Javoblar (1-variant) Beknazarov Sh
1. Investitsiya va investitsiya loyihalarining ahamiyatidan kelib chiqib, ularni moliyalashtirish uchun manbalar qidirib topish, jalb qilish hamda moliyalashtirishni muayyan shaklda to‘g‘ri tashkil etish loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Investitsiyalarni loyihaviy moliyalashtirish ana shunday muvaffaqiyatni ta’minlovchi samarali moliyalashtirish shakllaridan biri sifatida, asosan, yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda bir manbadan mablag‘larning etishmovchiligi yuzaga kelganda, yuqori risklar mavjud sharoitda loyihalarni moliyalashtirishning muhim vositasi hisoblanadi.
Loyihaviy moliyalashtirish mazmuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining yo‘riqnomalarida quyidagicha izohlanadi: “loyihaviy moliyalashtirish - bu bank tomonidan kreditni berish, baholash va monitoringini olib borish jarayoni bo‘lib, bunda kredit ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining normal ishlashi uchun qurilish, qayta ta’mirlash yoki texnik qayta qurollantirish, shu jumladan, asbob-uskunani sotib olish yoki asosiy fondlarni tashkil etish hamda ishchi kapitalni sotib olishga yo‘naltiriladi”.
Loyihani amalga oshirish orqali ko‘rilgan qo‘shimcha daromad kreditni qaytarishning asosiy manbai bo‘lib hisoblanadi. Agarda loyihani amalga oshirish orqali qo‘shimcha daromad olinmasa yoki loyiha bo‘yicha ishlab chiqarishni modernizatsiyalash orqali iqtisodga erishilmasa, bunday moliyalashtirishni loyihaviy moliyalashtirish, deb bo‘lmadi, u biznes-reja asosida amalga oshiriladigan moliyalashtirish hisoblanadi.
Loyihaviy moliyalashtirish - bu regressiz yoki qarzdorga bo‘lgan kreditning chegaralangan regressida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun maqsadli kreditlash bo‘lib, bunda qarz oluvchining to‘lov majburiyatlarini ta’minoti sifatida, investitsiya faoliyati davomida to‘plangan pul mablag‘lari hisoblanadi.
Loyihaviy moliyalashtirishda kreditni qaytarishning manbai bo‘lib, loyihani amalga oshirish natijasida olingan daromad hisoblanadi. Tijorat yoki investitsiya kreditida esa kreditning qaytarish manbasi bo‘lib, qarzdorning umumiy faoliyatidan olgan doromadi bo‘lishi mumkin. Kreditni qaytarishning asosiy manbai loyihani hayotga tatbiq etishdan olingan sof foyda va pul oqimlari hisoblanadi. Loyihaviy moliyalashtirish - bu investitsiya loyihalarini kreditlashtirishning bir turi bo‘lib, kreditor bu loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq risklarni qisman yoki to‘liq o‘z zimmasiga oladi. Agar banklarning oddiy kredit operatsiyalarida, eng avvalo, qarzdorning kreditga qobiliyatliligini o‘rganishga, uning moliyaviy va iqtisodiy holatini, barqarorligini, shuningdek, garov sifatida foydalanadigan mol-mulklarni baholashga asosiy ahamiyat berilsa, loyihaviy moliyalashtirishda esa loyihaviy tahlilga asosiy e’tibor qaratiladi.
Qisqa qilib aytganda: Loyihaviy moliyalashtirish – bu yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda bir qancha bank resurslarining birlashishi va risklarning loyiha ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanishini anglatadi.
2. Jahondagi ko‘pgina banklar o‘z faoliyatida o‘z zimmasiga qanday risk darajasini olishiga qarab, loyihaviy moliyalashtirish quyidagi uch turga ajratilgan:
1. Regress xuquqisiz kreditlash
2. To‘liq regress huquqi bilan kreditlash
3. Cheklangan regress huquqi bilan kreditlash
Qarz oluvchiga nisbatan hech qanday regressiz bo‘lgan loyihaviy moliyalashtirishda kreditor o‘z zimmasiga loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq barcha siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, savdo-sotiq risklarini oladi. Bunda kreditor faqatgina loyiha, kredit va foiz to‘lovlari uchun bo‘lgan pul oqimlarini nazarda tutadi. Loyihaviy moliyalashtirishning bu ko‘rinishi qarz oluvchi uchun eng narxi baland hisoblanadi, chunki kreditor bunday risk darajasini o‘ziga olar ekan, unga teng keluvchi kompensatsiyaga ham haqli bo‘ladi.
Qarz oluvchiga nisbatan to‘liq regressli loyihaviy moliyalashtirish jahon amaliyotida ko‘proq tarqalgan. Bu turning afzallik tomonlari shundan iboratki, qarz oluvchi loyihani moliyalashtirish uchun pul vositalarini nisbatan tezroq olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Moliyalashtirishning boshqa turlaridan pul mablag‘larini jalb qilishning narxi arzon bo‘lishi bilan farqlanib turadi.
Qarz oluvchiga nisbatan to‘liq regressli loyihaviy moliyalashtirish quyidagi hollarda ishlatilishi mumkin:
respublika yoki regional ahamiyatga ega, infrastrukturani shakllantirish bo‘yicha daromadsiz bo‘lgan, pastrentabelli loyihalarni moliyalashtirish uchun pul mablag‘lari kerak bo‘lganda;
eksport kredit shaklida pul mablag‘larini taqdim etishda, chunki eksport kreditlarni berish bo‘yicha maxsus tashkilotlar qo‘shimcha uchinchi taraf garovsiz loyiha risklarini o‘z zimmasiga olish huquqiga egadirlar va kreditni faqatgina shunday shaklda berishga tayyorlar;
loyiha bo‘yicha kafolatlarning etarli bo‘lmaganida;
investitsion xarajatlarining ko‘payishiga katta ta’sirchanligi bo‘lgan kichik loyihalarga pul mablag‘lari taqdim etilganda.
Qarz oluvchiga nisbatan cheklangan regressli loyihaviy moliyalashtirish loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha loyihalarni nazarda tutadi. Loyiha risklari loyiha ishtirokchilari orasida shunday taqsimlangan bo‘ladiki, ularga bog‘liq bo‘lgan risklarni o‘zlari qabul qilishga tayyor bo‘ladilar.
3. Investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning yangi, usuli sinditsirlashtirilgan kreditlash paydo bo‘ldi. Iqtisodiy adabiyotlarda bu so‘zning aniq atamasi yo‘qligi sababli, ko‘pchilik hollarda moliyalashtirishning bu turini sindikatlashtirilgan kredit, deb ham ataladi.
Sindikatlashmoq, sindikat tuzib birlashmoq ma’nosini bildirib, investitsiyalarni moliyalashtirish tizimida yirik investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirishni tashkil etish usullaridan birini anglatadi. Investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda sindikatlashtirilgan kreditning asosiy xususiyati shunday iboratki, bunda bir necha kreditorlarning mavjudligi, moliyalashtirish uchun berilgan kredit summasi va u bilan bog‘liq risklarning ishtiroki kreditorlar (banklar) o‘rtasida taqsimlanishidadir.
Investitsiya loyihalarni moliyalashtirishda sindikatlashtirilishi mumkin bo‘lgan kreditlarga loyihaviy moliyalashtirish ham kiradi. Loyihaviy moliyalashtirishda kreditni qaytarishning manbai bo‘lib, loyihani amalga oshirish natijasida olingan foyda hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda yirik investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish, faqatgina maqsadli moliyalashtirilgandagina samarali amalga oshirilishi mumkin. Maqsadli moliyalashtirish kredit resurslaridan foydalanishdagi o‘sha javobgarlikni bartaraf etadi.
Maqsadli moliyalashning afzalligi shundaki, bunda kreditor nafaqat qarz resurslarini taklif qiladi, balki ularni qulay shartlarda tovarlar bilan ta’minlaydi.
Moliyaviy globalizatsiya davrida investitsiya loyihalarini xalqaro kreditlash jarayonida loyihaviy moliyalashtirish tobora samarali moliyalashtirish shakli bo‘lib kelmoqda. Loyihaviy moliyalashtirish deganda odatda bank tomonidan investitsiya loyihasini moliyalashtirishdagi maxsus kreditlash turi tushunilib, bunda regressiz yoki qarzdorga bo‘lgan kreditning chegaralangan regressida yirik investitsiya loyihalarini maqsadli moliyalash (kreditlash) tushunilib, bunda qarz oluvchining to‘lov majburiyatlarining ta’minoti bo‘lib, mazkur loyiha faoliyatidan olgan daromadlari hamda bu loyihaga taaluqli aktivlar hisoblanadi.
Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda loyihaviy moliyalashtirishning turli sxemalari asosida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bulardan biri «Evro tunel» investitsiya loyihasini moliyalashtirishdir. Bu investitsiya loyihasiga asosan Buyuk Britaniyani Evropa kontinenti bilan bog‘lab, sof xususiy sektorlarning (xukumat va xalqaro tashkilotlar aralashuvisiz) investitsiyalariga barpo etilgan va loyiha qiymati 7 mlrd funt sterlingni tashkil etgan. Ushbu loyihani amalga oshirishda 198 ta bank o‘z mablag‘lari bilan ishtirok etgan.
Investitsiya loyihalarini uzoq muddatli moliyalashtirishda ko‘pchilik loyihani moliyalashtirishning sindikat kreditlari shakliga zarurat sezmoqda. Bunda kredit bitimi shartlarini tashabbuskor bank o‘rnatadi va u boshqa banklarni bu loyihani moliyalashtirishda ishtirok etishni taklif etadi.