" Jaloliddin Davoniy"
Davoniy (1427-1502). To’liq ismi – Jaloliddin Muhammad Ibn Asad as-Siddiqiy al-Davoniy. Eronning Davon qishlog’ida tug’ilgan va dastlabki ma’lumotni shu yerda olgan. So’ng Sherozda Dor ul-aytom madrasasida tahsil oldi, fiqh va ilm-fan sirlarini o’rgandi, otasi Davoniyning ilm-fanni chuqur egallashiga katta yordam beradi. Madrasani tamomlagach, madrasada mudarrislik va Sheroz shahrida qozilik vazifasini bajaradi. So’ngra Dor ul-aytom madrasasida dars bergan. Asarlari: «Risolai isboti vojib» («Zaruriyatning isboti haqida risola»), «Risolat ul-mufradot» («Moddalar haqida risola»), «Risolat ul-huruf» («Harflar haqida risola»), «Risolati fi tavjix ul-tashbix» («Mijoz talqini haqida risola»), «Risola dar elm un-nafs» («Ruhshunoslik to’g’risida risola»), «Tariqati tarbit ul-avlod» («Bolalarni tarbiyalash usuli»), «Arznoma» («Armiyani boshqarish san’ati») hamda eng mashhur asari «Axloqi Jaloliy». Olim bolalarning yaxshi xislatlarni egallashida muhit va tarbiyani muhim deb ta’kidlaydi hamda bolalarning xulq-odobini shakllantirishda oila va maktabning o’rniga katta e’tibor beradi. Olimning pedagogik qarashlari diqqatga sazovordir. «Axloqi Jaloliy» - Jaloliddin Davoniyning axloqqa oid asari. To’liq nomi «Lavomi ul ashroq fi makorim il-axloq» «(Yaxshi xulqlarda nurlar ziyosi)». Asar Oq qo’yunli sulolasining asoschisi Hasanbekning iltimosiga ko’ra uning o’g’li Sulton Halilga atab yozilgan. Unda axloqiy muammolar ijtimoiy-falsafiy nuqtai nazardan tahlil qilinadi. Asarni yozishda muallif Arastu, Aflotun, Ibn Miskaveyx, Abu Nosir Farobiy, Ibn Sino va Nasriddin Tusiylarning axloqiy ta’limotlaridan foydalangan. Risola uch qismdan iborat bo’lib, birinchi qismida xulqiy tarbiya va axloqiy xislatlarni egallash haqida so’z yuritib, axloqning asosiy tushunchalari: donolik, adolat, shijoat va iffatga mufassal to’xtalgan, axloq ilmining maqsad va vazifalari belgilab berilgan. Ikkinchi qism oila va oilaviy hayot masalalariga bag’ishlangan. Unda bolalarni tarbiyalash va kamolga yetkazish, kasb-hunarni egallash, xulq-odob qoidalari, nutq madaniyati va boshqalar yoritilgan. Uchinchi qism ijtimoiy-siyosiy masalalarga bag’ishlangan. Unda shahar, ya’ni davlatda yashovchi xalqlar, davlat boshlig’i va fuqarolarning o’zaro munosabati, jamiyat haqida fikr-mulohazalar o’rin egallagan. Risola keyingi davrlarda Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida keng tarqaldi. U Eron, Hindiston, Arab mamlakatlari, Movarounnahr va Xurosonda maktab va madrasalarda asosiy qo’llanma vazifasini o’tadi. (O’zME. T.: 2000, 1-tom, 531-bet).
|
Do'stlaringiz bilan baham: |