III – MODUL. amaliy dasturlar tuzish.
9-mavzu: Modellashtirish va algoritmlash asoslari
Ajratilgan vaqt - 2 soat.
Asosiy savollar:
1. Model va modellashtirish tushunchalari.
2. Algoritm va algoritmlash tushunchalari.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Model, modelning turlari, fizik model, biologik model, abstrakt model, modellashtirish, matematik model tuzish usullari, algoritm, algoritmning berilish usullari, algoritmning xossalari,algoritmning turlari,blok sxema, algoritmik til.
Mavzuga oid asosiy muammolar:
Model tuzish ixtiyoriy masalani kompyuterda echish uchun, masala echish jarayonini osonlashtirish uchun qo’llaniladi. Sizningcha yana qanday hollarda qo’llanilishi mumkin deb o’ylaysiz? Javobingizni izohlang.
Algoritm tushunchasiga masalani echish uchun berilgan ko’rsatmalar ketma-ketligi deb ta’rif beriladi. Shu fikrga qo’shilasizmi yoki yo’qmi? Sizningcha uni qanday ta’riflash mumkin. Javobingizni tushuntiring.
1-asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi: Talabalarga model va uning turlari, modellashtirish va uning ahamiyati to’g’risida ma’lumotlar berish.
Identiv o’quv maqsadlari:
1.1. Model va uning turlari orasidagi munosabatlarni tahlil qila oladi.
1.2. Modellashtirish jarayonini va uning mazmunini ochib bera oladi.
1.3. Matematik model tuzib amaliyotda qo’llay oladi.
1-asosiy savolning bayoni:
Model so’zi lotincha modulus so’zidan olinib, o’lchov, me’yor degan ma’nolarni bildiradi. Model deganda biror ob’ekt yoki ob’ektlar tizimining obrazi yoki namunasi tushuniladi. Masalan, Erning modeli deb globusni, osmon va undagi yulduzlar modeli deb planetariy ekranni, har bir odamning modeli sifatida esa pasportidagi suratini olish mumkin.
Model tuzish jarayoni modellashtirish deb ataladi. Modellashtirish deganda biror ob’ektni ularning modellari yordamida tadqiq qilish mavjud predmet va hodisalarning modellarini yasash va o’rganish tushuniladi.
Modellarni tanlash vositalariga qarab ularni uch guruhga ajratish mumkin:abstrakt, fizik va biologik.
Narsa yoki obektni xayoliy tasavvur qilish orqali formula va chizmalar yordamida o’rganishda qo’llaniladigan model abstrakt model hisoblanadi. Abstrakt modelni matematik model deb atasa ham bo’ladi. Shuning uchun abstrakt modelni matematik va matematik-mantiqiy modellarga ajratiladi.
Matematik model deb, o’rganilayotgan ob’ektni matematik formula yoki algoritm ko’rinishida ifodalangan xarakteristikalari orasidagi funktsional bog’lanishga aytiladi.
Matematik model tuzish to’rt bosqichda amlaga oshiriladi:
Birinchi bosqich – modelning asosiy ob’ektlarini bog’lovchi qonunlarni ifodalash.
Ikkinchi bosqich – modeldagi matematik masalalarni tekshirish.
Uchinchi bosqich – modeldan olingan nazariy natijalarni amaldagi kuzatish natijalariga mos kelishini aniqlash.
To’rtinchi bosqich – o’rganiladigan ob’ekt haqidagi ma’lumotlarni jamlash, tahlil qilish va rivojlantirish.
Matematik model tuzish uchun dastlab masala rasmiylashtiriladi. Masala mazmuniga mos holda zarur belgilar kiritiladi. So’ngra kattaliklar orasida formula yoki algoritm ko’rinishida yozilgan funktsional bog’lanish hosil qilinadi.
Muhokama uchun savollar:
1.1. Model va modellashtirish tushunchalariga izoh bering?
1.2. Modelning qanday turlari bor va ularning bir-biridan farqi?
1.3. Fizik model nima va u qanday maqsadlarda qo’llaniladi?
1.4. Matematik model nima va u qanday maqsadlarda qo’llaniladi?
1.5. Biologik model nima va u qanday maqsadlarda qo’llaniladi?
1.6. Matematik modellashtirish qanday ahamiyatga ega?
Do'stlaringiz bilan baham: |