Men seni sevgan bo’lar edim
Yulduzsiz bir kechada
Lekin sening ko’zlaring uchun emas.
Men seni sevgan bo’lar edim
Yulduzsiz bir tunda
Lekin sening qo’shig’ing uchun emas.4
Ma’lumki, Sanjar Siddiq yetuk va mohir tarjimon edi. Yuqoridagi misol esa gaplar tuzilishiga yetarlicha ahamiyat bermaslik ba’zida tajribali va hassos tarjimonlarni ham adashtirishi mumkinligidan dalolat beradi. Eng qizig’i shundaki, asliyat va uning o’zbekcha tarjimasi bir-biriga, beshinchi satrni inobatga olmaganda, so’zma-so’z va satrma-satr mos tushgan. Mutarjim hatto birinchi va ikkinchi uchlik orasidagi sintaktik parallelizmni ham xuddi asliyatdagidek qayta sozlagan. Biroq she’r uning ruscha muqobilidan tarjima qilinganligi sababli mazmun tamoman o’zgarib ketgan. Bunga asliyatdagi «to like» (sevmoq, yoqtirmoq) hamda «to liken» (o’xshatmoq) fe’llarining ruscha tarjimada chalkashtirilishi salbiy ta’sir ko’rsatgan.
G’.G’ulomning 1930 yilda qurilishi bitqazib tugallangan Turkiston-Sibir temir yo’liga bag’ishlangan «Turksib yo’llarida» she’ri o’sha yiliyoq rus tiliga tarjima qilindi va keyinchalik ham rus tarjimonlari bu she’rga qayta-qayta murojaat qildilar (M.Rodionov, T.Rabinovich, V.Derjavin). O’zbek shoirining bu she’ri 1934 yili ingliz tiliga ham ag’darildi. Asarni Lengston X’yuz tarjima qilgan.1
Amerikalik shoir va tarjimonning badiiy kashfiyotlaridan biri asarning asl mazmunini kitobxonlarga yetkazish uchun turli unsurlardan, jumladan inkordan keng foydalanishidir.
Asliyatda:
Bu yo’llar
ko’p qadim yo’llar...
Bu yo’ldan tarixda birinchi daf’a,
Tarixda eng porloq -
O’laroq bir sahfa
qoldirib bir botir:
Faqat ezguvchi emas,
Bir fotih
o’lkalar buzuvchi,
ellar qirguvchi emas
o’ch olguvchi emas...
Shukuh-la
Hayqirib kechmishdir.
L.X’yuz tarjimasida:
Very old
Immemorially old
Is this road.
A new hero has passed through its sand,
Not a Tsar,
Not a spiller of blood,
Not a killer of arts,
But a builder
Who liberates countries and hearts.
Inglizcha matndagi “Who liberates countries and hearts” jumlasi G’.G’ulomning asarida yo’q. Biroq tarjima matniga «mamlakatlar va qalblarni ozod etgan» jumlasini kiritib, tarjimon «botir» («hero» -«qahramon») so’zining ma’nosini kuchaytiradi.
Quyidagi misralar tarjimasini L.X’yuzning katta yutug’i desak bo’ladi.
Asliyatda:
Bu yo’llar,
bu qadim yo’llar
Ustiga bu bizdan obida,
abadiy xotiraki, bundan
to’xtamay bir nafas,
Qon-
Qatron hidimas,
Ozodlik
shamoli esajak.
Tarjimada:
May the winds not of blood, but of freedom sing,
Of our happy spirits that soar.
May the legends alone to our memory bring
All our gloomy days of old,
May it tenderly touch each sensitive string.1
Ko’rinib turganidek bu yerda tarjimon kutilmagan usuldan foydalanadi, ya’ni “May” modal fe’lini uch marta qo’llaydi va bu bilan so’zlarning (freedom - ozodlik, blood - qon) ma’nosini va ahamiyatini yanada kuchaytiradi.
L.X’yuzning yana bir yutug’i, uning ichki va tashqi qofiyalardan unumli foydalanganligidir. Bunga juda ko’p misollar keltirish mumkin. Yuqorida keltirilgan misol ham fikrimizning dalili bo’la oladi.
Tarjimada yo’l qo’yilgan ayrim kamchiliklarga qaramay o’zbek shoiri G’afur G’ulom va amerikalik shoir va tarjimon L.X’yuzning ijodiy hamkorligi foydadan holi bo’lmadi. SHu hamkorlik natijasida Amerika va o’zbek adiblarining jonli muloqotlariga asos solindi.
G’afur G’ulomning adabiy faoliyatida jahon adabiyoti namunalarini rus tilidan o’zbek tiliga tarjima qilish katta o’rin tutadi. U Gor’kiy, Lermontov, Mayakovskiy, Pushkin kabi rus yozuvchilarining, belorus adibi Yakub Kolosning, shuningdek, Shekspir, Iogannes Bexer, Bomarshe, Antol Gidash, Lengston Xьyuz, Nozim Hikmat singari xorijiy adiblarning asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. AQShning Yuta shtatidagi Brigxamyang Universitetining professori David Montgomeri 14 ming kishini sig’diradigan zalda universitet rahbariyati, professor-o’qituvchilar, aspirantlar va talabalar uchun G’.G’ulom, H.Olimjonning ijodi haqida odatdan tashqari qilgan ma’ruzasida: AQShda hozirgi paytda O’zbekiston mamlakatiga qiziqish ortib borayotganini, uzoq vaqt bu ikki davlat bir – biridan ajralgan holda yashab kelgani, bir-biri haqida yaxshi va to’g’ri tasavvurga ega emasligi, endilikda ahvol o’zgara boshlagani haqida gapirib, o’zbek xalqining she’riyati – go’zal she’riyat, u jahon adabiyotida ulkan voqea ekanligi shu bois o’zini o’zbek adabiyoti she’riyatini o’rganishga bag’ishlaganini maroq bilan so’zlab beradi.
“Bolalar obrazlari G’.G’ulom prozasida katta o’rin tutadi. Muayyan darajada ular yangi jamiyatning ramzlari kabi namoyon bo’ladilar... Bolalar haqidagi hikoyalardan eng mashhuri “Shum bola” (1936 yil) asaridir. Unda bir bolakayning sarguzashtlari tasvirlangan. Uni Mark Tvenning Tom Soyeri bilan qiyoslash mumkin”, deydi David Montgomeri.
David Montgomeri O’zbekistonda bir necha marta bo’lgan. Toshkentda o’n oy yashab, G’.G’ulom va H.Olimjon hamda boshqa o’zbek shoirlarining hayotiy va ijodiy yo’lini o’rgangan. AQShga qaytgach, ular oilasida o’g’li dunyoga kelgach ismini Emeri qo’yishgan – o’zbekchaga tarjima qilganda SHerbo’ta nomini anglatar ekan.
Montgomerining ta’kidlashicha Sherbo’ta “Shum bola”ga ayrim hislatlari bilan o’xshab ketar ekan. AQShda hozirgi paytda yigirma jildlik jahon adabiyotiga bag’ishlangan qomus nashr qilingan. O’zbek shoirlariga bag’ishlangan maqolalarning mualliflaridan biri sifatida u ham shu katta ishga jalb etilgan. Bunday nashrning ro’yobga chiqishi Amerika ilmiy-madaniy hayotida g’oyat ulkan voqeadir. Bu hodisa bizning mamlakatlarimiz orasidagi munosabatlarga katta siljishlar yuz berayotganini bildiradi. E’lon qilinayotgan maqolalarning ruhi ham diqqatga sazovordir. O’zbek shoiri va adabiyotshunos olimi G’.G’ulom ijodiga bag’ishlangan maqola qomusning VIII jildida bosilgan. Qomusning mazkur jildi “Akademik Interneyshil Press”da chiqqan.
Bu katta madaniy hodisa Amerika adabiyotida o’zbek adabiyotini baholashda yangi yo’nalish paydo bo’lganining dalilidir. Bu yo’nalishning namoyondalari Amerika va xalqaro kitobxonlarga (mazkur qomusning mutaxassislar doirasi va butun dunyodagi adabiyotlar muxlislariga mo’ljallangan) o’zbek adiblarining hayotiy va ijodiy yo’llarini mumkin qadar holis baholab taqdim etishga intilmoqdalar. Bu kabi maqolalar ilmiy-tadqiqot ishlarida ham qayta qurish boshlanganligini ko’rsatadi. Bunday xolis, xayrli ishlar Amerika xalqi mamlakatimiz to’g’risida bor haqiqatni bilib olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |