Oyoq uchun mashqlar. Navbati bilan avval tovonda so‘ng oyoq uchida turish; ketma-ket bir necha marta yarim o‘tirib turish, oyoq kaftlarini bukish va yozish; oyoq panjalari bilan arqonni yig‘ish, tovon bilan buyumlarni bir joydan ikkinchi joyga siljitish; bir oyoqni bukib, ikkinchisida turish.
Gavdani rivojlantiruvchi mashqlar. Qo‘llar belda, ularni yon tomonga uzatib goh chap, goh o‘ng tomonga burish; oyoqlarni juftlab oldinga egilish; qo‘l barmoqlarini oyoq uchiga tegizish: biron narsani yerga qo‘yish va olish; bir oyoqni ko‘tarib uning ostidan biror buyumni o‘ng qo‘ldan chap qo‘lga o‘tkazish. Tizzalarga tayanib, belni bukish va to‘g‘rilash; qo‘llarni navbat bilan ko‘tarish; chalqancha yotgan holda qo‘llar bilan turli harakatlarni bajarish; aylanib qorinda yotish, qo‘lni uzatib biror buyumni ushlab turish; qorin bilan yotgan holda oldinga uzatilgan qo‘lni, yelka va boshni ko‘tarish kabilarni o‘rgatish.
Saflanish va qayta saflanish. Mustaqil holda alohida guruhchalarga va butun guruh bilan bir qator bo‘lib saflanish, doira bo‘lib saflanish, alohida guruhga qayta saflanish, mo‘ljal bo‘yicha tekislanish, ishoraga ko‘ra chapga, o‘ngga, orqaga aylanish mashqlari bajariladi.
Besh yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan o‘tkaziladigan boshlang‘ich gimnastika mashqlari texnikasi (5-6 yosh). Bu davrda bolaning bo‘yi 116-120 sm ga o‘sadi, og‘irligi 23-25 kg ni tashqil etadi, oyoqlari gavdasiga nisbatan tezroq rivojlanadi. Bolaning umurtqa suyaklari qotmaganligi tufayli tez qiyshayib qolishi mumkin.
Shuning uchun ham suyaklarning to‘g‘ri o‘sishiga alohida e'tibor berish kerak. Bolaning yuragi chaqaloq yuragiga nisbatan 4-5 barobar kattalashadi, biroq muskullari hali yetarli darajada mustahkamlanmagan bo‘ladi. Olti yoshga yetganda miya po‘stlog‘i rivojlanib, og‘irligi va tashqi ko‘rinishi jihatidan kattalarnikiga yaqinlashadi. Shuning uchun ham bolaning asablariga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish talab etiladi.
Jismoniy tarbiya instruktori va ota-onalar boshlang‘ich gimnastika faoliyatiga oid turli usullarni bola bilan birgalikda (uning xohishini hisobga olgan holda) tanlashlari maqsadga muvofiqdir. Bolaning boshlang‘ich gimnastika bo‘yicha mashqlarni ongli ravishda tushunib, aniq va to‘g‘ri bajarishiga alohida e'tibor berish.
Jismoniy sifatlarni o‘stirish, muvozanat saqlash, harakatni boshqarish hamda fazoda mo‘ljalga olishni shakllantirishni davom ettirish.
Bolada faollik, mustaqillik, do‘stona munosabat va o‘zaro yordam kabilarni tarbiyalash. Sport turlari (futbol, basketbol, voleybol v.b.) haqida tushuncha berish, mashhur sportchilar (masalan, bokschi Xasanboy Do‘stmatov, gimnastikachi – Oksana Chusovitina) bilan tanishtirish, ularning hayotiga oid qiziqarli voqyealarni so‘zlab berish orqali bola qalbida sportga nisbatan muhabbatni orttirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |