Aylanachalardan sakrash
O’yinning tavsifi. O’ynovchilar bab-baravar uchta jamoaga bo’linadilar. Har bir jamoa bir-biridan 1-2 metr oraliqda qatorga saflanadi, qatorlar o’zaro parallel xolda turadilar. Qatorlar boshida to’rganlarning oyoqlari oldidan chiziq o’tkaziladi.
Har bir jamoa ro’parasiga – yerga to’rttadan arqoncha shaxmat tartibida kichik-kichik (diametri 40-50 sm li) aylana qilib qo’yiladi. Old chiziqdan birinchi aylanagacha, shuningdek, aylanachalarning oralig’idagi masofa bir yarim-ikki qadam bo’ladi.
O’yin rahbarning signali bilan boshlanadi. Oldinda turgan o’yinchilar birinchi aylanachadan boshlab oxirgi aylanagacha ketma-ket sakraydilar (bir oyoqlab yoki ikki oyoqlab sakraladi, bunda oyoqlarni almashtirib sakrashga ruxsat etiladi). Eng uzoqdagi aylanachaga yetganlaridan keyin ular aylanachalar yonidan yugurib, orqaga qaytib kelib, qo’llarining kaftini navbatdagi o’yinchilar kaftiga tegizadilar va o’z jamoaning orqasiga borib turadilar. Navbatdagi o’yinchilar ham oldingi o’yinchilarning harakatlarini qaytaradilar. Xamma o’yinchilar aylanachalardan sakrab bo’lganlaridan so’ng o’yin tugaydi. Sakrashni boshqalarga qaraganda tezroq, yaxshiroq bajargan va tamomlagan (kamroq jarima ochkolari olgan) jamoa g’alaba qozonadi.
O’yinning qoidalari: 1. O’yinchisi sakraganda aylanacha “chizig’i” –arqonchani bosib olgan yoki sakrab aylanacha tashqarisiga tushgan jamoaga bitta jarima ochkosi beriladi. Biror jamoa o’yinni tugatgandan keyin kechiktirilgan har bir soniya uchun ham orqada qolgan jamoalarga bittadan jarima ochkosi beriladi. 2. Navbatdagi o’yinchi sakray boshlagandan so’ng uning orqasida turgan o’yinchilar bir qadam oldinga suriladilar va birinchi bo’lib qolgan o’yinchilar sakrash boshlanadigan chiziq oldiga kelib turadilar. 3. Jamoada tartib raqami bo’yicha oxirgi bo’lgan o’yinchi yugurib kelib, kaftini o’yinni boshlab bergan birinchi o’yinchining kaftiga tegizadi, o’yinni boshlab bergan o’yinchi esa qo’lini baland ko’tarib, o’zining jamoasi sakrashni tugatganligini bildiradi.
Eslatma. Sakraladigan joy hammaga yaxshi ko’rinib turishi uchun o’yinchilarni doirachalarning ikki tomoniga saf torttirish mumkin, ana shunda navbatdagi o’yinchilar sakrashni boshlash uchun chiziq yoniga oldinroq kelib navbat kutib turadi; yugurib qaytib kelgan o’yinchi esa qatorda o’zi uchun qoldirilgan bush joyga borib turadi. Rahbar sakrashni kuzatish maqsadida har bir jamoa uchun o’ziga bittadan yordamchi ajratadi.
Bu o’yinning turli variantlarini tanlab, jamoalar oldidagi uchastkaga aylanachalar emas, balki kundalang chiziqlar o’tkazish bilan uni 4 ta ayrim-ayrim bo’laklarga bo’lish mumkin. Bu bo’laklarning eni birinchisidan to oxirigacha kengayib boradi (yaqindagi, ya’ni birinchi bo’lakning eni bir yarim qadam, eng keyingisiniki, ya’ni uzoqdagasiniki esa 3 qadam bo’ladi). O’ynovchilar birin-ketin hamma bo’laklardan hatlab o’tadilar. Orqaga qaytib yugurishda bo’laklardan sakralmaydi.
O’yinning o’ziga xos harakatlari bir joydan ikkinchi joyga bir oyoqlab va ikki oyoqlab hatlab o’tishdir. O’quvchilar oldiga sakrab belgilangan joyga tushish va tez sakrash vazifalarini qo’yish bilan hatlab o’tish mashqlari murakkablashtiriladi. Aylanachalarning shaxmat tartibida joylashtirilishi o’ynovchilarni birin-ketin bajariladigan sakrashlarning yo’nalishini o’zgartirishga majbur etadi. Aylanachalarda, burilishlarda turganda o’yinchilar qo’shimcha ravishda sakrab-sakrab, gavda va qo’llarni harakatlantirib, o’z tanasining inertsiyasini yengish, o’z harakatlarini o’zaro muvofiqlashtirish va birlashtirishga yordam beradigan bir qancha qo’shimcha mashqlarni ham bajaradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |