Goh oshiq qalbining ozoridir ishq,
Goh g’am-qayg’uning bozoridir ishq. (U.)
Inkor bog’lovchili bog’langan qo’shma gaplarda inkor bog’lovchisi (-na) birdan ortiq komponentning boshida takrorlanib qo’llanadi, ma'lum bir paytda ro’yobga chiqmagan, mavjud bo’lmagan voqea-hodisa yoki belgi-xususiyatlarni ifodalovchi gaplarni biriktirib qo’shma gap hosil qiladi. Inkor mazmunidagi gaplarni biriktiruvchi inkor bog’lovchisining ma'noni kuchaytirish xususiyatiga ko’ra yuklamalik vazifasi ham bo’ladi. Uning nomiga g’alati bir konvert chiqdi: na adresi bor, na familiyasi bor, na pochta muhri. (Asq.M.)
Inkor bog’lovchili qo’shma gaplarda inkor bog’lovchisi har bir komponent boshida takrorlangan holda qo’llanadi va kamida ikki xil vazifa bajaradi: a) birdan ortiq gapni biriktiradi; b) ularni inkor gapga aylantiradi: Uning kelganini na Qurbon ota payqadi, na Sidiqjon payqadi. (A.Q.) Bunday qurilmalarda -na vazifasida ham yordamchisi ham qo’llanilishi mumkin: Uning kelganini Kurbon ota ham payqamadi, Sidiqjon ham payqamadi. Bu gapda inkor elementi (-ma) kesimda bo’lib, ham yuklamasi tutashtiruvchi vazifani bajargan.
Inkor bog’lovchili qo’shma gapning kesimi odatda tasdiq shaklda bo’lsa-da, ba'zan ma'noni kuchaytirish uchun inkor shaklda ham bo’ladi – gapda qo’sh inkor shakllanadi: U Hoshimjonni ham olib ketish to’g’risida og’iz ochmagani uchun, bu haqda na Kimsanboy bir narsa deya olmadi, na Anzirat xola. (A.Q.)
Inkor bog’lovchili qo’shma gaplarning kesimlari bir xil so’z bilan ifodalanib, bir xil zamonda bo’lganda, uslubiy talab bilan, ko’pincha, oxirgi kesim hattoki oxirgi gap qo’llanmaydi: Na bir yo’l biluvchi odam bor, na bir yo’l yorituvchi mash'al («K.D.») Buni na rayosat payqadi, na xalq. (A.Q.) Bular orasida bo’lib o’tgan mojarodan na Umidaning xabari bor, na Ismoiljonning. (A.Q.)
Matn talabi bilan inkor bog’lovchili qo’shma gaplarda ba'zan hamma kesimlar ham qo’llanmasligi mumkin: Ammo bu jangdan na menga manfaat, na senga va na xalqqa! (S.Abd.) Cho’chima, jigarim, o’z uyingdasan, Bu yerda na g’urbat, na ofat, na g’am. (G’.G’.)
Tahlil namunasi: Qattiq shamol bo’ldi va biz o’z yo’limizni o’zgartirdik. (S.Zun.)
1) bu gap ikki komponentdan tuzilgan,
2) komponentlar va bog’lovchisi bilan birikkan,
3) biriktiruv bog’lovchili qo’shma gap,
4) kesimlari bir xil zamon shaklida,
5) voqelik ketma-ket yuzaga kelgan,
6) chizmasi: va
Na fonus yonadi, na derazalarda chiroq miltillaydi. (A.Q.)
1) ikki komponentdan tuzilgan,
2) inkor bog’lovchisi (-na) orqali birikkan,
3) inkor bog’lovchili qo’shma gap,
4) kesimlari bo’lishli, kelasi zamon shaklida,
5) yuzaga kelmagan voqelik ifodalangan,
6) chizmasi: na, na
Do'stlaringiz bilan baham: |