Milliy va umuminsoniy qadriyatlarda an‟anaviylik va zamonaviylik munosabati.
Qadriyatlar amal qilish doirasiga ko'ra milliy, mintaqaviy va umuminsoniy qadriyatlarga bolinadi.
Milliy qadriyatlar alohida olingan xalq, millat va elatlarning o'z tarixiy taraqqiyoti davomida yaratadigan barcha moddiy va ma‟naviy boyliklar, urf-odatlari, marosimlari, bayramlari va millatlarning o'zligini belgilaydigan boshqa o'ziga xos tomonlari yig'indisidan iboratdir. Bu o'ziga xoslik moddiy, ma‟naviy, ijtimoiy, oilaviy hayot, turmush tarzida namoyon bo'ladi. Bundan tashqari, xalq amaliy san‟ati, xalq o'yinlari, rasm-rusumlari, urf-odatlari, marosimlari milliy qadriyatlarga kiradi.
Har qanday millat ijtimoiy-tarixiy birlik sifatida o'ziga xos, betakror jihatlarga ega. O'z milliy qadriyatlarining obyekti va subyekti sifatida har bir millat qadriyatlarini rivojlantirib, takomillashtirib boradi. Shu bilan birga o'zi ham ijtimoiy taraqqiyot jarayonida o'zgarib, yangilanib, rang-barang jihatlar kashf qilib boradi, bu ikkala hususiyat ham milliy qadriyatlarda aks etadi.
Milliy qadriyatlar milliy makonda shakllanadi, rang-barang tarzda namoyon bo'ladi, kishilar ongiga ta‟sir qiladi, ular uchun ma‟naviy mezonlar rolini o'ynaydi, ijtimoiy rivojlanish jarayonida doimiy yangilanib, ya‟ni zamonaviylik kasb etib, avloddan-avlodga an‟anaviylik asosida o'tib boradi.
Milliy qadriyatlar kishlarning o'zaro munosabatlari, ijtimoiy faoliyati, xatti-harakatlari hamda ular bilan bog‟liq bo'lgan maqsad, ehtiyoj, qiziqish va intilishlari uchun asos bo'ladi, moddiy va ma‟naviy sohalarda muayyan natijalar, ya‟ni milliy-madaniy boyliklar, yutuqlar sifatida namoyon bo'lishi ham mumkin.
Mintaqaviy qadriyatlar bir-biriga yaqin bo'lgan sharoitlarda yashagan va mehnat qilgan, tarixi tutash bo'lgan mamlakatlar va xalqlarda uchraydi. Masalan, Markaziy Osiyo xalqlari turmush sharoitlari, tili, madaniyati, dini, urf-odatlari bir-biriga yaqin bo'lishi ko'plab umummintaqaviy qadriyatlar shakllanishiga olib kelgan. Mehmondo'stlik, bolajonlik, yaqin qo'ni- qo'shnichilik, kattalarni hurmat qilish, kichiklarni izzat qilish, qarindosh-urug‟lar, dostlar bilan yaqin aloqada bo'lish, saxiylik, halol bilan haromni farqlash Markaziy Osiyo xalqlarining hammasiga xos bo'lgan ma‟naviy fazilatlardir.
Umuminsoniy qadriyatlar jahon sivilizatsiyasining yaxlitligi, uning barcha bosqichlari bir- biri bilan uzviy bog‟langanligining ifodasidir. Umuminsoniy qadriyatlar deb barcha insonlarning tarixi, merosi, istiqloli, istiqboli va manfaatlarida mavjud bo'lgan tutash, umumiy bo'lgan zaminlar va manfaatlar asosida tashkil topgan, taraqqiyotning yangi bosqichida ham barchaning manfaatiga mos keladigan ijtimoiy, siyosiy va ma‟naviy hodisalar va boyliklarga aytiladi.
Umuminsoniy qadriyatlar qandaydir o'zgarmas, aqidaviy tushunchalar emas. Davrlar o'tishi, sharoit, talab va ehtiyojlarning o'zgarishi bilan ularning mazmuni, baholash mezonlari ham o'zgarib boradi. Umuminsoniy qadriyatlar turli davlatlar, xalqlar o'rtasidagi ko'prik vositasini o'tab, insonlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi, hamjihatlik va hamkorlikka chorlovchi kuch vazifasini o'taydi. Umuminsoniy qadriyatlar milliy va mintaqaviy qadriyatlarning umumlashgan ifodasidir.
Insonparvarlik g'oyalariga sadoqat, demokratiya, ijtimoiy adolat, inson huquqlari ustunligi, xalqlarning milliy mustaqillik uchun bo'lgan kurashlarini himoya qilish, kishilarni do'stlik, hamkorlik va hamdardlikka chorlash, tinchlik, osoyishtalikni ta‟minlash, tabiatni asrash va bohqalar umuminsoniy qadriyatlarning hozirgi kunda katta ahamiyat kasb etayotgan jihatlaridir.
Qadriyatlarning tarix sinovidan o'tganligi, jamiyat rivojlanishiga ijobiy ta‟siri, inson va xalqlarning maqsad va manfaatlariga to'g'ri kelishi, yangiliklarni qabul qilishga tayyorligi va jamiyat taraqqiyotida ahamiyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |