3.Boshlang’ich sinf o’qish darslarida masal o’qitish metodikasi.
Boshlang’ich ta’limda masal o’rganishning tarbiyaviy tomoniga alohida e’tibor beriladi. Chunki insoniy fazilatlarning shakllanishi kichik maktab yoshidagi o’quvchilar kamolotida bebaho bosqichdir. Masal ustida ishlashni hayvonlar haqidagi ertaklar tahliliga o’xshatib uyushtirish mumkin. Ammo noan’anaviy usul bilan o’quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyatini o’stirish nazarda tutilsa, modulli ta’lim dasturidan foydalanish o’qituvchi belgilagan rejada bo’ladi.
2-sinf o’qish darsligida keltirilgan Ivan Krilovning “Qarg’a bilan tulki” masalida hayvonlar timsolida insonlar qiyofasi tasvirlangan. Ushbu masal o’quvchilarni hushyorlikka chorlaydi. Ya’ni ko’cha-ko’yda va yaqin atrofda yaxshi gaplar bilan erkalagan, yaxshi gapirgan, har xil narsalar inom etgan insonlarning shirin so’zlariga uchmaslik, zero oson erishilgan narsa, oson yo’q bo’lishi kabilar uqtiriladi. Masalda jamiyatda tulkiday ayyorlik bilan ish olib borayotgan kimsalar haqida gap boradi.
3-sinf o’qish darsligida esa, Olim Qo’chqorbekovning “Qaysar buzoqcha”, Hamidulla Yoqubovning “O’jar toshbaqa” masallari berilgan bo’lib, bu masallarning qahramonlari ham hayvonlar qiyofasida aks etgan. Yozuvchi majoziy qahramonlarni tanlashda har bir hayvonning xususiyatlaridan kelib chiqadi. Masalan, “O’jar toshbaqa” masalida toshbaqa o’zini himoya qilib turgan kosasini o’ziga keraksiz deb biladi va onasiga harhasha qilib uni yo’qotishini so’raydi. Yo’qotgandan keyin esa uni o’ziga qanchalik kerak ekanligini his qiladi. Toshbaqa orqali jamiyatda boriga shukur qilib hayot kechirmaydigan insonlar va ularning borini ham yo’qotgandan keyin uni qadriga yetishlarini nazarda tutadi.
4-sinf o’qish darsligida ham Rauf Tolibning “Qo’zichoq”, Habib Po’latovning “Ikki irmoq” kabi masallari keltirilgan.
O’quvchilarga masalni o’rgatish hamda tahlil qilish jarayonida asar tiliga ham katta e’tibor beriladi. So’zlarning ko’chma ma’nolari, stilistikasi, so’zlarning gramatik qurilishi, qo’shimcha ma’no bo’yoqdorligiga ega bo’lgan nutq birliklarining qo’llanishi, badiiy tasvir vositasiga asos bo’lgan morfemalar tizimi o’qituvchi ko’magida yoritib boriladi. Bundan tashqari, masal personajlarining individual xarakterini ham hisobga olish zarur. Masalan, “Chumoli va tipratikan” masalini o’qishda tipratikanning : “ O’zi kichkina-yu, katta narsani olib ketmoqchi bo’lib urinishini ko’ringlar-a, obbo badnafs-e” – degan masxaraomuz xitobi, “O’jar toshbaqa”da toshbaqaning :
Onasiga : - “Dod!” – dedi,
Menga iloj top, - dedi.
Keragi yo’q kosamning.
Bunda yurish osonmi?
Xalaqit berar, qarang,
Chopaman sekin, arang, -
degan qaysarona gaplari nutqiy ohangda o’z ifodasini topadi. Shuning uchun dialogli masallarni rollarga bo`lib o`qish, inssenirovka qilib, aytdirish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |