Jahon iqtisodiyoti globallashuvining mohiyati va o’ziga xos xususiyatlari
XX asrning oxiri – XXI asrning boshida globallashuv jahon xo’jaligi rivojlanishining asosiy, fundamental tendensiyasi sifatida qaror topdi.
«Globallashuv» deganda ko’pincha iqtisodiy ochiqlikning oshishi, savdo-sotiq va xalqaro kapital erkinlashishi tushuniladi1.
Globallashuv jahon mamlakatlari iqtisodiyotlarining o’zaro bir-biriga kirib borishini, o’zaro bog’liqligini va bir-biri bilan qo’shilib ketishini ifodalaydi. Bunda bir mamlakatda yuz berayotgan iqtisodiy jarayonlar boshqa mamlakatlarda o’z aksini topadi, u yangi axborot texnologiyalariga asoslangan bo’ladi va butun dunyoni bir butun sifatida ifodalaydi.
Globallashuv jarayoni turlicha qabul qilinadi va baholanadi. Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda unga turlicha munosabatda bo’lishadi. Bir tarafdan, xorijiy raqobat uchun bozorlarning ochilishi, xalqaro savdo, kapital va mehnat resurslari ko’chib yurishining kuchayishi jahon ishlab chiqarish omillaridan samaraliroq foydalanish, jahon ishlab chiqarishini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va unda ishtirok etuvchi mamlakatlar uchun yutuq deb atash mumkin.
Jahon iqtisodiyoti (jahon xo’jaligi, butunjahon iqtisodiyoti), eng qisqa ta‘rifga ko’ra – bu jahonning barcha milliy iqtisodiyotlarining yig’indisidir. Agar jahon xo’jaligi jahon mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi negizida hisoblansa, 2018 yilda ularning hajmi taxminan 84,835.46 trln. dollarni (xarid qobiliyati pariteti (XQP) bo’yicha taxminan 90 trln. doll.) tashkil qiladi.
Jahon iqtisodiyotida uning eng dinamik qismi – global iqtisodiyot ajratiladi. Bu milliy iqtisodiyotlarning resurslar va mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar)ni tashqi dunyoga yetkazib beruvchi va (yoki) ulardan oluvchi qismidir. Iqtisodiy nazariya bunday resurslar va mahsulotlarni, savdo qilinmaydigan, ya‘ni milliy chegaralarni hatlab o’tmaydigan resurslardan farqli ravishda savdo qilinadigan resurslar va mahsulotlar deb nomlaydi. Tushunarliki, xalqaro iqtisodiy munosabatlar ham eng avvalo global iqtisodiyot bilan bog’langan.
Global iqtisodiyotni miqdoriy baholashga urinib ko’rilsa, uning hajmi jahon iqtisodiyotidan bir necha marta kam bo’ladi. Bu shuning uchun ro’y beradiki, jahonning yetakchi iqtisodiyotlari (masalan, jahon YaIM hajmining 90 %ini ishlab chiqaruvchi YaIM hajmi bo’yicha eng yirik 20 ta mamlakat) avvalgidek, tashqi bozordagi emas, balki ustun ravishda ichki bozordagi mahsulotlarga bo’lgan talab va taklifga yo’nalgan bo’ladi. Masalan, Rossiyada import, tovarlar va xizmatlar iste‘molining 13-14%ni ta‘minlaydi, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 16-18% eksportga yo’naltiriladi, to’g’ridan to’g’ri investitsiyalar oqimi Rossiya iqtisodiyotiga umumiy kapital qo’yilmalar hajmiga eng ko’pi bilan 16% (ya‘ni Xitoy va Braziliya darajasida) hissa qo’shadi, mamlakatga doimiy va vaqtincha ishlash uchun kirib kelgan ishchi kuchi, baholashlarga ko’ra ish joylarining 10 %ga yaqinini tashkil qiladi. AQSH va Xitoyda ushbu ko’rsatkichlar bundan yuqori emas.
Jahon iqtisodiyotining globallashuvi ko’p jihatan global muammolar tushunchasi bilan bog’liqdir. XX asrning ikkinchi yarmida insoniyat oldida juda ko’p murakkab muammolar vujudga keldi. Ularning asosiy qismi ta‘sir doirasining miqyosi va ahamiyatiga ko’ra global muammolar nomini oldi.
XX asrning 60 yillariga kelib global muammolar tor doiradan keng doirada ishlatilishiga o’tib qoldi. Ushbu davrdan boshlab jamiyatning ushbu bobga qiziqishi intensiv ravishda oshib bordi va uning muhokamasi keng doiradagi majlislarda ko’rila boshladi.
Ushbu bobga juda katta qiziqishning sababi bo’lib birinchi o’rinda insoniyatning yer kurrasining hatto bir chekkasida yuzaga kelgan jiddiy muammo bir kun kelib butun planetaga o’z ta‘sirini o’tkazishi mumkinligini tushunib yetganligi bo’ldi.
Global muammolarni o’rganish va insoniyatni kelajagini tahminlash jarayoni bo’yicha ilmiy ishlarni olib borishda italiyalik menedjer Aurelio Pechchei tomonidan tashkil etilgan xalqaro nohukumat tashkiloti bo’lmish – Rim klubi alohida o’rin egallaydi.
Hozirgi kunda jahonda mavjud barcha mamlakatlarning 30 foiziga yaqini qoloq hisoblanadi. Iqtisodiy qoloqlik mazkur mamlakatlarda siyosiy beqarorlik hamda ijtimoiy tengsizlik, irqiy va diniy ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda.
Oxirgi paytlarga qadar kambag’allik, asosan daromadning borligi yoki yo’qligi nuqtayi nazaridan qarab kelingan. Ammo kambag’allik daromadning yoki qabul etilgan kaloriyalarning kamligiga qaranda g’oyat keng ko’lamdagi tushunchadir.
Bu – uzoq, sog’lom va ongli hayot kechirish hamda yaxshi turmush darajasi, qadr-qimmat, g’urur va o’zgalarni ham qadrlash darajisiga erishish uchun keng ko’lamda zarur bo’ladigan imkoniyatlar va tanlash huquqidan maxrumlik demakdir.
Yer kurrasining, pana-pastkamlarda, omonat boshpanalarda, noqonuniy kirib olgan kulbalarda, eng kam ijara haqi to’lanadigan uylarda, salomatlik borasida bir olam muammolari mavjud dunyo aholisining katta qismi o’z hayot tarzini yaxshilash imkoniga ega bo’lmagan holda kambag’allik iskanjasida yashamoqdalar.
Hozirda bir milliardga yaqin aholi o’ta qashshoqlikda yashamoqda. Ushbu muammoni bartaraf etish asosiy masalardan biri bo’lib qolmoqda. Shu sababli 2000 yilgi BMT ning Ming yillik uchun rejalar Sammitida ushbu muammoga qarshi kurashish deklaratsiyasi qabul qilindi.
Natijada, global muammolar dunyodagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy rivojlanishning asosiy tendensiyalari bilan bog’liqdir. Ma‘lumki ushbu muammolarni hal qilishga hozirda turli tashkilotlar hamda davlatlar katta miqdorda mablag’ ajratishgan va ajratishmoqda.
Globallashuvning foydasi ko’z oldimizda: yanada tezkor iqtisodiy o’sish, yanada yuksak turmush darajasi, yangi imkoniyatlar. Biroq bu jarayonda, allaqachon salbiy ta‘sir o’zini namoyon etmoqda, chunki bu foydalar haddan tashqari notekis taqsimlanayapti, chunki hozirga qadar global bozor hamjihatlikdagi ijtimoiy maqsadlarga asoslangan qoidalarga amal qilmaydi 2.
1945 yilda BMT asoschilari xalqaro dunyoning ochiq va hamkorlikga assolangan tizimini yaratgan edilar. Bu tizim o’z vazifalarini bajarayapti va globallashuvni hayotiy haqiqatga aylantirdi.
Bularning hammasi jahon hamjamiyati tomonidan Ming yillik Rivojlanish Maqsadlari (MRM) ning ishlab chiqilishiga sabab bo’ldi. MRM 2015 yilgacha amalga oshirilishi zarur bo’lgan 8 maqsad, 18 vazifa va 48 ko’rsatkichni o’z ichiga oladi.
Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar hukumatlarining hamda xalqaro tashkilotlarning maqsadga yo’naltirilgan va o’zaro muvofiqlashtirilgan harakatlari Mingyillik Deklaratsiyasida ko’rsatib o’tilgan maqsadlarga erishishning asosiy mexanizmi sanaladi.
O’zbekistonning MRM ga erishish yo’lida olib borayotgan harakatlari taxsinga loyiq. Zero mamlakatda buning uchun zarur bo’lgan barcha shart-sharoitlar mavjud. Ijtimoiy yo’naltirilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yetarli tajribaga ega bo’lgan hukumat siyosiy institutlari va mexanizmlari, shuningdek, ko’p sonli xalqaro tashkilotlar bilan yaxshi yo’lga qo’yilgan hamkorlik aloqalari shular jumlasidandir.
1 - jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |