Virusli gepatit S (VGS) ham parenteral virusli gepatitlar guruhiga mansub bo‘lsa ham, qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Uning yashirin davri 2 haftadan 3 oygacha, ba’zan bir necha kundan 52 haftagacha davom etadi va barcha yoshdagi kishilar kasallanadi. Belgilarsiz yoki yaqqol klinik simptomlar bilan kuzatilgan hollarda ham, VGV ga nisbatan engil kechadi. VGS uchun kasallikni sariqliksiz kechishi xos; sariqlik sindromi 14 – 37 % hollarda qayd etiladi. VGS ning klinik yaqqol ifodalangan shakllari rivojlangan hollarda boshqa virusli gepatitlarga xos bo‘lgan davriylik kuzatiladi. Kasallik odatda asta-sekin rivojlanadi. Sariqlik oldi davrida umumiy zaharlanish belgilari umuman kuzatilmaydi yoki yaqqol ifodalanmagan bo‘ladi, bemorni behollik, ko‘ngil aynishi, ishtaha susayishi kabi belgilar bezovta qiladi. Sariqlik davrida umumiy zaharlanish belgilari sust ifodalanadi. Uning davomiylik muddati 10–20 kundan (ko‘p hollarda 14 kundan ortiq) iborat bo‘lib, transaminazalar miqdori ortishi kuzatiladi. VGS asosan engil kechishiga qaramay, kasallikning fulminant (yomon sifatli, og‘ir kechadigan) shakllari rivojlanishi mumkin. Uning so‘nggi shakli asoratlanmagan anamnezga ega, ammo immun tanqisligi mavjud shaxslarda, jigarning surunkali kasalligi bilan xasta bemorlarda, VGS rivojlangan hollarda, bolalarda perinatal infeksiyalanishda kuzatiladi. O‘tkir infeksiyadan so‘ng surunkali shakli rivojlanishi (50–70% hollarda) VGS ning o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi. HCV-infeksiya birlamchi gepatotsellyulyar karsinoma rivojlanishi omillaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Jigar surunkali kasalliklari rivojlanishi xavfi HCV-infeksiya o‘ta yuqori bo‘lganligi sababli, anti-HCV mavjud shaxslarda doimiy kuzatuv olib borilishi shart. Ko‘p hollarda gepatit S ning o‘tkir bosqichi kuzatilmaydigan birlamchi-surunkali shakllari aniqlanadi.
VGSning laborator tashhisi RNK-virus va unga antitanachalarni aniqlashga asoslangan. O‘tkir gepatit S bilan xasta bemorning qon zardobida gepatit S virusi RNK si PZR (RNK – HCV) usuli bilan kasallik yuqqanidan 1–2 hafta o‘tgach aniqlanadi. RNK-HCV aniqlanishi organizmda gepatit S virusi mavjudligidan dalolat beradi. Infeksiya jarayonida virusemiyaning uch turi farqlanadi:
tranzitor (o‘tkir VGS da, bemor sog‘ayishi bilan kechganda) – qisqa muddat mobaynida qayd etilib, virus eliminatsiyasi bilan kechadi;
persistirlovchi (surunkali VGS asosida) – bir necha yillar davomida muntazam ravishda RNK-HCV aniqlanishi bilan kechadi;
qaytalanuvchi kasallik boshlanishida virus aniqlanganligi va ma’lum vaqt o‘tgach RNK-HCV yo‘qolishi kuzatiladi, bir necha oydan so‘ng esa qayta aniqlanadi (ko‘p hollarda antivirus terapiya o‘tkazilganda kuzatiladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |