoliyat turlarini bajaradi. Tomonli kuzatishda tadqiqotchi kuzatilayotgan hodisalardan chetda turib kino yoki videokameraga tushirgan holda psixik hodisalarni tahlil etadi. Kasb psixologiyasining tadqiqot metodi sifatida kuzatish ish o‘rnini tashkil etish va umuman faoliyatdagi vaziyatga baho berish, sinovdagilarning kirishimlilik xususiyatlarini tahlil qilish, uning kasbiy xulqi, kasbiy ta’limi va malakasiga baho berishda qo‘llaniladi. Kuzatishning negativ holatlari olingan ma’lumotlarning yetarli darajada ishonchli emasligi chunki, tadqiqot paytida ba’zida hodisalar ko‘p uchraydi va kuzatilayotgan voqealarga aralashib ketish ehtimoli mavjud bo‘ladi. Kuzatish paytida sinovdagilarga tadqiqot vazifalari haqida ma’lumot berishga to‘g‘ri keladi, bu esa ularning kasbiy xulqi va faoliyatiga o‘zgartirish kiritishlariga olib keladi. Undan tashqari, ishchilar, rahbarlar ham tadqiqot natijalari ularning ish jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan qo’rqishadi.
Mazkur metod fanimizning eng qadimgi tadqiqot vositasi bo‘lib hisoblanib, uzoq o‘tmish zamonidan to hozirgi davrgacha ilmiy izlanuvchilarning asosiy tekshiruv qurollaridan biri bo‘lib, keng ko‘lamda foydalanib kelinmoqda. Lekin bugungi kunda uning ob’ekti, ko`lami yanada kengaydi, murakkab psixologik jarayonlar, holatlar, hodisalar, kechinmalar, faoliyat va muomala xususiyatlarini o‘rganish imkoniyati to‘g‘ildi, sifat hamda mazmun jihatidan katta o‘zgarishlar yuzaga keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |