3. Talqin tadqiqi badiiy asarning yozma yodgorlik sifatidagi qimmatini baholash, davr ruhi, muallif yondashuvi (ob’ektivlik va sub’ektivlik), badiiy asar matni haqida to‘liq tasavvur paydo bo‘lishida ob’ektiv asos bo‘lib xizmat qiladi. Zotan, matnshunoslik badiiy asarning matn zamiridagi yashirin ma’nolarini, botiniy jihatlarini ochib berish, uning yaratilish tarixi, matn o‘zgarishiga olib kelgan holatlarni aniqlash va muallif varianti saqlanib qolmagan taqdirda, asarning dastlabki ko‘rinishiga yaqin matnni tuzishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Shu jihatdan matnshunoslikni quyidagi 3 tarkibiy qismga bo‘lish mumkin:
1.Matn tarixini o‘rganish.
2.Matn talqinin tadqiq etish.
3.Matn tuzish.
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, matn bir qancha yordamchi sohalar – editsiya, arxeografiya, germenevtika, ekzegetika kabilar bilan bog‘liq holda ham tadqiq etiladi. Masalan, editsiya – hujjatli va mumtoz matnlarning ilmiy nashrini amalga oshirishdir. Arxeografiya yozma manbalarni qidirib topish, birlamchi ishlov berish, ilmiy muomalaga kiritishni nazarda tutadi. Kutubxona, turli fondlardagi qo‘lyozmalarning turkumlashtirilgan tavsifi, arxeografik qiyosiy tahlili manba matnini tuzishda muhim hisoblanadi. Bunday ishlar natijalari matn ustida ishlashning ravon borishini ta’minlaydi. Germenevtika qadimgi yozma matnlar mazmunini izohlash bilan shug‘ullanadi, matnshunoslik uchun asarning o‘tmishda tutgan o‘rni, asar umumiy mazmuni kabi ma’lumotlarni beradi. Ekzegetika esa diniy matnlarni filologik jihatdan tahlil etishda matnshunoslik ishlari bilan bevosita bog‘lanadi.
4. Adib va tarixchi Yo‘llug‘ tigin bevosita turkiy matnshunoslarning birinchisi ham hisoblanadi. U matnni tiklash, ya’ni rekonstruksiya qilish bilan birga, kerakli joylarini qayta tahrir ham etgan. Albatta, matnshunoslik tarixi o‘rganilishida bunday amaliy jarayonlarni tahlil qilish masalasi, so‘zsiz, bitiglar matni bilan aynan ish olib borishni taqozo etadi. SHuning uchun mavjud ma’lumotlar asosida shunday xulosaga kelamiz: matniy tadqiqlarning bu davrdagi asosiy xususiyati – matn mazmuni va shakliga bo‘lgan munosabatning paydo bo‘lishidir. Yo‘llug‘ tigin matnning mazmun va tuzilish jihatidan yaxlitligi hamda ularning o‘zaro munosabatga kirishuvini ta’minlashga harakat qilgan. U matnni tahrir etishda yagona mavzu, g‘oya ifodasi yo‘lida izchil qatorni tuzib chiqqan. Yo‘llug‘ tigin Kul tigin bitigidan olgan parchani Bilga xoqon bitigi matniga kiritishda mantiqiy va gnoseologik bog‘lanishni e’tiborga olgan. Turk xoqonligi davrida yozilgan mazkur yodgorliklar xususida tadqiqotlar olib borgan olimlar – Q.Sodiqov va Q.Omonov shunday yozishadi: “Ko‘k turk bitiglari o‘tganlar xotirasiga tiklangan yodgorliklar bo‘lishiga qaramay, ularda matn tuzishning aniq prinsiplari ishlab chiqilgan edi. Qiziq bir hodisa: adib va tarixchi Yo‘llug‘ tigin 732 yili, otasining topshirig‘iga ko‘ra, amakisi Kul tigin xotirasiga atab bitig yozgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 735 yili o‘z otasi Bilga xoqon xotirasiga atab o‘rnatilgan bitigni yozishda ham xuddi o‘sha yo‘lni tutgan: hatto birinchi bitigdagi matnning katta bir bo‘lagini olib, uni tahrir qilib, ikkinchi bitigga ham kiritgan. Yo‘llug‘ tiginning matnshunoslikdagi yutuqlaridan biri shunda ediki, u tarixiy matn tuzish prinsiplarini ishlab chiqdi” 1.
Garchi bu yodgorliklar ko‘proq tarixiy manbashunoslik ob’ekti bo‘lsa-da, uning tilini o‘rganish, o‘sha davr jamiyatining ahvolini badiiy nuqtai nazardan yorituvchi o‘rinlari bo‘lgani bois ular filologik matnshunoslik jihatidan ham tadqiq etilgan. Bu sohada akademik olim Alibek Rustamov va Nasimxon Rahmonovning hissalari katta. Professor N.Rahmonov turkiy yozuvlar xarakteri haqida gapirar ekan, shularni qayd etadi: “O‘rxun yozuvlarining ham, Enisey yozuvlarining ham, Talas yozuvlarining ham orfografiyasi ancha murakkab. Ana shunday murakkab sistemadagi orfografiyada ijod qilish har bir ijodkordan, shubhasiz, katta tayyorgarlik, aql-zakovat talab qilar edi”. Bundan tashqari, olimning boshqa asarlarida ham bu haqda mulohazalar yuritilgan.
O‘rxun – Enasoy yozuvlarining yana bir e’tiborli tomoni – matn tuzuvchi haqidagi ma’lumotlarning mavjudligidir. Tilshunos I.Yo‘ldoshevning “O‘zbek kitobatchilik terminologiyasi” asarida keltirilishicha, Kultigin bitiktoshidagi matnda qo‘llangan “bädiz” va “bädizchi” so‘zlari naqqoshlik, o‘ymakorlikka oid ma’nolarni anglatish bilan birga xoqonlar nutqini toshga bituvchi – “kotib” ma’nosini ham ifodalaydi.
O‘rxun–Enasoy yozuvi bilan birga uyg‘ur alifbosidan ham foydalanilgan va bu yozuv turkiy xalqlar orasida XVI asrgacha ancha keng ishlatilgan. Qadimdan kotiblar yuksak mas’uliyatli vazifani bajaruvchi kishilar hisoblangan. Hatto qadimgi manbalarda ham ular ulug‘langan. “Uyg‘ur yozuvli manbalarda kotiblar bitigçi, ïlïmγa (alïmγa), baxşï, ka:tib deb atalgan”.
5. Matnshunoslik ishlari shakllanishi bilan bog‘liq yana bir hodisa kitob tuzish ishlarining joriy etilishi bo‘ldi. Q.Sodiqovning yozishicha, “turk buddaviylari orasida ancha keng tarqalgan kitob turi potxidir. Bunday usul bilan kitob tayyorlash uchun, dastavval, kitobga mo‘ljallanayotgan varaqlar o‘rtasiga bir o‘lchamda doirachalar chizib chiqilgan. Matnni yozayotgan paytda esa satr doiraga kelib tutashganda to‘xtatilib, doirachaning ikkinchi yog‘idan davom ettirilavergan. Shunday qilib, doiracha ichi bo‘sh qolgan. Qo‘lyozma to‘liq qo‘ldan chiqqach, haligi doirachalar o‘rtasidan teshib chiqilgan. Varaqlarni dastalab turib, ularning teshigidan ipga tizilgan. So‘ngra qog‘oz bichimiga teng ikki payraxa olib, taxlog‘liq qog‘ozning ikki yog‘idan qoplangan va tizimchasi mahkamlab qo‘yilgan. O‘z navbatida, payraxalar muqova vazifasini o‘tagan hamda kitobni yaxshi saqlash imkonini bergan. Kitobni o‘qish zarur bo‘lgan taqdirda tizimchasi bo‘shatilib, foydalanib bo‘lgach, yana joylab qo‘yilavergan”. Potxi usulida kitob tartib berishni qadimgi hindlar kashf etgan bo‘lib, turklarga Tibetdan o‘tganligi qayd etiladi.
Kitob bosishning ilk namunalari qadimgi Xitoy tarixidan ham o‘rin olgan. “Milodiy 868 yili Xitoy ustasi Van Sze kitob bosish uchun yog‘och gravyuradan foydalangan. Kitob bosishning bunday usuli ksilografiya deb atalgan, unda kitob bosish texnologiyasi juda oddiy, lekin mashaqqatli bo‘lgan”
6. Turkistonda kitob bosishning ikki xil usuli qo‘llandi. Birinchisi tipografik (mixbosma) usul bo‘lib, unda mix shaklidagi metall harflarni qo‘lda terish orqali kitob bosilgan. Bunda arab yozuvining nasx yozuvidan keng foydalanilgan. Ikkinchisi esa litografiya (toshbosma) usul, unda dastlabki, asosiy ishni xattot bajargan. Xattot bosiladigan kitobning matnini maxsus qog‘ozga ko‘chirgan. Bu qog‘ozdagi matn toshqolip sirtiga o‘tkazilgan va unga kimyoviy ishlov berilgan. So‘ngra ana shu toshqoliplardan nusxalar olingan. Xattot toshbosmaga matn ko‘chirganda asosan nasta’liq xatidan foydalangan. Lito-tipografikka nisbatan litografik usul keng qo‘llangan. Bunga Alisher Navoiy asarlarining 1879–1917 yillar davomida Turkiston shaharlaridagi ko‘p matbaalarda bosilgan 70ga yaqin nashri faqat toshbosma usulida amalga oshirilganligi misol bo‘la oladi.
O‘rta Osiyoda toshbosma usulidagi dastlabki matbaa Xivada Muhammad Rahimxon II saroyida yuzaga keladi. “Sharqda birinchi matbaa 1832 yili Eronda paydo bo‘lgan edi. Shuning uchun Erondan Ibrohim Sulton nomli matbaachi Xiva saroyiga taklif etiladi. Ibrohim Sulton mahalliy yoshlardan Otajon Abdalovga matbaachilik sirlarini o‘rgatadi, 1874 yildan boshlab ba’zi hujjatlar toshbosma usulida chop etila boshlaydi”
7. Matnlarni klassifikatsiya qilish (tasniflash) usuli. Matnlar janr va nashr turlari bo‘yicha tasniflanadi. Janr turlariga adabiy (devon, doston-masnaviy, qasida va shu kabilar), tarixiy (tarix-yilnomalar, tazkira-esdalik, manoqib, vaqfiya va shu kabilar), yozishmalar (maktubot, ruq’aot, munshaot va shu kabilar), diniy (tafsir, ta’vil, fiqh, kalom, tasavvuf va shu kabilar), fan sohalariga bag‘ishlangan matnlar kiradi. Turli to‘plamlar, monografik risolalar, majmualar, bayozlar shaklida ko‘chirilgan yoki toshbosma usulida chop etilgan asarlar nashr turlari bo‘yicha tasniflanadi.Tasniflash matnshunos uchun muhim ahamiyatga ega. Zero, tadqiq etilayotgan matn turli janr va nashr turlariga xos belgilarga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, tazkiralarda biografik ma’lumotlar bilan birga she’rlardan parchalar, xatlardan namunalar yoki tarixiy lavhalar qorishiq keladi. Devonlar esa, muayyan strukturaga ega bo‘lib, bu tartib buzilishi uning majmuaga aylanib qolishiga olib keladi. Bayozlar tazkiralar kabi to‘plam-antologiyalar xarakterida bo‘lsa-da, ularning tarkibini shoirlar ijodlaridan namunalar tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |