Bog'liq Jahon valyuta tizimining rivojlanish bosqichlari
Bretton-Vuds valyuta tizimining inqirozga uchrash sabablari:
AQSh iqtisodiyotining berqarorligi va u bilan bog’liq ziddiyatlarning rivojlanishi. 1967 yilda iqtisodiy o’sishning pasayishi bilan sodir bo’lgan valyuta inqirozining boshlanishi.
Inflyatsiyaning kuchayishi jahon narxlari va kompaniyalarning raqobatbardoshligiga salbiy ta’siri ko’rsatdi hamda “issiq” pullarning spekulyativ ko’chishini rag’batlantirdi. Turli mamlakatlarda inflyatsiyaning turli sur’atlari valyuta kurslari dinamikasiga ta’sir ko’rsatdi, pullarning xarid qobiliyatini pasayishi esa kurslarning keskin o’zgarishiga sharoit yaratdi.
1970 yillarda spekulyativ operatsiyalar mamlakatlar o’rtasidagi “issiq” pullar harakatini tezlashtirgan holda valyuta inqirozini yanada kuchayishiga sabab bo’ldi. “Issiq” pullarning shiddatli oqimi ko’rinishidagi dollar ortiqchaligi bir mamlakatdan boshqasiga kirib kelishi valyuta bozorlarida keskin o’zgarishlarni keltirib chiqardi.
Bretton-Vuds tizimi tamoyillarining jahon maydonida kuchlar nisbati o’zgarishiga nomuvofiqligi. Milliy valyutalarni qo’llashga asoslangan valyuta tizimi jahon xo’jaligi baynalmillashuvi bilan qarama-qarshilikka keldi. Ushbu qarama-qarshilik AQSh va Buyuk Britaniya iqtisodiy holatining zaiflashishiga muvofiq kuchayib bordi. Chunki ular zahira valyutasi mavqeidan foydalangan holda to’lov balanslarining taqchilligini milliy valyuta emissiyasi evaziga pasaytirishdi. Bu holat, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlariga zid bo’ldi.
TMKlarning valyuta sohasidagi roli: TMK turli valyutalardagi yirik miqdordagi qisqa muddatli aktivlarga ega bo’ladi, mazkur aktivlar ular faoliyat ko’rsatayotgan mamlakatlar markaziy bankining valyuta zahiralaridan ham ortiq bo’lishi mumkin. Ushbu mablag’lar milliy nazoratdan chiqishi va oqibatda foyda ko’rish maqsadida valyutaviy spekulyatsiyalarda ishtirok etishi mumkin.
Yamayka valyuta tizimi – zamonaviy jahon valyuta tizimi bo’lib, alohida mamlakatlarning valyuta tizimlariga emas, balki huquqiy mustahkamlangan davlatlararo tamoyillarga asoslangandir. Yamayka valyuta tizimining o’ziga xos xususiyati erkin suzib yuruvchi valyuta kurslarini joriy etilishi bo’ldi. Bretton-vuds tizimining inqirozi valyuta islohotlarining ko’pgina loyihalarini keltirib chiqardi: jumladan, jamoaviy zahira birliklarini tashkil etish, tovar va oltin bilan ta’minlangan jahon valyutalarini chiqarish va oltin standartiga qaytish loyihalari. Monetarizm tarafdorlari davlat aralashuviga qarshi bozor tomonidan tartibga solishni yoqlashdi, to’lov balansini avtomatik tarzda o’z-o’zidan tartibga solinish g’oyasiga asoslangan holda suzuvchi valyuta kurslari rejimi joriy etishni taklif qilishdi (M. Fridman, F. Maxlup va bosh.). Neokeynsianchilar J.M.Keynsning xalqaro valyuta tashkil etish to’g’risidagi oldingi g’oyasiga qaytishdi (R. Triffin, U. Martin, A. Dey. F. Peru, J. Denize). AQSh oltinni to’liq demonetizatsiya qilish va dollarning mavqeini qo’llab-quvvatlash maqsadida xalqaro likvid vositani tashkil etish yo’lini tutdi. G’arbiy Evropa, ayniqsa Frantsiya dollarning etakchiligini cheklash va XVF kreditlarini kengaytirish sari harakat qildi.