2-asosiy savolning bayoni:
Informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitish metodikasi ta'lim va tarbiya bilan bog‘langan quyidagi 3 ta asosiy savolga javob berishga yo‘naltirilgan:
Informatikani nima uchun o‘qitish kerak?
Informatikadan nimani o‘rganish kerak?
Informatikani qanday o‘qitish kerak?
Informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitish metodikasi kursi 2 qismdan tashkil topadi:
o‘qitishning umumiy metodikasi;
o‘qitishning xususiy metodikasi.
O‘qitishning umumiy metodikasida predmetning maqsadi, masalalari va mazmuni bo‘yicha muammolarni umumlashtirish, tushuntirish, bilimni tekshirish va mustahkamlashning asosiy formalarini ishlab chiqish va klassifikatsiyalash masalalari, o‘quvchilar yoshiga qarab alohida pedagogik usullarni qo‘llash samaradorligi masalalarini ko‘rib chiqadi.
Informatika o‘qitishning umumiy metodikasida quyidagi masalalar qarab chiqiladi: Informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitish metodikasi fanining predmeti, informatikaning fan va o‘quv predmeti sifatidagi tavsiflari, informatika metodikasining tavsiflari, informatikani umumta'lim maktablarida o‘qitish maqsadlari, O‘zbekistonda informatika fanini o‘qitish islohotining muammolari, umumiy o‘rta ta'lim Davlat ta'lim standarti, informatika o‘qitishning uzluksiz tizimi, informatika kursining o‘quv-uslubiy va dasturiy ta'minoti, informatika ta'limining shakl va usullari, informatika ta'limini tashkil etish, hisoblash texnikasi xonasining jihozlanishi, dars va uni tashkil etish masalalari, o‘qituvchining darsga tayyorlanish tizimi, o‘quvchilar bilim va ko‘nikmalarini nazorat qilishning turlari, tekshirishning funksiyalari va tamoyillari, tekshirishning usul va shakllari, tekshirish vositalari, informatika kursi bo‘yicha o‘quv jarayonini rejalashtirish, informatika bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar va uning o‘qitishdagi ahamiyati.
Informatika o‘qitishning xususiy metodikasida informatika fanining alohida mavzusiga bir butun deb qarash, berilgan mavzuning mazmunini aniqlash, har bir aniq mavzuga taalluqli tushunchalarni kiritish metodikasi, berilgan mavzu bo‘yicha o‘quvchilar bilimini tekshirish va nazorat qilish tizimi ishlab chiqiladi, mavzuning amaliy yo‘nalishi va fanlararo aloqasi aniqlanadi.
Informatika o‘qitishning xususiy metodikasida quyidagi masalalar qarab chiqiladi: axborot tushunchasi, model va modellashtirish asoslari, algoritm va dasturlash asoslari, taqribiy hisoblash usullari, chiziqli dasturlash elementlari, operatsion tizim, matn muharriri, elektron jadvallar, kompyuter grafikasi, ma'lumotlar bazasi kabi mavzularni o‘qitish metodikasi masalalari.
Informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitish metodikasi kursi bilan tanishib chiqilgandan so‘ng talabalar quyidagi bilim, malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi talab etiladi:
o‘quv yurti informatika predmetiga tegishli dastur, dasrlik va o‘quv qo‘llanmalarning mazmuni va tarkibini bilishi;
informatika predmetini o‘qitish uslubiyatini bilishi;
dars tarkibi va uni tashkil eta olishi;
informatikaga oid didaktik materiallar, ko‘rgazmali qurollar tayyorlay olishi va ulardan darsda foydalana olishi;
dars shakllarini bir-biridan farq qila olishi;
darsdan tashqari tadbirlar rejalarini tuza olishi va o‘tkazish malakasiga ega bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |