ILMIY AXBOROTNOMA TARIX 2020 - yil, 2 - son
6
doimiy belgi (ishora) bilan: masalan, joy, sana, oy, hafta kuni ko‘rsatilgan holda e’lon qilingan. Yirik
obro‘li gazetalarda bosh maqolalar uzoq yillar davomida doimiy mualliflar tomonidan yozilgan. Bosh
maqolalar gazetaning muayyan yo‘nalishga tegishliligini ko‘rsatgan. Shunday holatlar ma’lumki,
siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha muayyan pozitsiyani egallashga moyil bo‘lmagan yirik gazetalarda
bir paytning o‘zida bitta sonda ayni bir muammo yuzasidan turli nuqtai nazarlar bayon etilgan bir necha
bosh maqola joylashtirilgan[4]. Sovet davrida esa qayta qurishgacha, matbuot kommunistik qurilishning
quroli hisoblangan paytda bosh (ko‘rsatma beruvchi) va targ‘ibot maqolalariga ustunlik berilgan[3]. Sovet
davri gazetalarida bosh maqola odatda birinchi sahifa chap tomonda joylangan. Bosh maqolaning mazmuni
siyosiy ko‘rsatma funksiyasini bajarishi lozim edi[4]. Uni yozishda bosh muharrir, tahririyat hay’ati
a’zolari, partiya, davlat, jamoat arboblari jalb etilgan[18]. Tahririyat (bosh) maqolasining vazifasi nafaqat
(ayni payt uchun) muhim, dolzarb bo‘lgan masalalarni qayd etish, balki yuz berayotgan voqealarni
baholashda yo‘nalish ko‘rsatishdan ham iborat bo‘lgan[9].
Gazetadagi bosh maqolaning alohida ahamiyati shu bilan shartlanganki, u qoida tariqasida partiya
va sovet organlari qarorlariga bevosita asoslangan, bu qaror va choralarni targ‘ib etuvchi, ularni bajarishga
yo‘naltiruvchi, o‘quvchilarni ularni amalga oshirishga faol chaqiruvchi maqola bo‘lgan. Partiya markaziy
qo‘mitasining 1922 yil 7 iyundagi mahalliy gazetalarning rejasi haqidagi xatida bosh maqolaning vazifasi
qayd etilgan. Maqola asosiga muayyan voqea va faktlar qo‘yiladi. “Bosh va ikkinchi maqola – deyiladi
ushbu hujjatda, - yo‘riqnoma, yo‘nalish berishi, xulq-atvorning asosiy yo‘nalishini qayd etishi lozim. Bosh
maqola va undan keyingi yetakchi maqola suhbat, muhokama emas, balki siyosiy ko‘rsatma, dasturdir”[5].
Partiya matbuotining yetakchi nashrlari bosh maqolalarida partiyaning navbatdagi vazifalari, uning
dastur va taktikalari, inqilobiy nazariyalar, kunning dolzarb deb hisoblangan chaqiriqlari qayd etilgan.
Xususan, O‘zbekistonda qishloq kambag‘allari va batraklariga mo‘ljallab nashr etilgan “Kambag‘al
dehqon” gazetasi 1925 yil - 1929 yil boshlarida partiyaga bag‘ishlangan mavzularni ko‘pincha yo‘l-yo‘riq
berish xarakteridagi bosh va tahririyat maqolalari bilan taqdim qilgan. “Qishloq kommunisti va qishloq
xo‘jaligi” (6 aprel 1925 y.), “Har bir kommunist – partiya qayta ro‘yxatiga tayyor bo‘l” (22 dekabr 1925
y.), “Yacheykalar byurosiga qayta saylovlar boshlanayapti” (26 aprel 1928 y.) va boshqalar aynan shunday
maqolalardan bo‘lgan[6].
“Qizil O‘zbekiston” gazetasida tahririyat bosh maqolalari Toshkent okrugining birinchi firqa
konferensiyasi[23], O‘zbekiston ijtimoiy sho‘rolar jumhuriyati Markaziy ijroqo‘mining II chaqiriq III
sessiyasi[42], butunittifoq kasaba uyushmalarining markaziy kengashi plenumi[45] kabi davlat va jamoat
tashkilotlari, organlari yig‘inlari yakuni bo‘yicha ham e’lon qilingan. “Qizil O‘zbekiston” gazetasida
partiya markaziy gazetalari bo‘lgan “Pravda”ning, “Izvestiya”ning ko‘plab maqolalari o‘zbek tiliga
tarjimalar shaklida nashr etilgan. Bu tarjimalar gazetaning bosh maqolalari o‘rnida ham berib borilgan.
Shuningdek, bosh maqola sifatida F.Xo‘jaev, Y.Oxunboboev kabi davlat rahbarlarining respublika
hayotining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan maqolalari e’lon qilingan. Ammo gazetada bosh maqola
asosan tahririyat tomonidan yozilgan.
“Qizil O‘zbekiston” gazetasining qishloq xo‘jaligi, paxtachilik ishlariga bag‘ishlangan bosh
maqolalari ko‘pincha respublika xo‘jaligining asosiga aylantirilgan paxtachilik bilan bog‘liq partiya
ko‘rsatmalarining, bu ko‘rsatmalardan kelib chiqib respublika rahbariyati ishlab chiqqan
chora-tadbirlarning, vazifalarning ijro uchun e’lon qilingan publitsistik bayoni shaklida bo‘lgan[46, 47].
Bosh maqolalar orqali jamiyat hayotining turli dolzarb sohalari, bu sohalardagi shu davrga xos
muammolar, ularni hal etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar, takliflar bilan tanishish mumkin, shu
bilan birga ularda ko‘tarilgan mavzular tizimida partiya yuritgan siyosatning asosiy yo‘nalishlari, asosiy
g‘oyaviy konseptlari namoyon bo‘ladi. Jumladan, gazetaning 1927-28 yillar mart oyi bosh maqolalarida
xotin-qizlarni ozod qilish, “Hujum” harakati bilan bog‘liq vazifalar va bu borada yuzaga kelgan
muammolar[25, 29, 40], qozilik sudlari faoliyati cheklanib, ishlar asosan sovet sudlarida ko‘rilayotgani,
ammo bu sohada kadrlar bilan, qonunchilikni amalga oshirish tajribasi va amaliyoti bilan bog‘liq qator
muammo va kamchiliklar[34], mahalliy aholi orasidan kadrlar tayyorlash va ularni tegishli ish o‘rinlariga
qo‘yish bilan bog‘liq vazifalar[44] va muammolar[39], mahsulot narxini arzonlashtirish haqidagi qarorning
iqtisodiy, siyosiy ahamiyati, bu borada sanoat va savdo tashkilotlarining o‘rni, vazifalari, bu borada yo‘l
qo‘yilayotgan kamchiliklar[20, 22, 30], partiya ta’sirini yanada mustahkamlash, xo‘jalik, madaniy va
boshqa sohalardagi ko‘rsatmalarini joylarda samarali bajarilishini ta’minlash maqsadida partiya quyi
tashkilotlari faoliyatini jonlantirish vazifalari[19, 24], partiya maorifi ishlarining ba’zi bir yakunlari,
muvaffaqiyat va kamchiliklari haqida[41], ko‘klam ekin kampaniyasi bilan bog‘liq vazifalar[21, 50, 53],
ipakchilik sohasidagi kamchiliklar va ularni hal etish masalalari[27] ko‘tarilgan va ularning yechimiga
amaliy kirishishga chaqirilgan. Gazeta sahifalaridagi bosh maqolalarda umumiy masalalar bilan birga
mavsumiy ishlar, masalan, ipakchilik, qishloq xo‘jaligining bahorgi ekish ishlari, kuzgi yig‘im-terim, yerni
Do'stlaringiz bilan baham: |