Jeyms Kukning birinchi, ikkinchi va uchinchi sayohati
1772-1775-yillarda «Rezolyushn» va «Edvencher» kemalarida Jeyms Kukning ikkinchi ekspditsiyasi tashkil etilgan bo`lib, uning asosiy maqsadi Janubiy materikni (Antarktida) topish va Yangi Zelandiya orollarini to`laroq tadqiq etish edi. Mazkur Yer shari bo`ylab aylanma sayohat XVIII asrning ikkinchi yarmida amalga oshirilgan geografik kashfiyotlar va tadqiqotlar ichida eng ko`zga ko`ringan voqea bo`ldi. Kuk boshchiligidagi ekspeditsiya Okeaniya va Janubiy Atlantika orollari xaritalariga aniqlik kiritish, ularning geologiyasi, hayvonot va nabotot olamini o`rganish bo`yicha katta hajmdagi tadqiqotlarni amalga oshirgan. Kukning ekspedisiyasi 1773-yilning yanvarida dengiz sayohatlari tarixida birinchi bo`lib 40° sharqiy uzoqlikda Janubiy qutb doirasini kesib o`tib, 66° janubiy kenglikdan ham janubroqqa suzishga erishdi. O`sha yili Janubiy materikni qidirib topish maqsadida yana ikki marta 71°10' janubiy kenglikkacha suzib bordi. Birinchi marta usti yassi aysberglarni uchratgan sayyoh ularni «suzib yuruvchi muz orollari», deb atagan.
Qutb yaqinida quruqlik borligiga Kuk qattiq ishonardi. Biroq, muzlarning to`planishini hisobga olib, janub tomonga boshqa suzish mumkin emas, degan xulosaga kelgan. Bu bilan sayyoh «aholi yashaydigan ulkan Janubiy materikning (Antarktida) mavjudligi» hakidagi turli taxminu farazlarga chek qo`ydi. Rus sayyohlari F.Bellinsgauzen va M.Lazarevlar 1820-yilda o`zlarining Janubiy qutb atrofi bo`ylab aylanma sayohati natijasida Antarktida materigini kashf etdilar va Kukning yuqoridagi xulosasi noto`g`ri ekanini isbotladilar.
Janubiy materikni topa olmagan Kuk Yangi Zelandiya tomon yo`l olgan. Bu yerda ekspeditsiya a’zolari mahalliy aholi o`rtasida kannibalizm (odamxo`rlik) holati mavjudligining shohidi bo`lishgan. Shu ahvolni ko`rgan va oziq-ovqat g`amlab olish uchun qirgoqqa tushgan ekipaj a’zolaridan 10 kishining sirli g`oyib bo`lishidan vaximaga tushgan «Edvencher» kemasi Kuk orolni tekshirish bilan band bo`lgan paytda o`zboshimchalik bilan Angliyaga junab ketgan. Bittagina «Rezolyushn» kemasi bilan qolgan Kuk Yangi Zelandiya qirgoqlaridagi Sharlotta qo`ltigidan yana qutb tomon yo`l olgan va 1773-yilning 21-dekabrida ikkinchi marta Janubiy qutb doirasini kesib o`tsa-da, baribir Antarktida qirg`og`ini topa olmagan.
Shundan so`ng, Kuk 1774-yilning martida Pasxa oroliga, aprelning boshlarida Maggiz orollariga va aprelning oxirida Taiti oroliga yetib bordi. Taitidan so`ng sayyoh Xuaxine, Raiatea, Do`stlik, Fiji orollariga ham langar tashladi. Ekspeditsiya tomonidan 1774-yilning 3-sentyabrida Yangi Kaledoniya oroli kashf etilgan. 1774- yilning oktyabrida sayyoh Yangi Zelandiyaning Sharlotta qo`ltigiga qaytdi va bu yerda bir oycha turib, Keyptaunga yo`l oldi. Keyptaunga kelgach, Kuk uchinchi va oxirgi marta qutb tomon suzganida Janubiy Georgiya orolini kashf etgan. Ammo sayyoh bu safar ham Antarktidani topa olmagan. Shundan so`ng, Kuk to`ppa-to`g`ri Angliyaga junab, 1775-yilning 30-iyulida vataniga qaytib keldi.
Kukning uchinchi ekspedisiyasi 1776-1780-yillarda "Rezolyushn” va "Diskoveri” deb nomlangan ikkita kemada Shimoliy Amerikaning shimolidagi dengizlar orqali Tinch okeanidan Atlantika okeaniga o`tadigan shimoli-g`arbiy suv yo`lini topish maqsadida tashkil etilgan. Ekspedisiya 1776-yilning iyulida yo`lga chiqqan va Keyptaunga keta turib, Kanar orollaridagi Tenerife orolida to`xtagan. 1776-yil dekabrda esa Keyptaundan chiqqan Kuk Tasmaniya tomon yo`l olib, Hind okeani janubidagi Kergelen orolini kashf etgan. Tasmaniyada oziq-ovqat, suv va o`tin zahiralarini to`ldirgach, ekspeditsiya 1777-yilning fevralida Yangi Zelandiyadagi Sharlotta qo`ltigiga keldi. Bu yerda Kuk avvalgi safari chog`ida hamrohlarining nobud bo`lishiga sabab bo`lgan kannibal aborigenlarni boshqa go`shtlarni ham iste’mol qilishga o`rgatish maqsadida ularga Angliyadan olib kelgan qo`lardan bir qismini ajratgan.
Kuk kemalari Yangi Zelandiyadan Taiti tomon yo`l oldi va qarshi shamol tufayli dastlab, Do`stlik orollariga, so`ngra 1777-yilning avgustida Taitiga yetib borgan. O`sha yilning dekabrida ekspeditsiya shimoliy yarimshar tomon harakat qildi va 22-dekabrda Ekvatorni kesib o`tib, 24-dekabrda Rojdestvo orolini kashf etdi. 1778-yilning 18-yanvarida Kuk Gavayi orollarini kashf qilib, ularga Sendvich orollari, deb nom bergan.
Kuk 1778-yilning aprelida Alyaska tomon borishga qaror qildi. O`sha yili avgust oyida Bering bo`gizi orqali Shimoliy qutb doirasini suzib o`tib, Chukotka dengiziga yetib oldi. Ammo suzib yuruvchi yirik muzlarning ko`pligi sababli ortiga qaytib, rus sayyohlari tomonidan ochilgan Aleut orollariga kelib, tadqiqot ishlarini davom ettirdi. 1778-yil noyabr oyi oxirlarida Kuk ekspeditsiyasi Gavay orollariga qaytib kelib, bu yerda faqat 1779-yil yanvar oyi o`rtalarida kema to`xtashi uchun qulay joy topgan.
Dastlab, Gavay orollaridagi bir necha ming kishilik mahalliy aholi bilan ekspeditsiya a’zolari o`rtasida iliq munosabat o`rnatildi. Bunga gavayliklarning Kukni o`z xudolaridan biri, deb qabul qilishgani sabab. Sayyohning kemasidagi turli buyum va anjomlar gavayliklar uchun muqaddas tuyulib, asta-sekin u-bu narsalarni ug`irlay boshladilar. Gavayliklar hatto, sayyoh suzib kelgan kemaning eng muhim qismlarini sindirib olib ketib, uning ishdan chiqishiga sabab bo`lishgan. Buning natijasida ekspeditsiya a’zolari va mahalliy aholi o`rtasida to`nashuvlar yuzaga keldi. Kemaning o`g`irlab olib ketilgan qismlarini qaytarib olish ilinjida J.Kuk gavayliklar sardori Kalaniopuni garovga oldi. Sardorlari hayotining xavf ostida qolganini payqagan gavayliklar Kuk kemasini o`rab olib, Kalaniopuni qaytarib berishni talab qilib, dengizchilarga ochiqdan-ochiq po`pisa qila boshlashgan. 1779-yilning 14-fevralida ana shunday to`qnashuvlarning birida Jeyms Kuk mahalliy aborigen tomonidan orqasiga nayza sanchib, o`ldirilgan. Ekspeditsiya a’zolari Kuk jasadining kannibal aborigenlardan ortgan qoldiqlarini oradan ancha kun o`tib, ya’ni 22- fevralda dengizga dafn etdilar.
Kukning halok bo`lganiga qaramasdan uchinchi ekspeditsiya juda sa marali bulganini ta’kidlash joiz. Bu sayohati davomida Kuk orollar zanjiriga kiruvchi 3 ta atollni, Layn arxipelagidagi 2 ta orolni va 5 ta Gavay orollarini kashf qilgan. U Shimoliy Amerikaning shimoli-g`arbiy qirgoqlarini 44°20' shimoliy kenglikdan 70°44' shimoliy kenglikka qadar o`rganib, Prins-Uilyam, Kuk, Bristol va Norton qo`ltiqlarini kashf etdi. Shuningdek, Muqaddas Ilya tog`lari, Kenay, Alyaska va Styuard yarimorollari, Alyaska va Aleut tog` tizmalarini o`rgangan. Osiyo bilan Amerika o`rtasida Bering bo`gizi mavjudligini tasdiqlab berdi.
Jeyms Kuk butun hayoti davomida «intilish va maqsadga erishish» degan shiorga qat’iy amal qilib yashagan. Uning xotirasi 20 dan ortiq geografik ob’ektlarda abadiylashtirilgan bo`lib, ular orasida uchta qo`ltiq, ikki guruh orollar va ikkita bo`giz mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |