Sivilizatsiya – bu, avvalo, madaniyat yutuqlaridir. Bir madaniyat-ning o‘zi esa bir nechta sulola va davlatlardan uzoq yashashi mumkin. O‘z navbatida, bir sivilizatsiyaning o‘zi ham shunchalik uzoq umr ko‘radiki, umri davomida bir-birini bosib olgan turli davlatlarni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Sivilizatsiya turli hududlarga tarqalishi, ularni bosib olishi (faqat kuch ishlatish yo‘li bilan emas), yangi -yangi xalq va davlatlarni egallashi mumkin.
Hozirgi davrdagi madaniyatning ilmiy tushunchasi insoniyat tomonidan yaratilgan va yaratilishi davom etayotgan ma’naviyat, ruhiyatning o‘ziga xosligini anglashi natijasida vujudga keldi. Insoniyat «tabiiy» turmush tarzi asosida yashagan davrda: ya’ni, terib iste’mol qilish, ov qilish, baliq tutish, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullangan vaqtlarda madaniyat to‘g‘risidagi fikrning tug‘ilishi munozaralidir. Oddiy, bir maromda rivojlanuvchi jamiyatda inson o‘z madaniyati bilan «qo‘shilib» yashagan. Urf-odatlar, e’tiqodlar, hayotning moddiy va ijtimoiy shakllari undan farq qilmagan. Madaniyatning avtonomiyasi namoyon bo‘lishi uchun muayyan darajada texnikaning rivojlanishi va mehnatning ijtimoiy-lashuviga erishish talab etiladi.
Shu asosda madaniyat asta-sekinlik bilan insoniyatdan tobora ko‘proq mustaqil bo‘lib boradi. Aksincha insonning madaniyatga tobeligi ortadi.Hozirgi postindustrial jamiyatlardagi ekologik, ma’naviy va axloqiy sohalardagi mavjud muammolar fikrimizning dalilidir.
Shuning uchun madaniyatni fenomen sifatida idrok etish, uning rivojlanish qonunlarini tushunish va shu tushunchalar asosida madaniyatni boshqarishga o‘rganish zaruriyat bo‘lib qoladi. Kundalik hayotda va fanda madaniyat atamasidan foydalanish to‘g‘risidagi mulohazalarni xulosa qilib shuni aytish mumkinki, madaniyat eng keng ma’noda insonni o‘rab turgan tabiatdan, ijtimoiy munosabatlarda va bevosita o‘zida stixiyali ravishda vujudga kelgan tayyor ma’lumotlardan foydalanishni, ongli ravishda ajratib olishni taqozo etadi. Madaniyat tabiatdan farq qiladi, an’analar, ramzlar, til, bevosita taqlid qilish va amaliy o‘rganish orqali avloddan-avlodga singdiriladi. Madaniyat shaxs tomonidan, uning sotsial jihatdan shakllanishi jarayonida o‘zlashtiriladi va asosan keng tarqalgan va ko‘pchilik qabul qilgan axloq, tafakkur va his qilishning parchalaridan tashkil topib, individual harakatlar hissasi bunda juda kamdir.
Oddiy ongda madaniyatni tushunishning xususiyati bevosita unda amaliy ishtirok etilishiga bog‘liqligidadir. Madaniy voqelik-larga inson befarq munosabatda bo‘la olmaydi. Uning qadriyatlarga munosabati va hissiy emotsional tasavvurlari bolalik davrida to‘plagan tajribasidan boshlanadi va kishining jamiyatda tutgan o‘rniga, yoshiga, mavqeiga ham bog‘liqdir. Shu nuqtai nazardan, u o‘ziga begona bo‘lgan urf-odatlar va xatti-harakatlarga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |