Fransuz Uyg‘onish adabiyoti. Fransuz Uyg‘onishi o‘z rivojlanishida Italiyaga xos xususiyatlarga ega bo‘lish bilan birgalikda, farqli tomonlari ham mavjud edi. Fransuz burjauziyasi bir qadar ortda bo‘lgani sababli gumanistik xarakatda faol ijtirok eta olmadi. Fransuz Uyg‘onishiga Italiyaning ta'siri katta bo‘ldi. Qirol Fransisk I davrida Italiya renessans madaniyati faol import qilindi. Qirol (1515-1547) Leonardo da Vinchi, Andrea del Sarto, Benvenuto Chellinilarni o‘z saroyiga taklif qildi. Dante, Petrarka va Bokkachcholarning asarlari tarjima qilindi. Fransuz gumanistik xarakatining atoqli arboblaridan biri qirol Fransisk I ning singlisi Margarita Navarrskaya (1492-1549) edi. Italyan, yunon, lotin tillarini yaxshi o‘zlashtirgan, ma'rifatli ayol bo‘lgan Margarita ko‘plab she'r va novellalar yaratgan. Uning mashhur asari “Geptameron” novellalar to‘plami edi. Margarita Navarrskaya homiyligida faoliyat yuritgan to‘garakda shoir Klemen Maro, yozuvchi Bonaventura Deperelar faol ishtirok etdilar.
Fransua Rable (1494-1553). “Gargantyua va Pantagryuel”ning muallifi Fransua Rable uyg‘onish davridagi eng yirik fransuz yozuvchilaridan biridir.
Fransuz gumanizmining yirik namoyondasi bo‘lgan yozuvchi Shinonda tavallud topgan. Yoshlik yillarida monastirda diniy bilimlar bilan bir qatorda qadimiy yozuvlar va xuquqqa oid risolalarni o‘rgandi. Ma'lum bo‘lmagan sababga ko‘ra, monastirdan ketib, meditsinani o‘rgana boshlagan va 1532 yili Lion gospitalining vrachi lavozimida ishlay boshlagan. Parij yepiskopi, kardinal Jan dyu Belle, qirol Fransisk I qo‘lida xizmat qilgan va 1553 yili Parijda vafot etgan. Fransua Rable tibbiyot, huquqshunoslik, arxeologiyaga oid bir qator ilmiy asarlar muallifi. Yozuvchi sifatida “Gargantyua va Pantagryuel” romani bilan shuhrat qozondi. Romanni yozishga 1532 yili Lionda chop etilgan “Gargantyuaning buyuk va bebaho xronikasi” nomli xalq kitobi turtki bo‘ldi.
Shu yili Rablening “Buyuk dev Gargantyuaning o‘g‘li, dipsodlar qiroli shavkatli Pantagryuelning dahshatli ishlari va qahramonliklari” kitobi yozildi.
Yozuvchi xalq kitobidagi sxemani saqlab qolib, undan ko‘plab obrazlar va syujet motivlarini oldi. Shu bilan birgalikda epopeyaga Pantagryuelning do‘sti va hamrohi Panurg obrazini olib kirdi.
1534-yili yozuvchi o‘zining “Pantagryuelning otasi buyuk Gargantyuaning dahshatli hayoti” nomli asarini e'lon qildi. Roman epopeyaning birinchi kitobi sifatida yozilgan bo‘lib, yozuvchi manbadan ba'zi motivlarini(Gargantyua va uning ota-onasining bahaybatligini, uning ulkan otda yurishini, Notr-Dam ibodatxonasidan qo‘ng‘iroqlarni o‘g‘irlashini) ishlatgan xolda, asosan o‘z ijodiy fantaziyasiga tayandi. Asarda eski tarbiya usullari tanqid qilinadi va unga gumanistik pedagogika qarama-qarshi qo‘yiladi. O‘g‘irlangan qo‘ng‘iroqlarni qaytarib berishni so‘rab nutq so‘zlagan magistr Ianotus de Bragmardoning nutqi – “sarbonnachilar”ning balandparvoz ritorikasiga parodiyadir. Shundan so‘ng Pikrokolning bosqinchilik rejalari – feodallar, qirollar va feodallar urushlari tanqid qilinadi, satira ostiga olinadi. Urush fonida jismoniy va ma'naviy sog‘lomlik, hayotga ishonch ramzi sifatida ruhoniy monax Jan og‘a paydo bo‘ladi. Roman Janning rejasi asosida barpo etilgan Telem abbatligining ochilishi bilan yakunlanadi. Bu yerga odil va oqil, madaniyatli, ozod shaxslar to‘planadilar. “Pantagryuelning qahramonona hayoti haqidagi 3-kitob” 1546-yili paydo bo‘ldi. U oldingi kitoblardan anchayin farq qiladi, chunki bu paytga kelib qirol Fransisk I ning siyosati o‘zgargan edi. Reaksiya g‘alaba qozondi. Erkin fikrlovchilar va kalvinistlar ta'qib ostiga olingan edilar. Kitobda Pantagryuel tomonidan zabt etilgan dipsodlar mamlakatidagi tinch, osoyishta hayot ko‘rsatilgan, ya'ni unda zamonaning bosqinchilik siyosatiga antitezani ko‘rish mumkin. Shundan keyin o‘z mulklarida uch yillik daromadni ikki hafta ichida sarf qilib yuborgan Panurgning sarguzashtlari hikoya qilinadi. So‘ngra har qanday voqealarga yakun yasaladi va asosiy o‘ringa botanika, tibbiyot, huquq haqidagi suhbat va mulohazalar chiqadi. Bu suhbat va mulohazalarga Panurgning uylanish yoki uylanmaslik haqidagi ikkilanishlari sabab bo‘ladi. Bu suhbatlar jarayonida Panurg aqlli gap ayta olmaydigan turli “faylasuf”lar, barcha masalalarni suyak tashlab xal qiluvchi sudya Bridua bilan uchrashadi.
1548 yili 4-kitob yozilib, to‘rt yildan keyin esa uning kengaytirilgan varianti paydo bo‘ldi. Romanda Panurgning Xitoyga safari haqida hikoya qilinadi. Yo‘lda sayyohlar Prokuratsiya (sudboz- sudlashishni yaxshi ko‘ruvchi), Karemprenan(katolik ro‘zadorlar), Kolbasa, Papefiglar(papaga fig ko‘rsatuvchilar), Papimanlar(“papa tarafdorlari”), messer Gaster(“oshqozon”) kabi orollarda bo‘ladilar. Kitobda diniy fanatizmni qo‘llab-quvvatlovchi, ya'ni qirol siyosati tanqid ostiga olinadi. 1564-yili, ya'ni Rablening o‘limidan 10 keyin 5- kitob nashr etildi. Roman yozuvchi qo‘lyozmalari asosida do‘stlari tomonidan nashrga tayyorlangan bo‘lib, unda Panurg sayohatining nihoyaga yetishi haqida hikoya qilinadi. Rable o‘z romani bilan badiiy realizmni yanada kengaytirdi va chuqurlashtirdi, fransuz tilini rivojlantirishga katta xizmat ko‘rsatdi. “Gargantyua va Pantagryuel” fransuz Renessansining eng demokratik asari xisoblanadi. Adibning keyingi davr yozuvchilariga ko‘rsatgan ta'siri beqiyosdir – Molyer, Lafonten, Lesaj, Volter, Balzak, A.Frans, R.Rollan uning asarlaridan ilhomlanganlar, ijodiga murojaat qilganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |