Oraliq sivilizatsiya yoki o‘tish davri sivilizatsiyasi ulkan inshootlar (to‘g‘onlar, kanallar va sh.k.) barpo etish, yangi hududlarni bosib olish yoki o‘z hududini tashqi dushmandan himoya qilish (masalan, Buyuk Xitoy devori) zaruriyati tufayli vujudga keladi. Natijada an'analari va qadriyatlariga ko‘ra har xil lokal hamjamiyatlarning mexanik birlashuvi yuz beradi. Mazkur birlashuv rasmiy xususiyat kasb etadi va idrok etish ancha qiyin bo‘lgan normativ-huquqiy qoidalarga muvofiq va jamiyatni tashkil etishning lokal hamjamiyatlar ko‘nikkan hayot tarziga zid bo‘lgan shakllarida amalga oshiriladi. Aksariyat hollarda jamiyatni birlashtirish vazifasi davlat tomonidan va asosan kuch ishlatish yo‘li bilan hal qilinadi. Ayni shu sababli normalar tizimi asosan birlashtiruvchi mexanizm sifatidagi davlat ehtiyojlarini aks ettiradi. Bundan o‘tish davri sivilizatsiyalariga xos bo‘lgan huquqiy nigilizm kelib chiqadi. Davlat qadriyatlari va lokal hamjamiyatlarning qadriyatlari asosan bir-biriga zid bo‘lgani bois ularning o‘rtasida to‘qnashuv yuz berishi mumkin. Qattiq davlat intizomi, ko‘p sonli soliqlar to‘lash, amaldorlarning o‘zboshimchaligi, rekrut majburiyati, urushlarda ishtirok etish zaruriyati kabi davlatning bu talablari aholining aksariyat qismida norozilik uyg‘otadi.
Shunday qilib, jamiyatning muhim xususiyatlari ijtimoiy hayotni tashkil etishning keng ko‘lamli shakli sanalgan sivilizatsiyaga asoslanadi. Sivilizatsiyalar vaqtda va makonda o‘ta barqaror bo‘ladi, individlar va ijtimoiy guruhlarning aloqalarini tartibga soladigan va jamiyatning moddiy asoslarini ham, ma'naviy asoslarini ham belgilaydigan umumiy normalarga asoslanadi. Ular madaniyat va ijtimoiy munosabatlarning umumiy shakllarini yaratib, jamiyat hayotining tizim tashkil etadigan muhim asosi sifatida amal qiladi. Sivilizatsiya – avlodlar vorisiyligini ta'minlovchi tarixiy tajriba manbaidir.
Sivilizatsiya ijtimoiy hayotning barcha omillarini: madaniyat va madaniyatsizlikni, yutuqlar va kamchiliklarni o‘zida birlashtiradi. Ma'lumki, jamiyat rivojlanishiga qarab uning normalari eskirib boradi. Ular mazkur sotsiumning o‘zgargan yashash sharoitlari bilan to‘qnashib, uning mavjudligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid soladi. Ammo muhimi shundaki, normalar o‘z holicha jamiyatning saqlanishini kafolatlamaydi, ular mazkur normalarga amal qilishga, ulardan o‘z faoliyatida foydalanishga, ularni o‘ziga xos tarzda talqin qilishga qodir bo‘lgan odamlarni shakllantirishni nazarda tutadi. Shu sababli madaniyat sivilizatsiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |