Jinoyat huquqi 14-kazus
Fuqaro P. tanishilari orqali Olmazor tumani, Beruniy 3-mavzesi, Blok-E uy,
11-xonadonda 150.000 АQSh dollari miqdorida pul borligi haqida xabarni olgach,
2018-yil 28-iyul kuni soat 09:20 larda shu xonadonga kelib atrofni kuzatib turib,
sheriklari M. va S.lar esa pichoq bilan qurollangan holda xonadonga g‘ayriqonuniy
ravishda bostirib hujum qilib, jabrlanuvchi Z.ning yuziga qo‘l bilan urib zo‘rlik
ishlatib, uyda bo‘lgan shaxslarning qo‘lini mato bilan bog‘lab, xonadon balkoni
shkafidan 148.500 АQSh dollari pul va narxi 300.000 so‘mlik “Аrtel” rusumli
uyali telefon apparatini olib, voqea joyidan yashiringan.
Sud tomonidan fuqaro P. sodir qilgan bosqinchilik jinoyati uchun
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi “a” bandi
bilan aybli deb topilib, 15 (o‘n besh) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi
tayinlangan.
Shuningdek P.ga nisbatan sud tayinlagan ozodlikdan mahrum qilish jazosi
qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
1. Vaziyatga huquqiy baho bering.
2. Mauammoli vaziyatdan kelib chiqib ozodlikdan mahrum qilish jazosining
kaloniya turlarini va ularda jazo o‘tash shartlarini yoriting.
3. P.ning jinoiy sheriklari M. va S.lar qilmishiga jazo tayinlash masalasini
muhokama qiling.
1. Demak vaziyatga huquqiy baho beradigan bo‘lsak, uning jinoyat tarkibini
tahlil qilishimiz lozim bo‘ladi. Jinoyat tarkibi deb jinoyat huquqida sodir etilgan
aniq bir ijtimoiy xavfli qilmishni jinoyat deb baholash uchun zarur bo‘lgan
obyektiv va subyektiv belgilarning minimal yig‘indisiga aytiladi. Jinoyat tarkibini
tahlil qilishda jinoyat subyekti va obyekti, uning subyektiv va obyektiv tomonlarini
aniqlab olamiz.
Demak yuqoridagi vaziyatda JK 164-moddasida belgilangan bosqinchilik
jinoyati sodir etilmoqda. Bosqinchilik ijtimoiy xavfliligi yuqori bo‘lgan
jinoyatlarga kiradi. Ya’ni bosqinchilik og‘ir jinoyatlardan hisoblanadi. Chunki
mazkur jinoyat uchun 164-moddaning sanksiyasida 5 yildan 8 yilgacha bo‘lgan
muddatdagi ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Kazusda bosqinchilik
jinoyati sodir etilishida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lib, ular
quyidagilarda o‘z ifodasini topgan: a) qurol yoki qurol sifatida foydalanish
mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib; b) bir guruh shaxslar tomonidan
oldindan til biriktirib; b) juda ko‘p miqdorda; v) uy-joyga, omborxona yoki boshqa
binolarga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan holda; g) badanga og‘ir shikast yetkazgan
holda sodir etilgan. Shularni inobatga olgan holda JK 164-moddasi 4-qismi bilan
15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.
Jinoyat obyekti – jinoyat sodir etish natijasida yuzaga keladigan yoki zarar
yetkazishi mumkin bo‘lgan tajovuzga yo‘naltirilgan ijtimoiy munosabatlardir.
Ya’ni jinoyat qonunlari bilan muhofaza qilinadigan inson erkinlkiklari va
huquqlari, mulki, davlat boshqaruv tizimi va shu kabilar. Bosqinchilik jinoyati
murakkab tarkibli jinoyatlardan biri bo‘lib, uning bir necha obyekti mavjud
bo‘lishi mumkin. Bular: o‘zganing mol-mulki hamda fuqarolaraning hayoti va
sog‘lig‘idir. Mazkur vaziyatda jinoyat obyekti Blok-E uyda yashovchilar hayoti va
sog‘lig‘i hamda ularning mulkiy huquqi. Jinoyat predmeti – jinoyat qonuni bilan
qo‘riqlanadigan obyektning ijtimoiy xavfli harakat to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir
qiladigan elementidir. Kazusda keltirilgan vaziyatda jinoyat predmeti – 148,500
AQSh dollari miqdoridagi pul va 300,000 so‘mlik “Artel” rusumli uyali aloqa
vositasi.
Jinoyatning obyektiv tomoni deganda jinoyat subyektining harakati
tushuniladi. Bundan tashqari, jinoyatning obyektiv tomoniga fakultativ belgilar
hisoblanmish jinoyat sodir etilishing usuli, vaqti, sharoiti, jinoyat quroli, vositasi
va motiv kabilar ham kiradi. Bosqinchilikning obyektiv tomoni o‘zganing mol-
mulkini talon-taroj qilish maqsadida shu mulkning egallanishiga qarshilik
ko‘rsatgan shaxsning hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan jismoniy zo‘rlik
ishlatish yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan hujum qilishda ifodalanadi. Mazkur
vaziyatda jinoyatning obyektiv tomoni jinoyatchilar M. va S. ismli shaxslarning
bostirib kirishi va jabrlanuvchi Z.ning yuz qismiga urishi, oila a’zolarining
qo‘llarini bog‘lab qo‘yishi va shkafdan pul va qimmatbaho buyumni noqonuniy
ravishda egallab olishlarida namoyon bo‘lmoqda. Shuning fakultativ belgilarni
ham yoritadigan bo‘lsak, bunda jinoyat quroli – pichoq, jinoyat vaqti – 2018-yil
28-iyul soat 9:20 lar atrofi, jinoyat sodir etish usuli – hujum qilish, sharoiti – o‘ta
xavfli, motiv – jabrlanuvchi Z.ning mulkiga egalik qilish. Bosqinchilikda hujum
jabrlanuvchining shaxsan o‘ziga, oila a’zolariga, qarindoshlariga yoki hujum payti
u bilan birga bo‘lgan boshqa uchinchi shaxslarga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Jinoyat subyekti – jinoyat qonunchiligida belgilab qo‘yilgan xulq-atvor
qoidalariga zid ravishda harakat qilgan, qonunga muvofiq jinoiy javobgarlikka
tortish mumkin bo‘ladigan yoshga to‘lgan (bosqinchilik jinoyatida 14 yosh), aqli
raso jismoniy shaxs. Mazkur vaziyatda jinoyat subyekti uyushgan guruh bo‘lib,
ular uch kishidan iborat. Bular: fuqaro P., M. va S. Ikki yoki undan ortiq shaxsning
birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi
uyushgan guruh deb topiladi.
Jinoyatning subyektiv tomoni bu jinoyat tarkibining ichki tomoni
hisoblanadi, subyekting jinoiy oqibatga bo‘ladigan ruhiy munosabati muhim ro‘l
o‘ynaydi. Ya’ni jinoyatning subyektiv tomoni jinoyatni sodir etgan shaxs
tomonidan amalga oshirilgan qilmishning qasddan yoki ehtiyotsizlik oqiabtida ro‘y
berganligini aniqlash. Bosqinchilik jinoyati to‘g‘ri qasd va g‘arazli niyat bilan
amalga oshiriladi. Subyektiv tomonning zaruriy belgisi – o‘zganing mulkini talon-
taroj qilish maqsadi hisoblanadi. Mazkur vaziyatda uyushgan guruh o‘z
harakatlarining qonunga zid ekanligini tushunib, buni xohlab amalga
oshirmoqdalar, shuning uchun bu jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etilgan.
2. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi jazoni o‘tash maxsus muassasalarida
amalga oshirialdi. Bunday muasassalarga: jazoni ijro etish koloniyalari, shu
jumladan davolash huquqi asosidagi koloniyalar; tarbiya koloniyalari; turmalar;
mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar kiradi.
Jazoni ijro etish koloniyalari manzil-koloniyalarga, umumiy, qattiq, maxsus
tartibli koloniyalarga bo‘linadi hamda voyaga yetgan mahkumlarni saqlash uchun
mo‘ljallangan. Tarbiya koloniyalari voyaga yetmagan mahkumlarni saqlash uchun
mo‘ljallangan. Manzil-koloniyalar quyidagilarga bo‘linadi: ijtimoiy xavfi katta
bo‘lmagan jinoyatlar, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan uncha og‘ir bo‘lmagan
jinoyatlar uchun shuningdek qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik
uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlanadigan manzil-
koloniyalar; umumiy, qattiq tartibli koloniyalardan, shuningdek tarbiya
koloniyalaridan o‘tkazilgan mahkumlar saqlanadigan manzil-koloniyalar. Umumiy
tartibli koloniyalar quyidagilarga bo‘linadi:
og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum etishga
hukm qilingan erkaklar saqlanadigan koloniyalar;
o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum
etishga hukm qilingan erkaklar saqlanadigan koloniyalar;
og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga
hukm qilingan ayollar saqlanadigan koloniyalar.
Qattiq tartibli koloniyalar quyidagilarga bo‘linadi: ilgari qasddan sodir
etilgan jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tagan va
qasddan jinoyat sodir etganlik uchun yana sudlangan erkaklar saqlanadigan
koloniyalar; ilgari qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilish
tariqasidagi jazoni o‘tagan va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun yana
sudlangan ayollar, shuningdek o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan ayollar
saqlanadigan koloniyalar. Maxsus tartibli koloniyalar ozodlikdan mahrum qilinib,
o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan erkaklarni, shuningdek umrbod ozodlikdan
mahrum qilingan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan. Maxsus tartibli
koloniyalarda umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi afv etish tartibida
ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan erkaklar ham saqlanadi.
Jazoni umumiy, qattiq tartibli koloniyalar, tarbiya koloniyalari qabul
bo‘linmalarining kameralarida, shuningdek maxsus tartibli koloniyalarning
kameralarida o‘tayotgan ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlar, agar ular ochiq
havoda ishlayotgan bo‘lmasa, har kuni muddati ikki soatlik sayr qilish huquqiga
ega.
Manzil-koloniyalarda:
mazkur muassasalarga sud hukmiga binoan kelgan voyaga yetgan mahkumlar;
umumiy, qattiq tartibli koloniyalardan va tarbiya koloniyalaridan sudning ajrimi
asosida o‘tkazilgan voyaga yetgan mahkumlar;
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyati, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan
jinoyati uchun va qasddan sodir etgan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun
ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni ozodlikdan mahrum
qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirish tarzida sudning ajrimi asosida yuborilgan
voyaga yetgan mahkumlar jazoni o‘taydi. Manzil-koloniyalarda mahkumlar:
soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadilar; ertalab o‘rindan turishdan kechki
yotishgacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish
huquqidan foydalanadilar; agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo
etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz
yurishlari mumkin; fuqarolar kiyadigan kiyimda yuradilar; yonlarida pul va
qimmatli buyumlar saqlashlari, puldan cheklanmagan holda foydalanishlari
mumkin; cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari, posilka, yo‘qlov
va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari mumkin; o‘z shaxsiy mablag‘lari
hisobiga
xarid
qilingan
oziq-ovqat
mahsulotlaridan va yo‘qlovlardagi
mahsulotlardan mustaqil ravishda ovqat tayyorlashni amalga oshiradi.
Umumiy tartibli koloniyalarda jazoni:
mazkur muassasaga sud hukmiga binoan kelgan mahkumlar; sud tomonidan
manzil-koloniyalardan intizomiy jazo tarzida o‘tkazilgan mahkumlar; qasddan
og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan,
ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni ozodlikdan mahrum
qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirish tartibida sudning ajrimi asosida
yuborilgan mahkumlar; rag‘batlantirish tarzida yoki sud tomonidan tayinlangan
turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilish muddatini o‘taganidan
keyin turmalardan o‘tkazilgan mahkumlar o‘taydi.
Umumiy tartibli bir koloniyadan ikkinchisiga o‘tkazilgan mahkumlar jazoni
bu yerga o‘tkazilgunga qadar belgilangan saqlash sharoitida o‘taydilar. Tarbiya
koloniyasidan o‘tkazilgan mahkumlar jazoni yengillashtirilgan saqlash sharoitida
o‘taydilar.
Qattiq tartibli koloniyalarda jazoni:
mazkur muassasaga sud hukmiga binoan kelgan mahkumlar;
turmalar va maxsus tartibli koloniyalardan rag‘batlantirish tarzida
o‘tkazilgan mahkumlar;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi
jazoni ilgari o‘tagan va qasddan jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan
mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga qayta hukm qilinib,
ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni ozodlikdan
mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirish tartibida sudning ajrimi
asosida yuborilgan mahkumlar o‘taydi.
Maxsus tartibli koloniyalarda jazoni:
mazkur muassasaga sud hukmiga binoan kelgan mahkumlar;
umrbod ozodlikdan mahrum qilinganlar, shuningdek umrbod ozodlikdan
mahrum qilish jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish bilan
almashtirilgan shaxslar;
sud tomonidan qattiq tartibli koloniyalardan intizomiy jazo tarzida
qaytarilgan mahkumlar o‘taydilar.
3. JK ning 30-moddasiga ko‘ra jinoyatda ishtirok etganlar ham jinoiy
javobgarlikka tortiladilar. Ya’ni tashkilotchi, dalolatchi va yordamchilar ham JK
Maxsus qismining bajaruvchini javobgarlikka tortish belgilangan moddasi
bo‘yicha javobgarlikka tortiladilar. Oldindan til biriktirgan guruh, jinoiy guruh va
jinoiy uyushmaning tashkilotchilari hamda a’zolari tayyorgarlik ko‘rilishi yoki
sodir etilishida o‘zlari qatnashgan barcha jinoyatlar uchun javobgarlikka
tortiladilar. Uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tashkil etgan yoki ularga
rahbarlik qilgan shaxslar shu guruh yoki uyushma sodir etgan barcha jinoyatlar
uchun, basharti, bu jinoyatlar ularning jinoiy niyati bilan qamrab olingan bo‘lsa,
javobgarlikka tortiladilar. Boshqa ishtirokchilarning jinoiy niyati bilan qamrab
olinmagan qilmish uchun uni sodir etgan shaxs javobgar bo‘ladi va jazoga
tortiladilar. Tegishli qonun hujjatlari bilan ish ko‘rib chiqilgandan so‘ng
yuqoridagi vaziyatda jinoyatda ishtirok etgan M. va S. larga sodir etgan
harakatlariga qarab jazo tayinlanadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yuqoridagi kazusda P., M., va S.lar
tomonidan JK ning 164-moddasi bilan belgilangan bosqinchilik jinoyati uyushgan
jinoiy guruh shaklida sodir etilmoqda. Bu vaziyatda jinoyatda ishtirok etganlarning
har biri alohida tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |