Islomda ilm
Jabroil alayhissalom Payg‘ambarga ilk vahiy olib kelgandayoq Islom ilm dini ekani ayon bo‘ldi. Chunki u olib kelgan ilk kalom Alaq surasining besh oyati edi: “(Ey, Muhammad, butun borliqni) yaratgan Zot bo‘lmish Rabbingiz nomi bilan o‘qing! U insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Rabbingiz esa karamli Zotdir. U insonga qalam bilan(yozishni) o‘rgatgan Zotdir. U insonga bilmagan narsalarini o‘rgatdi”. Ilk da’vatdayoq ushbu oyatlarning nozil qilinishi hayron qoladigan mo‘’jizadir. Birinchidan, Alloh taolo minglab mavzular ichidan “o‘qish” mavzusini tanladi, vaholanki, Payg‘ambar o‘qish, yozishni bilmaydigan “ummiy” edilar. Demak, dinu diyonatni, dunyo va oxiratni anglash uchun o‘qish kerak! Ikkinchidan, arablar “o‘qish” mavzusiga e’tibor bermasdi, ular umri davomida xurofotlarga ishonar, har sohada ilmga muhtoj bo‘lib, faqat she’r va adabiyotda mohir edilar. Qur’on arablarni ojiz qoldirib, ularni adabiyotda bellashuvga chaqirib nozil bo‘ldi va Islom ilm dini ekanini e’lon qildi. Uchinchidan, ilm olish vositalarining eng mashaqqatlisi bo‘lgan o‘qishga amr bo‘ldi. Chunki o‘qish, mulohaza qilish va o‘ylab ko‘rish – riyozatni talab etadi. Bu ilohiy amr zamirida, “Kim bu din bilan Allohga bog‘lanmoqchi bo‘lsa, ilm olish mashaqqatiga chidasin”, degan yana bir hikmat bor. Islomning nozil etilishi ilmga odatlanmagan, ma’rifiy muhitga ko‘nikmagan jamiyatda haqiqiy inqilob bo‘ldi. Islomdan oldingi davr – “johiliyat” (ilmsizlik) davri deyiladi.
Vahiy nozil bo‘lishi bilan ilm boshlandi, dunyoga hidoyat nuri tushdi. Alloh musulmonlarga johiliyatni eslatib aytadi: “Johiliyat (davri) hukmini qo‘msayaptilarmi?! Chin ishonchli kishilar uchun Allohdan ko‘ra kimning hukmi chiroyliroq ekan?!” (Moida surasi, 50-oyat). Bu dinda johillik, shubha, yomon gumonga o‘rin yo‘q. Alloh o‘z Payg‘ambarini johillikni sevib, ilmni suymaydiganlardan yuz o‘girishga buyuradi: “Afvni ixtiyor eting, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199-oyat). Bu din shubha-gumonga asoslangan qadriyatlarni inkor qildi. Islom shariati, faqat aniq, ishonchli ilmga asoslanadi. Alloh bu dindan yuz o‘girgan kofirlar haqida aytadi: “Holbuki, ular uchun bu haqda biror bilim (hujjat) yo‘qdir. Ular faqat gumon(taxmin)ga ergashurlar, xolos. Gumon esa, aslo haqiqat o‘rniga o‘tmas” (Najm surasi, 28-oyat).
Alloh mo‘minlar bilan kofirlarni ajratuvchi asosiy omil ilm deb e’lon qildi: mo‘min biladi, kofir esa gumon qiladi. Mo‘min aniq ishonch bilan yashaydi, kofir esa shubha-gumonlar bilan. Alloh kofirlarni yomonlab aytadi: “Qachonki, (sizlarga): “Darhaqiqat, Allohning va’dasi rostdir, Qiyomat shubhasiz (keluvchi)dir”, deyilsa, sizlar: “Biz Qiyomat nima ekanini bilmaymiz, faqat gumon qilamiz, xolos. Biz (Qiyomat bo‘lishiga) aniq ishonuvchi emasmiz”, dedingizlar” (Josiya surasi, 32-oyat). Qur’oni Karimning har surasida ochiq yoki ishora bilan ilmning qadr-qimmati, ahamiyati haqida so‘z boradi.
Ilm – Abadiy Dasturning sobit yo‘nalishidir. “Ilm” o‘zagi va undan yasalgan so‘zlarni hisoblash jarayonida men lol qoldim: ular 779 marta kelgan edi, Qur’on suralaridan salkam yetti marotaba ko‘p edi! Men faqat “ilm” so‘zi va undan yasalgan so‘zlarni hisobladim, bunga ma’nosi yaqin so‘zlar ko‘p. Payg‘ambar sunnatida kelgan “ilm” so‘zini sanab adog‘iga yetish mushkul. Ilm so‘zi “Sahihul Buxoriy”da 300 martadan ko‘p kelgan. Vaholanki, bu asar hajmi uncha katta emas, boshqa kitoblar undan bir necha barobar ko‘p hadislarni o‘z ichiga oladi.
Agar yaxshi mulohaza qilsak, ilmga e’tibor Qur’on nozil bo‘lishidan ham avval, Odam yaratilishidan burun boshlangan. Qur’on oyatlari farishtalar Odamga sajda qilish voqeasini hikoya qiladi. Qissada Alloh Odamga ilm bergani, shu ilm bilan farishtalardan afzal bo‘lgani aytiladi. E’tibor bering: Odam alayhissalom farishtalardan tasbeh, zikr, namoz bilan emas, balki ilm bilan afzal bo‘ldi. Ilm sabab farishtalarni Odamga sajda qildirdi. Qissa quyidagicha bo‘lgan edi: “Eslang, (ey, Muhammad,) Rabbingiz farishtalarga: “Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman”, deganida, (ular) aytdilar: “ Unda (Erda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz”. (Alloh) aytdi: “ Men sizlar bilmagan narsani bilaman”. (Alloh) Odam (Ato)ga barcha nomlarni o‘rgatdi. So‘ng ularni farishtalarga (birma-bir) ko‘rsatib dedi: “Agar rostgo‘y bo‘lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!” (Ular) dedilar: “Zoti poking haqqi, bizda O‘zing bildirganingdan o‘zga ilm yo‘qdir. Albatta, Sen ilm va hikmat egasidirsan”. (Alloh) aytdi: “Ey, Odam, ularga nomlari bilan aytib ber”. Ularga nomlari bilan aytib berganida, (U) dedi: “Men osmonlar va Yer sirlarini, sizlar oshkor qilayotgan va yashirib yurgan narsalaringizni bilurman, demaganmidim?! Eslang, (ey, Muhammad,) Biz farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar!” deb buyurishimiz bilan ular sajda qildilar. Faqat Iblis bosh tortib, kibr qildi va kofirlardan bo‘ldi” (Baqara surasi, 30–34-oyat).
Shunday qilib, Odam alayhissalom yaratilgandan ilm bilan Allohning Yerdagi elchisi bo‘ldi. Inson ilm yo‘lini mahkam tutsa, ilmga to‘ymasa, bu yo‘lda riyozat cheksa, u vakil bo‘lishga haqli bo‘ladi. Aksincha, johillikka odatlansa, ilmdan uzoqlashsa, bunday imkoniyatni boy beradi, sha’ni ulug‘, izzatli, solih banda bo‘la olmaydi.
Ilmning sharafi faqat inson yaralishi bilan boshlanmagan. Chunki Alloh birinchi bo‘lib ilm vositasi bo‘lgan qalamni yaratgan, buni Imom Termiziy rivoyat qilgan quyidagi hadisdan bilib olamiz: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Alloh taolo avvalo qalamni yaratib, “Yoz!” dedi, qalam: “Nimani yozaman?” dedi, Alloh dedi: “Qadarni yoz, bo‘lib o‘tganni ham, endi bo‘ladiganni ham”. Demak, ilm – inson hayotining bosh mehvari, qiyomatgacha shunday bo‘lib qoladi. Payg‘ambar alayhissalom ilm va Allohning zikrisiz dunyo qiymatsiz bir matoh ekanini aytganlarida hech mubolag‘a yo‘q.
Imom Termiziy rivoyat qiladilar: Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Dunyo va undagi narsalar la’natlangandir, faqat Allohning zikri, unga oshno bo‘lish, ilm o‘rgatish, ilm o‘rganish yaxshidir”. Ilmsiz hayot mazmunsizdir. Ilm yo‘qolishi qiyomat yaqinlashganidan belgidir. Shu haqda Buxoriy va Muslim rivoyatida Payg‘ambar alayhissalom deydilar: “Ilmning ko‘tarilib ketishi, johillik tarqalishi, mast qiluvchi ichimliklar ichilishi, zino avj olishi – qiyomat alomatlaridandir”. Ilm ko‘tarilishi qalblardan o‘chib ketish bilan bo‘lmaydi, balki ulamolar o‘lishi bilan bo‘ladi. Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vassallam shunday deganlarini eshitdim: “Alloh ilmni bandalardan tortib olmaydi, lekin olimlarni olish bilan oladi. Olim qolmagandan keyin odamlar ilmsiz, johil kimsalarni boshliq qilib oladilar. Ulardan savol so‘raganlarida, ilmsizlar fatvo berib o‘zlarini ham, o‘zgalarni ham adashtiradilar” (Buxoriy, Muslim rivoyati).
Darhaqiqat, olimning o‘limi zilzila, suv toshqinidan ham katta ofatdir. Zero, olim o‘lishi bilan fasod ko‘payadi, hayot o‘z qiymatini yo‘qotadi. Umar roziyallohu anhu aytadi: “Kechalari qoim, kunduzlari ro‘zador bo‘lgan mingta ibodatgo‘yning o‘limi – Allohning halol-haromini yaxshi biluvchi bitta olimning o‘limidan yengilroqdir” (“Bug‘yatil bohis an zavoidi Horis”). Ulug‘ olim sahobiy, vahiy kotibi Zayd ibn Sobit vafot etganlarida Abdulloh ibn Abbos shunday degan: “Ilm qanday ketishini bilasizlarmi?! Mana shunday olimlari o‘limi bilan ketadi!” (Ibn Hajar, “Tahzibut-Tahzib”).
Manba: azon.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |