Nazorat savollari:
1. Informatikadan DTS va o‘quv dasturlariga izoh bering?
2. Informatikadan o‘quv-uslubiy ta'minotining tarkibi nimalardan iborat?
3. Informatika fanidan kalendar tematik reja qanday tuziladi?
4. Informatika o‘quv-uslubiy ta'minotining ahamiyati nimalardan iborat?
2-asosiy savol bo‘yicha darsning maqsadi: Informatikadan nazariy, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarini tashkil qilish va ularning mazmuni to‘g‘risida ma'lumotlar berish.
Identiv o‘quv maqsadlari:
1. Informatikadan nazariy, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari mazmunini izohlay oladi.
2. Informatikadan nazariy, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarini tashkil qila oladi.
2-asosiy savolning bayoni:
Ta'lim muassasalarida Informatika fanidan darslar tashkil qilish shakllari guruhli, yakka tartibli va uyga vazifalardan iborat bo‘ladi. Dars jarayonida mashg‘ulotlarning ma'ruza, seminar, amaliy mashg‘ulot va laboratoriya mashg‘ulotlari kabi turlaridan foydalaniladi. Darsdan tashqari mashg‘ulot turlariga mustaqil ish, mustaqil ta'lim, sayohat, to‘garaklar, olimpiada va hokazolarni kiritish mumkin.
Informatika fanidan mashg‘ulotlar olib borishda kompyuter texnologiyasidan unumli foydalanilsa, dars jarayoni samaraliroq bo‘lishi tajribalardan ma'lum bo‘lmoqda. Nazariy mashg‘ulotlarni munozarali va muammoli vaziyatlar hosil qiladigan har xil muammoli masalalar asosida ko‘rgazmali vositalardan keng foydalangan holda tashkil qilish hozirgi kunning talablaridan biridir. Nazariy mashg‘ulotlarni tashkil qilishda ta'limning zamonaviy usullaridan foydalanish, ta'lim oluvchilarning bilim darajasini aniqlashda tabaqalashtirish usullaridan foydalanish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘quvchilarning bilim darajasini tabaqalashtirish uchun nazariy mashg‘ulotlarda topshiriqlarni 4 xil darajada berishga erishish kerak. Topshiriqlarning 1–, 2–darajasi davlat ta'lim standartlariga mos kelishi, 3–, 4–darajasi esa ijodiy xarakterdagi topshiriqlar ko‘rinishida bo‘lishini tavsiya qilish kerak. Har bir mavzu o‘tilganda mashg‘ulot uchun tanlangan nazorat topshiriqlari 4 xil darajaga bo‘lganda 40 % - i 1–darajali, 30 % - i 2–darajali, 20 % - i 3–darajali va 10 % - i 4–darajali topshiriqlardan iborat bo‘lishi kerak. 1– va 2– darajali topshiriqlar davlat ta'lim standartlariga mos kelib, barcha o‘quvchilar uchun bajarish majburiy hisoblanadi. 3– va 4–darajali topshiriqlar ijodiy xarakterdagi topshiriq bo‘lgani uchun yetarlicha qobiliyat va iqtidor talab qiladi. Natijada o‘quvchilar bilimi tabaqalanishiga olib keladi.
O‘quvchilar bilimining tabaqalashishi natijasida ta'limga bo‘lgan e'tibor ortib, o‘quvchilarning rivojlanishida ijobiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Bahs va munozaralar shakllanib ta'limga, rivojlanishga bo‘lgan talab kuchayib boradi.
Nazariy mashg‘ulot yuqoridagi talab darajasida berilgandan so‘ng mavzularga mos ravishda amaliy mashg‘ulotlar taklif qilinadi. Informatika fanining tushunchalari va iboralarini o‘zlashtirishda amaliy mashg‘ulotlarning o‘rni beqiyosdir. Amaliy mashg‘ulotlarni turli ko‘rinishlarda olib borish mumkin. Amaliy mashg‘ulotlarni mavzuga mos ravishda mashqlar bajarish, o‘qituvchi tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarish, o‘quvchilar tomonidan mustaqil bajariladigan laboratoriya ishlaridan iborat bo‘lishi mumkin.
Nazariy mashg‘ulotlar o‘tishda misol uchun «EXCEL elektron jadvalida ishlash» mavzusi o‘tilganda quyidagi tartibda topshiriqlar tavsiya qilish mumkin:
1 – darajali topshiriqlar.
EXCEL elektron jadvali qanday vazifani bajaradi?
EXCEL elektron jadvali qanday ishga tushiriladi va unda ishlash tartibini tushuntiring?
EXCEL elektron jadvalida tayyorlangan ma'lumotlarni xotiraga yozish va undan chaqirish qanday bajariladi?
2 – darajali topshiriqlar.
EXCEL elektron jadvali oynasida ma'lumotlar qanday hosil qilinadi va uni jadval ko‘rinishda chiqarish uchun qanday ish bajariladi?
EXCEL elektron jadvalida guruh o‘quvchilari haqida ma'lumot tayyorlang.
EXCEL elektron jadvalida tayyor rasmlardan foydalanib ma'lumot tayyorlash qanday bajariladi?
3 – darajali topshiriqlar.
EXCEL elektron jadvalida formulalar va funksiyalardan qanday foydalaniladi?
EXCEL elektron jadvalida biror korxona yoki tashkilotning bir oylik daromadlari haqida ma'lumot tayyorlash va unda nimalarga e'tibor berish kerak?
4 – darajali topshiriqlar.
EXCEL elektron jadvalida biror korxona iqtisodiyotining oylik va yillik o‘sishi va kamayishini ko‘rsatuvchi ma'lumotni grafik va diagrammalar shaklida chiqarish va bajarish tartibini ayting.
EXCEL elektron jadvalida biror o‘quv muassasasi tarkibiy tuzilishini ko‘rsatuvchi rangli shakl tayyorlash tartibini ayting.
Bu kabi topshiriqlarni amaliy mashg‘ulotlar uchun ham tuzish mumkin. Shunda nazariyada berilgan ma'lumotlar amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamlanadi.
Amaliy mashg‘ulotlarning bir ko‘rinishi bo‘lgan laboratoriya mashg‘ulotlarida o‘quvchilarga beriladigan mustaqil topshiriqlar ham tabaqalashgan holatda oddiydan murakkabga qarab taklif qilinishi maqsadga muvofiq.
Amaliy mashg‘ulotlarni Oliy va o‘rta maxsus o‘quv muassasalarida mavjud yo‘nalishlarni e'tiborga olib o‘tkazish ijobiy natijalar berishi tajribalardan ma'lum bo‘lmokda. Masalan, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishga ega bo‘lgan o‘quv muassasalarida har xil matnli ma'lumotlarni qayta ishlashga doir topshiriqlar; aniq fanlar va iqtisodiyot yo‘nalishli o‘quv muassasalariga qo‘shimcha qilib hisoblash, turli jarayonlarni dasturlashga doir topshiriqlar tavsiya qilish maqsadga muvofiq.
O‘quv yurtlarida informatika fanidan laboratoriya ishlarini o‘tkazish, amaliy mashg‘ulotlarning vazifasi quyidagilardan iborat:
1. Ta'lim oluvchilarda quyidagi amallarni bajarish ko‘nikmalarini shakllantirish;
kompyuterni ishga tayyorlash;
kompyuterga dastur kiritish va uni rostlash;
ixtiyoriy amaliy dastur bilan ishlash;
kompyuterning matn va grafik muharrirlari vositasidan foydalanish;
kompyuterning boshqa imkoniyatlari bilan tanishish;
ma'lumotlar, dasturlarning nusxalarini olish va ko‘paytirish va boshqalar.
2. O‘quvchilarda mashqlar bajarish ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
kompyuterda masala yechish bosqichlari;
mashqlar bajarish jarayonida nazariy bilimlarni masala yechishga tadbiq qilish;
mashqlar bajarish jarayonida ta'lim oluvchilar ijobiy fikrlash masalalarini rivojlantirish.
Informatikadan amaliy mashg‘ulotlar uchun tanlangan topshiriqlar mazmuni ixtiyoriy kasb egasiga zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikma va malakaga asoslangan bilimlar minimumi darajasida bo‘lishi kerak.
Laboratoriya ishlarini o‘tkazishda kompyuter texnologiyasidan foydalanganda ish jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:
1. Laboratoriya ishlari topshiriqlarini bajarish bilan tanishish – bunda laboratoriya ishi mazmuni, uning nazariy qismi ekranga chiqariladi, o‘quvchilar tanishib keyingi bosqichga o‘tadi.
2. Laboratoriya ishlari topshiriqlarining tanlanishi – bunda laboratoriya ishi topshiriqlarini berishdan oldin, ularning bilim darajasini aniqlash uchun oddiy va murakkab shaklda tuzilgan savollar beriladi, o‘quvchilarning savollarga bergan javoblarini tahlil qilib keyingi bosqichga o‘tadi.
3. Laboratoriya ishlari topshiriqlarining berilishi – bunda o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasiga mos topshiriqlar berish ta'minlanadi.
Bu bosqichlarning bajarilish ketma-ketligi quyidagi jadvalda keltirilgan:
Bosqich-lar
|
Bosqichlar mazmuni
|
Kompyuterning vazifalari
|
O‘qituvchi-ning vazifalari
|
Ta'lim oluvchining vazifalari
|
I
|
Laboratoriya ishlari topshiriqlarini bajarish bilan tanishish.
|
Laboratoriya ishi mazmuni, uning nazariy qismi ekranga chiqariladi.
|
Nazorat qilish
|
Laboratoriya ishi mazmuni bilan tanishish.
|
II
|
Laboratoriya ishlari topshiriqlarining tanlanishi.
|
Laboratoriya ishi topshiriqlarini berishdan oldin ular bilimini test asosida sinovdan o‘tkazish (10-15 ta savoldan iborat).
|
Nazorat qilish
|
Test savollariga javob berish.
|
III
|
Laboratoriya ishlari topshiriqlarining berilishi.
|
Ta'lim oluvchilarning o‘zlashtirish darajasiga mos topshiriqlar berishni ta'minlash.
|
Nazorat qilish
|
Ta'lim oluvchilar o‘zlashtirish darajalariga mos ravishda topshiriqlar oladi.
|
Bu tartibda ishni tashkil qilish uchun kompyuterda o‘quv - pedagogik dasturlar xizmat qiladi, ular yordamida o‘qitish va laboratoriya ishlarini o‘tkazishda o‘qituvchi ishi ancha yengillashadi. Bunda o‘qituvchining ishi faqat nazorat qilishdan iborat bo‘ladi. Laboratoriya ishlarini o‘quv pedagogik dasturlar yordamida o‘tkazilganda, yuqoridagi bosqichlar orqali o‘quvchilar o‘z o‘zlashtirish darajasiga mos ravishda avtomatik tarzda topshiriq oladi.
Umuman, kompyuter uchun o‘quv va nazorat qiluvchi dasturlar ta'lim oluvchilarning o‘zlashtirish darajalariga mos bilim olishida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u quyidagi talablar asosida yaratilishi kerak:
o‘qitiladigan fan bo‘yicha mavzularni ta'lim oluvchilarning xohishiga qarab tanlash;
tanlangan mavzu bo‘yicha asosiy savollarni ta'lim oluvchining xohishiga qarab o‘qitishni tashkil qilish va o‘zlashtirish darajasiga mos topshiriqlar bilan ta'minlay olish;
kafolatlangan natijadan so‘ng keyingi asosiy savol (yoki mavzuni) o‘zlashtirishga imkoniyat yaratish;
ta'lim oluvchining o‘zlashtirish darajasi natijasiga ko‘ra mavzu yoki asosiy savolga qaytishni ta'minlash;
ta'lim oluvchining xohishiga ko‘ra, dasturdan chiqishni tashkil etish;
ta'lim oluvchining xohishiga ko‘ra nazorat topshiriqlariga bevosita o‘tishni ta'minlash;
ta'lim oluvchining mavzuni qanday darajada o‘zlashtirilganligi haqidagi qaydnomani tashkil etish va boshqalar.
Tajribalar o‘quv jarayonida kompyuter texnologiyasidan unumli foydalanilsa, ijobiy natijalar berishini ko‘rsatdi. O‘quv pedagogik va nazorat qiluvchi dasturlar yordamida ta'lim jarayonini olib borish natijasida o‘qitish va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish avtomatlashtiriladi. Avtomatlashtirilgan ta'limni tashkil qilish natijasida quyidagi ijobiy ko‘rsatkichlar kuzatiladi:
ta'lim oluvchilarning darsga bo‘lgan qiziqishlari ortadi;
o‘quv materiallarini o‘zlashtirish jarayonlari tezlashadi;
o‘qituvchi mehnati yengillashadi;
ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llash imkoniyati yaratiladi;
axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalari hal etiladi va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |