Janubiy Afrika Afrikaliklar Milliy Kongressi, hukmron partiya, 1912-yilda asos solingan; Yangi millat partiyasi, 1914-yilda tashkil etilgan; Demokratik partiya, 1989-yil tashkil etilgan; Janubiy Afrika konservativ partiyasi, 1982-yil tuzilgan; Milliy xalq partiyasi; Panafrika kongressi, 1959-yil tuzilgan; Janubiy Afrika Kommunistok partiyasi, 1921-yil tuzilgan. Janubiy Afrika kasaba uyushmalari kongressi, 1985-yil tashkil etilgan. Janubiy Afrika Respublikasi — xoʻjaligi yuksak darajada rivojlangan industrialagrar mamlakat, Afrikada iqtisodiy jihatdan eng taraqqiy etgan davlat. Unda sanoati rivoj topgan mamlakatlarga xos koʻrsatkichlar ham, uchinchi dunyo mamlakatlari uchun xos boʻlgan ayrim iqtisodiy belgilar ham uchraydi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi jihatidan Janubiy Afrika Respublikasi dunyodagi 20 yetakchi industrial mamlakat katoriga kiradi. Butun Afrika xududining 5 % ni va aholisining 9 % ni egallovchi Janubiy Afrika Respublikasi ulushiga qitʼa yalpi ichki mahsulotining 27 %, sanoat mahsulotining 40 %, qishloq xoʻjaligi mahsulotining 30 % toʻgʻri keladi.
Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari — ishlab chiqaruvchi sanoat (yalpi ichki mahsulotning 22,6 %), konchilik sanoati (13 %), moliya (15,21 %), savdo va sayyoxlik industriyasi (11,52 %), transport va aloqa (9,11 %), qishloq xoʻjaligi (5 %) va baliqchilik (4,7 %). Xizmat koʻrsatish sohasi, neft va gaz qazib olish hamda qayta ishlashni istiqbolli sohalar qatoriga qoʻshish mumkin.
Sanoati. Janubiy Afrika Respublikasi oltin (yiliga oʻrtacha 530 t dan koʻproq), platina metallari guruxi (100 t ga yaqin), vanadiy, xrom va marganets rudalari, surma, olmos qazib olishda dunyoda oldingi oʻrinlarda, koʻmir qazib chiqarishda 5-oʻrin, uran qazib chiqarishda 7-oʻrinda turadi. Temir rudasi, mis, asbest va boshqa ham qazib olinadi. Yiliga oʻrtacha 170 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Qora metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, neftni qayta ishlash, sement, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati rivojlangan.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotining deyarli hammasi oq tanlilarga qarashli fermer xoʻjaliklari hissasiga toʻgʻri keladi. Asosiy ekinlari: makkajoʻxori (7,7 mln. tonna, 1999), shakarqamish (21 mln. tonna), bugʻdoy (1,5 mln. tonna), kartoshka, tamaki, sitrus va boshqa mevalar. Mamlakat hududining taxminan 80 % (98 mln. gektar)dan qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun foydalaniladi. Qariyb 1,4 mln. gektar yer sugʻoriladi. Ekinlarni sugʻorish uchun Vaal, Ulifants, Krokodayl, GreytFish va boshqa daryolardan suv olinadi. Chorvachilikda qoramol, qoʻy, echki, choʻchqa boqiladi. Qoʻy juni yetishtirishda mamlakat faqat Avstraliya, Yangi Zelandiya, Argentinadan keyingi oʻrinda turadi. Sut chorvachiligi asosan yirik shaharlar atrofida.
Transporti. $1ransport yoʻlilarning uz. — 33,8 ming km, shundan 5 ming km ga yaqini elektrlashtirilgan. Qattiqqoplamali avtomobil yoʻllarining uz. — 56,4 ming km. Neft va neft mahsulotlari portlardan asosiy sanoat markazlariga quvurlar orqali oqiziladi. Dengiz floti rivojlangan. Eng muhim portlari: Durban, Keyptaun, Port-Elizabet, IstLondon. 3 ta xalqaro aeroport bor.
Tashqi savdo aylanmasi yiliga 40 mlrd. AQSH dollaridan oshadi. Chetdan asosan mashina va asbob-uskunalar sotib oladi, chetga mineral va qishloq xoʻjaligi xom ashyosi, olmos va metallar, kimyo va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari chiqaradi. Janubiy Afrika Respublikasi jun eksport qilishda dunyoda 4-oʻrinda turadi. Yiliga salkam 70 mln. litr vino eksport qiladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Shveysariya, Pul birligi — rand.
Do'stlaringiz bilan baham: |