Madaniy predmetlilik. Inson faoliyati – madaniyatning zaruriy elementi. U madaniyatni qadriyatlar yaratish jarayoni sifatida tavsiflaydi. Madaniyat faoliyatda inson ongi vositasida ro‘yobga chiqariladi va ijtimoiy tajriba, faoliyat usullari va dasturlarini avlodlarga qoldirish uchun imkoniyat yaratadigan madaniy predmetlilikni o‘z ichiga oladi. Madaniy predmetlilik keng tushuncha bo‘lib, u jamiyatdagi bilimlar, ko‘nikmalar, me'yorlar va qadriyatlarni gavdalantiruvchi barcha narsalarni qamrab oladi. U moddiy madaniyat elementlari - moddiy ishlab chiqarish vositalari, mahsullari va infratuzilmasini, ro‘zg‘or buyumlari va shu kabilarni o‘z ichiga oladi. Madaniy predmetlilik til va nutqda, axloqiy xulq-atvor va san'at asarlarida, huquqiy va siyosiy xulq-atvorda, ilmiy asarlar va diniy rasm-rusumlarda mujassamlashgan ma'naviy madaniyatni ham qamrab oladi. Moddiy va ma'naviy madaniyat bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Bu bog‘liqlik quyidagilarda o‘z ifodasini topadi: birinchidan, ijtimoiy g‘oyalar va tasavvurlar o‘zining moddiy ifodasini topadi (til, ramzlar, san'at asarlari va shu kabilar ko‘rinishida). Ikkinchidan, moddiy madaniyatning har qanday predmetida muayyan mazmun (reja, niyat, kayfiyat, bilimlar va sh.k.) aks etadi. Umuman olganda insonning mehnat faoliyati va o‘zga faoliyatda mujassamlashgan ma'naviy dunyosi madaniyatning mazmuni hisoblanadi. Shu sababli madaniy predmetlilik ramziy tabiatga ega: narsalar, san'at asarlari, imo-ishoralar va hokazolarda mazkur predmetlarni yaratgan inson mazmuni «shifrlangan» bo‘ladi. Madaniyat predmetlarini idrok etar ekanmiz, biz ularning mazmunini «o‘qiymiz» va ularni yaratgan kishilar haqida axborot olamiz.
Madaniyat bilimlar, qadriyatlar va ma'nolar manbai sanalgan o‘z tiliga ega. Madaniy kommunikatsiya vositalari nafaqat shaxslararo muloqot tilini, balki fan, siyosat, targ‘ibot, boshqaruv, din tillarini ham o‘z ichiga oladi. Ular qatoriga madaniy kommunikatsiya noverbal vositalari – imo-ishora, mimika, ust-bosh, zargarlik buyumlari, soch turmagi, tatuirovka va shu kabilar ham kiradi. Madaniy predmetlilik ongli faoliyat mahsuli bo‘lib, madaniyatning har bir elementida muayyan mazmun aks etadi, umuman madaniyatda esa kishilar ko‘plab avlodlarining orzu-umidlari, bilim va ishtibohlari, quvon va qayg‘ulari o‘z ifodasini topadi. Madaniyatning jamiyat uchun ahamiyati ayni shu omillar bilan belgilanadi. Madaniy qadriyatlarning boy berilishi avlodlar o‘rtasidagi aloqa uzilishiga sabab bo‘ladi, jamiyatni ortga uloqtirib yuboradi, uning mavjudligini xavf ostida qoldiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |