Rus tilidan o‘zlashgan so‘zlar
XIX asrning 2-yarmidan Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston chor Rossiyasining mustamlaka mamlakatiga aylandi. Rus tilining o‘zbek tiliga ta’siri shu davrdan boshlandi. Rus tilidan, rus tili orqali boshqa tillardan ko‘plab so‘zlar o‘zlashdi. Ushbu so‘zlar o‘zbek tili va shevalariga tojikcha va arabcha so‘zlarga qaraganda keyinroq o‘zlashgan. Shunday bo‘lsa ham "O‘zbek tili va shevalari lug‘at tarkibida rus tili va u orqali Yevropa tillaridan kirgan so‘zlar o‘ziga xos leksik tizimni tashkil etadi. А.К.Borovkov, V.Reshetov, Sh.Shoabdurahmonov, M.Mirzayev, F.Abdullayev, O.Usmonov, E.Fozilov, M.Po‘latov, I.Rasulov, F.Kamolov kabi olimlarning ilmiy ishlarida bu masala turli jihatdan tahlil qilingan".30
Rus tilining o‘zbek tiliga tasiri ancha chuqur va murakkab jarayondir. Yuz yildan ortiq davr ichida ikki xalq o‘rtasida kuchli siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlar lisoniy ta'sirning ikki yoqlama, ya'ni ham yozuv orqali ham og‘zaki nutq vositasida o‘tishiga keng yo‘l ochib berdi. Rus tilining o‘zbek tiliga ta'siri, ayniqsa, leksikasida yaqqol seziladi.
O‘zbek tili va xalq so‘zlashuv tiliga rus tili va u orqali Yevropa xalqlari tillaridan (fransuz, italyan, nemis, ingliz, ispan) so‘z kirishi ikki tarixiy davrni o‘z ichiga oladi:
1. XIX asrning 2-yarmidan XX asrning boshlarigacha bo`lgan davr.
2. 1917 yildan keyingi davr
Ammo bu davrlarda o‘zbek tiliga rus tilidan kirgan so‘zlar ancha kam edi. O‘tgan asrning so‘nggi choragida o‘zlashgan so‘zlar esa juda katta miqdorni tashkil etadi. Ma'lumki, mahalliy aholining ruslar bilan bevosita aloqaga kirishishi, O‘zbekistonda turli xil yangiliklarning ommalashishi, yani savdo va sanoat korxonalari, temir yol, pochta-telegraf, zamonaviy transport vositalari, butun dunyo axborotlashtirish tizimining, kompyuter texnologiyalari, madaniy aloqalar xalq orasidagi ular bilan bog‘liq bo‘lgan yangi tushunchalarning tarqalishiga olib keldi. Bunday tushunchalarni ifodalash uchun tilimizdagi so‘zlar bilan bir qatorda rus tili va u orqali boshqa tillardan ham so‘zlar olindi. Jumladan, “Rus tilidan istalgan har qanday so‘z shevaga kiravermaydi, faqat ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan shevaning lug‘at tarkibida turg‘un ekvivalent bo‘lgan so‘zlargina kirib o‘zlashadi”.— deb aytgan edi, dialektolog olim A.Ishayev.
Ruscha so‘zlar turkiy bo‘lmagan tillar qatoridan bo‘lsa ham, o‘zbek tili talaffuzi va orfografik xususiyatlariga mos kelmasa ham, davlatlar o‘rtasidagi barcha sohalarni qamrab olgan yaqin munosabatlar sababli rus tili va leksikasi o‘zbek tilining asosiy boyish manbasiga aylandi. O‘zbek adabiy tilida bo‘lgani kabi, tadqiqotimiz manbayi bo‘lgan G‘ijduvon shevasi leksikasida ham o‘z aksini topgan. Bunday leksik xususiyatlar nafaqat amaliy jihatdan, balki turli ma'naviy va madaniy tomondan ham o‘z isbotini topdi. Jumladan, o‘zbek tili va uning shevalari leksikasidagi rus tilidan o‘zlashgan va u orqali boshqa tillardan o‘tgan so‘zlar tilshunos va dialektolok olimlarimizning asarlarida keng tahlil qilib berilgan. Dastlab o‘zbek tiliga rus tilidan so‘z qabul qilishda o‘zbek marifatparvar shoirlarining (Muqimiy, Zavqiy,Furqat) ijodiy faoliyati va o‘sha davrdagi rus-tuzem maktablarining ahamiyati katta bo‘lgan. Xususan, Muqimiyning "Ta'rifi pech" nomli hajviy masnaviysida ruslar olib kelgan pech ona quchog‘idan ham issiqroq ekanligini hajviy usulda bayon etgan:
Eshikdin qaltirab kelsang isitgay
Ki mushfiq volidangding mehribon pech.
Do'stlaringiz bilan baham: |