Buxoro. Chashmai Ayyub maqbarasi XIV - XVI asrlar. Chashmai Ayyub maqbarasi qadimiy va mashhur mozor o'rnida Ayyub payg'ambarning ramziy qabri ustiga bunyod etilgan. Buxoroning o'ziga xos obidalaridan biri. Taxmin qilinishicha, qadimiy qismining tarixi XII asrga borib taqaladi. Maqbara xilxonalari devorlariga o'yilgan yozuvlarga ko'ra, Amir Temur davrida (mil. 1378-1379 y.) saltanatning Buxorodagi vakili Amir Xujjoj tomonidan qurdirilgan. Rivoyat qilinishicha, Ayyub alayhissalom bu suvsiz joydan o'taturib hassasi bilan yerga urgan va chashma hosil bo'lgan.
Buxoro. Bo'yonqulixon maqbarasi XIV asrning ikkinchi yarmi. Bo'yonqulixon Surg'atu o'g'li Chig'atoy o'g'li (1346-1358 y.). Chig'atoylarning davlat ishlarini aslida uning nomidan amir Qazag'on boshqargan. Bo'yonqulixon Chig'atoy xonlaridan birinchilar qatorida Islomni qabul qilgan xondir. Bo'yonqulixon maqbarasi XIV asr o'rtasida Buxorodagi Shayxul olam Sayfiddin Boharziy qabri yaqinida qurilgan. Maqbara binosi mayda naqsh va sirkor koshinlar bilan bezalgan ziyoratxona va kichik xilxonadan iborat.
Samarqand. Bibixonim masjidi XIV - XV asrlar. Amir Temur 1399-1404 yillari qurdirgan. Zilzilalar ta'sirida masjidning ko'p qismi yemirilib, faqat shimoliy-g'arbiy minoraning pastki qismi saqlanib qolgan. Amir Temurning katta xotini Bibixonim Chig'atoy ulusi xoni - Qozonxonning qizidir. U barcha malikalardan ulug' hisoblanib, "Katta xonim" yoki "Bibixonim", degan unvonga loyiq bo'lgan. Bibixonim zamonasining yuksak idrokli, tadbirli, maslahatgo'y, yetuk aql-zakovatli ayollaridan edi. Ilm-ma'rifatga alohida e'tibor berib, tolibi ilmlarga homiylik qilgan, shaxsiy mablag'i hisobidan ulkan madrasa qurdirgan.
Xorazm viloyati. Yusuf Hamadoniy maqbarasi Imom Yusuf Hamadoniy XII asrda yashagan, go'zal axloqi, yuksak maqomati va karomati bilan mashhur bo'lgan ulug' mutasavvif. Bag'dod, Isfahon va Samarqand kabi ko'hna shaharlarning ilmiy majlislarida ishtirok etgan. Yusuf Hamadoniy "xojagon"lar tariqatining asoschilaridan biri hisoblanadi. Tariqat ilmining yorqin namoyandalari Abduxoliq G'ijduvoniy va Ahmad Yassaviylarga ustozlik qilgan. Tasavvufga oid asarlar muallifi.
Samarqand. Ruhobod (Shayx Burxoniddin Sog'arjiy) maqbarasi XIV asrga oid me'moriy yodgorlik. Amir Temur maqbarasining shimolida joylashgan, chorqirra shaklidagi gumbazli bino. Shayx Burxoniddin Sog'arjiyni Amir Temur o'ziga ma'naviy pir, deb qabul qilgan. Shayx Burxoniddin Sog'arjiy X asrda Somoniylar davrida yashab, avliyolikda Qutb pog'onasiga ko'tarilgan zotdir. Uning nasl-nasabi Umar ibn Xattobga borib taqaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |