Xalqaro moliyaning tuzilmasi
Xalqaro moliya munosabatlarining sub’ektlari sifatida quyidagilar ishtirok etadi: davlat, korxona, tashkilotlar, firmalar hamda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, transmilliy korporatsiyalar, transmilliy banklar, birjalar, jismoniy shaxslar. Xalqaro moliya munosabatlari turli mamlakatlarning xo’jalik yurituvchi sub’ektlari o’rtasida, davlat va boshqa mamlakatlar xukumatlari hamda xalqaro tashkilotlar o’rtasida, davlat va korxonalar bilan xalqaro moliya institutlari o’rtasida yuzaga kelishi mumkin.
Davlat xalqaro moliya sohasida faoliyat ko’rsatuvchi asosiy sub’ekt hisoblanadi.
Markaziy banklar – bu iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish organlari bo’lib, ularga monopol tarzda banknotalar chiqarish, pul muomalasi, kredit va valyuta kursini tartibga solish, valyuta zahiralarini saqlash vazifalari biriktirilgan.
Xalqaro tashkilotlar – ular xalqaro shartnoma asosida tashkil etilgan bo’lib, doimiy faoliyat ko’rsatuvchi organlarga ega bo’lgan holda jahon xo’jaligi birliklarining iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishiga yordamlashish vazifalarini bajaradi.
Xalqaro valyuta-kredit va moliya tashkilotlari – jahon iqtisodiyotini barqarorlashtirish maqsadida xalqaro valyuta va moliya-kredit munosabatlarini tartibga solish uchun davlatlararo kelishuvlar asosida tashkil etilgan iqtisodiy tashkilotlar.
Xalqaro moliyaning rivojlanishida transmilliy korporatsiyalar va transmilliy banklar kabi sub’ektlar faol rol o’ynaydi.
Milliy iqtisodiyot rivojlanishida xalqaro moliya munosabatlarining roli va ahamiyati
Jahon iqtisodiyotining rivojlanish jarayoni xalqaro moliya munosabatlarining rivojlanish evolyutsiyasi bilan uzviy bog’liqdir. Xalqaro moliya munosabatlari jahon xo’jaligining shakllanishi jarayonida alohida o’rin tutadi.
Xalqaro moliya munosabatlari asta-sekin jahon xo’jaligining tarkibiy elementiga aylana bordi. Hozirgi vaqtda xalqaro moliya munosabatlarini jahon xo’jaligining rivojlanishi natijasida shakllangan mustaqil iqtisodiy tizim sifatida baholash mumkin.
Jahon xo’jaligi – bozor iqtisodiyotining ob’ektiv qonuniyatlariga bo’ysunuvchi xalqaro moliya munosabatlari orqali o’zaro bog’liq milliy iqtisodiyotlar yig’indisi sifatidagi global iqtisodiy tizimdir.
Jahon xo’jaligining barqaror rivojlanishida alohida olingan milliy iqtisodiyotlar holati muhim o’rin tutadi. Chunki, milliy iqtisodiyotlar jahon iqtisodiyotining asosiy sub’ekti hisoblanadi.
Milliy iqtisodiyotning rivojlanishida uning tashqi dunyo bilan aloqalari holati, mamlakatning xalqaro moliya munosabatlaridagi ishtiroki muhim o’rin tutadi. Mamlakatning xalqaro moliya munosabatlaridagi ishtirokining kuchayishida xalqaro moliya munosabatlarini amalga oshirish mexanizmlarini samarali tarzda tashkil etish bilan uzviy bog’liqdir.
Ta’kidlash joizki, xalqaro moliya munosabatlarining predmeti ikkita muhim tarkibiy qismni o’ziga qamrab oladi, ya’ni xalqaro moliyaviy munosabatlar va ularni amalga oshirish mexanizmi. Ma’lumki, mamlakatlar o’rtasidagi xalqaro moliya munosabatlari muayyan mexanizm orqali amalga oshiriladi, bunda xalqaro tashkilotlar tomonidan belgilangan me’yoriy normalar, davlatlararo darajadagi shartnoma va bitimlar, mamlakatlar o’rtasida o’zaro qabul qilingan kelishuvlarga amal qilinadi.
Xalqaro moliya munosabatlari mexanizmiga huquqiy normalar va ularni amalga oshirish vositalari (shartnomalar, kelishuvlar, bitimlar, rezolyutsiya va konventsiya) xalqaro iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan yo’l-yo’riqlarni amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi xalqaro moliya tashkilotlari kiradi.
Xalqaro moliya munosabatlari jahon xo’jaligi tizimida tez-tez takrorlanib turuvchi turli xil darajadagi kompleks, alohida olingan bir mamlakat va ularning hududiy birlashmalari va sub’ektlari, alohida tashkilotlar o’rtasidagi aloqalarni o’z ichiga oladi.
Xalqaro moliya munosabatlari tuzilmaviy jihatdan quyidagilarni o’rganishni taqozo etadi:
xalqaro valyuta munosabatlari;
xalqaro iqtisodiy integratsion jarayonlar;
xalqaro savdo munosabatlari;
investitsiyalar va kapitalning xalqaro harakati;
mamlakatlar to’lov balanslarini boshqarish;
xalqaro hisob-kitoblarni amalga oshirish;
xalqaro moliya tashkilotlari faoliyati va boshq.
Xalqaro moliya munosabatlarining ob’ektiv asosini xalqaro mehnat taqsimoti va jahon xo’jaligi hamda undagi iqtisodiy aloqalar tizimi tashkil qiladi. Hozirgi zamon jahon xo’jaligi milliy iqtisodiyotlar yig’indisidan iborat bo’lgan global iqtisodiy tizim bo’lib, bozor iqtisodiyotining ob’ektiv qonunlariga, xalqaro mehnat taqsimotiga, ishlab chiqarish va kapitalning xalqaro harakatiga muvofiq tarzda o’zgarib boradi.
Xalqaro moliya munosabatlari rivojlanishining milliy iqtisodiyotga ta’siri quyidagi muhim xususiyatlar orqali namoyon bo’ladi:
Moliyaviy globallashuv jarayoni. Mazkur jarayon quyidagi o’zgarishlarni o’z ichiga qamrab oladi:
mamlakatlarni jahon iqtisodiyotidagi jarayonlarga jalb etish;
ishchi kuchi, texnologiya, kapital, mahsulotlar va xizmatlarning global bozorlarini barpo etish;
jahon xo’jalik aloqalarining global infratuzilmasini yaratish;
xalqaro moliya munosabatlari bilan milliy iqtisodiyotning qoidalarini universallashtirish;
yirik ishlab chiqarishga asoslangan xalqaro ishlab chiqarish tarmoqlarini vujudga keltirish.
Iqtisodiy integratsion hudud va birlashmalarning tashkil topishi. Milliy iqtisodiyotlarning xalqaro mehnat taqsimotiga asoslangan holda iqtisodiy jihatdan birlashish jarayoni hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |