Islomning muqaddas manbaalari. Hadislar. Buyuk muhaddislar
Qur’oni Karim Islom dinining asosiy ilohiy, muqaddas kitobidir. Islom dinida aytilishicha Qur’on Allohning kalomi (kalomulloh) bo’lib, uning har bir kalomi Alloh tarafidan so’zma-so’z nozil etilgan va Jabroil alayhissalom orqali payg’ambarga yetkazilgan. Alloh taolo tarafidan oxirgi payg’ambar Muhammad alayhissalomga yuborilgan bu so’nggi kitob to qiyomat-qoyim bo’lgunga qadar, insonlar orasida abadiyan amal qiladi deyiladi.
Islomda aytilishicha Qur’oni Karim va Islom dini muayyan qabila, xalq, elatlarga yuborilgan bo’lmay, balki butun bashariyatga, yer yuzidagi barcha xalqlarga nozil etilgan.
Qur’onning nozil qilinishi-vahiy qilib yuborilishi muqaddas ramazon oyining yigirma yettinchi kuni kechasi boshlangan. Shuning uchun ham bu oy muqaddas hisoblanib, ro’za tutilgan kunning yigirma yettinchi kechasi “Laylat ul-Qadr”, ya’ni qudrat kechasi, ilohiy qudrat namoyon bo’lgan tabarruk kecha deb ulug’lanadi.
Qur’ondaa aytilishicha Islom aqidalari, e’tiqod talablari, xuquq va axloq me’yorlari, inson uchun foydali bo’lgan, har bir zamonga to’g’ri keladigan va qiyomatgacha o’zgarmaydigan hikmatli hukmlar yozilgandir. Qur’oni karimning asosiy mavzusi va maqsadi bashariyat tafakkurida ko’p xudolikka barham berish, yakka xudolikka targ’ib qilish va Islom dinini o’rnatishdir.
Qur’on har xil hajmdagi 30 pora (bo’lak, qism), 114 suraga bo’lindi va 77439 kalima, 325743 harfdan iborat 6236 oyat joylashtirilib, har bir suraga nom berildi, Qur’onning oxirgi oyati payg’ambar vafodan 18 kun avval nozil bo’lgan. Qur’onning birinchi surasi - “Fotiha”, oxirgi bir yuz o’n to’rtinchisi - “An-nos” surasidir.
Qur’ondagi suralar makkiy va madiniy suralarga bo’linadi. Jumladan, 90 sura, 4780 oyat Makkada 610-622 yillarda, 24 sura, 1456 oyat Madinada 622-632 yillarda nozil bo’lgan.
Qur’on Muhammad payg’ambar tomonidan hali jamlanib to’plam holiga keltirilmagan edi. Rasullulloh vafot etgan vaqtda Qur’on sahobalar, qori-hofizlar tomonidan to’liq yod olinib, xurmo po’stloqlariga, toshtaxtalarga, teri va boshqa narsalarga yozib qo’yilgan edi. O’sha davrlarda Qur’onni to’liq holda yod olgan sahoba-hofizlaridan 30 kishi sanab o’tilgan. Rasulullohning 24 nafar vahiy yozuvchi kotiblari bo’lgan. Ular navbatma-navbat kotiblik qilganlar. Rasululloh mirzalaridan eng mashhuri Zayd ibn Sobit raziyallohu anhudir.
Ma’lumki, Muhammad alayhissalom o’qish-yozishni bilmagan: “Siz, ilgari biror kitobni tilovat qiluvchi emas edingiz va o’z qo’lingiz bilan xat ham yozgan emas edingiz. Aks holda buzg’unchilar, albatta, shubhaga tushgan bo’lur edilar”(29-“Ankabut” surasi, 48-oyat)
O’uronda aytilishicha Muhammad payg’ambar Qur’on oyatlarini farishta Jabroil alayhissalomdan eshitib, yod olgan va sahobalariga aytib, o’qitib, uqtirib turgan, ular esa yodlab olganlar. Payg’ambarimiz har bir yangi oyatni qaysi suraga taaluqli ekanligini va o’rnini kotiblarga tushuntirib turganlar. Qur’on suralari shu tariqa 23 yil davomida yod olingan va xatga bitilgan.
Islomning asosiy hujjati bo’lgan Qur’on musulmonlarning diniy, ijtimoiy va siyosiy hayotida yagona qo’llanma, doimiy yo’lboshchi bo’lib xizmat qilib kelgan. Qur’oni Karim jumlalariga biron-bir o’zgartirish kiritish, bironta harfni, xatto harflar belgisi-zer-zabarini ham o’zgartirish mumkin emas, qat’iyan taqiqlangan;
Qur’on ta’limotining markaziy g’oyasi yakkayu yagona Alloh to’g’risidagi ta’limotdir. Shuningdek, unda iymon, Allohga ishonch, olamning yaratilishi, farishtalar, payg’ambarlar, oxirat-qiyomat, qayta tirilish, qazoi qadar, Islom dinining asoslari va boshqa diniy ko’rsatmalar belgilab berilgan. Undagi axloqiy, xuquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy meyorlar Islom dinining qonunlari majmuasi-shariatga asos qilib olingan.
Qur’oni Karimning asosiy nomlari:
Qur’on. Mazmuni “O’qish kitobi”. Bu kalom faqat Muhammad a.s.ga nozil qilingan ilohiy kitobga qo’llaniladi.
Furqon. Haq bilan nohaqni ajrim qilib beruvchi degani. Bu nom Qur’onga, gohida Tavrot va Injil kitoblariga ham qo’llanilgan.
Kalomulloh. Allohning kalomi degani.
Mus’haf. Sahifalangan, muqovalangan kitob degani.
“Qur’on” - arabcha “qara’a” (o’qimoq) felidan olingan. Qur’on suralardan iborat. Sura Qur’ondan bir bo’lak bo’lib, eng kami uchta yoki undan ortiq oyatlarni o’z ichiga oladi. Qur’onda jami 114 ta sura mavjud. Oyatlar soni esa, Qur’on mantlarini taqsimlashning turli yo’llariga ko’ra, 6204 ta, 6232 ta, hatto 6666 tagacha belgilangan. Bu narsa Qur’on nusxalarining bir-biridan farqli ekanligini emas, balki undagi oyatlarning turlicha taqsimlanganini bildiradi.
Suralar Qur’onda o’z mazmuniy izchilligiga yoki o’qilgan vaqtiga, ya’ni xronologik tartibiga qarab emas, balki hajmiga ko’ra-avval katta suralar, undan so’ng kichik suralar tartibi Muhammad s.a.v. ko’rsatmalariga binoan joylangan. Suralarning hajmi ham har hil: eng katta hajmga ega bo’lgan 2-surada 286 oyat bor, eng kichik suralar faqat 3 oyatdangina iborat.
Qur’on matnlarining to’planishi, tahrir qilinishi va muqaddas yozuv sifatida e’tirof etilishi Muhammad vafotidan keyin 20-25 yil davomida, dastlabki xalifalar Abu Bakr, Umar, Usmon davrida amalga oshirilgan.
Muhammad suralarni yoddan o’qigan, targ’ibot vaqtida musulmonlar ham uni yod olgan. Boshqa xalqlardagidek, arablar o’rtasida ham folklorga hos she’rlar, rivoyatlar faqat yod olish va og’izdan-og’izga ko’chirish yo’li bilan avloddan-avlodga o’tib saqlangan. Faqat ayrim savodli kishilargina ba’zi suralarni pergament, yog’och tahtakach, kurak suyaklariga yozib olganlar. Suralarni to’la yodlab olgan musulmonlar anchagina bo’lgan.
Abu Bakr hukmronligi davrida barcha suralarni to’la yod bilgan 7 tagina odam qolgan edi. Muhammad umrining oxirlarida 5 yil davomida unga kotiblik qilgan Zayd ibn Sobit bitta suraning oxirinigina bilmagan, qolgan barcha suralarni yod bilgan. Ko’pchilik musulmonlar ayrim sura yoki parchalarni yod bilganlar, xolos. Binobarin, yana bir necha janglardan so’ng suralarni yod bilgan odamlar qolmasligi va Qur’on matnini tiklash mumkin bo’lmay qolish xavfi paydo bo’lgan.
Shuni hisobga olib, Abu Bakr eng yaqin safdoshi Umar maslahati bilan 633 yilda Qur’on suralarini to’plab, dastxat qildirishga qaror bergan va bu vazifani bajarishni Zaydga topshirgan. Rivoyatlar bo’yicha, u masjidga o’tqazib qo’yilgan, sahobalardan har biri o’zi bilgan suralarni o’qigan, Zayd yozib borgan. Har bir sura, parcha yoki oyatlar qismini avval bir kishi o’qib,so’ngra ikkinchi kishi o’qiganda aynan mos kelsa, o’shandagina yozib borilgan. Bu to’plam dastavval Suhuf (sahifalar) deb nom olgan. Binobarin, u alohida pergament sahifalarga yozilgan bo’lishi kerak. Lekin bu nusha saqlanib qolmagan. U haqidagi ma’lumotlarni biz faqat ilk manbalardangina bilamiz.
Qur’onning hozirgi nusxasidagi 114 ta sura bilan taqqoslab ko’rilsa, Suhufda hammasi 109 ta sura bo’lganligi va 1, 34, 41, 45 va 96-suralar bo’lmaganlligi aniqlanadi. Shundan ham ma’lum bo’ladiki, Suhuf tarkibi to’la bo’lmagan.
Oradan 17-18 yil o’tgach, ilgaridan o’z ixtiyorlari bilan suralarni yozib yurgan va alohida to’plam qilib olgan ayrim kishilar qo’lidagi nushalarni xalifalikning ayrim shaharlarida o’qish va ibodatxonalarda ulardan foydalanish kengayib borgan sari ana shu nushalar orasidagi tafovut sezilib borgan. Bunday nusxalarni ayrim shaxslar o’z ixtiyori bilan to’plab yurgan, shu sababli ularda Suhufga nisbatan ba’zi suralar yo’q, yoki aksincha, Suhufda yo’q suralar bor bo’lgan. Ilohiy yozuvda kelajakda yuz berishi mumkin bo’lgan xilma-xilliklarning oldini olish maqsadida Usmon barcha dastxatlarni to’plab, taqqoslab chiqish va ular asosida bo’lajak Qur’onning yagona nushasini tayyorlashga amr bergan va o’zi bu ishga bosh bo’lgan.
Ma’lumotlar bo’yicha Muhammadning yaqin sahobalaridan Ubay ibn Ke’b (vafoti 643), Ibn Ma’sud (vafoti 650) va boshqalarning xususiy to’plamlari bo’lgan. Bular Damashq, Kufa, Basra, Homis shaharlarida amalda qo’llanilgan.
Usmon amrini bajarish uchun to’rt kishilik guruh belgilangan. Unga Zayd rahbarlik qilgan, uning tarkibiga Qur’onni yahshi bilgan sahobalardan az-Zubayr, al-Os, ibn Hishomlar kiritilgan. Bular barcha nusxalar va topilgan suralarni qaytadan tekshirib, taqqoslash asosida yagona nusxani tayyorlagan. Ilgarigi shahsiy nusxalarning barchasi yo’qotilgan. Yangidan dastxat qilingan yagona nusxa tarixda “Xalifa Usmon mushafi” deb nom olgan. Lekin ayrim nusxalar saqlanib qolgani ham ma’lum. Masalan, mashhur avstraliyalik arabshunos olim Adam Mes o’zining “Musulmanskiy renessans” kitobida o’rta asr arab tarixchisi al-Javziyga asoslanib, bir voqeani keltiradi. 1008 yilda rasmiy Musxafdan farq qiladigan va Ibn Ma’sudning qo’lyozma nushasi degan nom ostida yana bir bor Qur’on dastxati paydo bo’lgan, qozilar hukmi bilan yoqib yuborilgan. Usha kuni yarim kechada dastxatning egasi paydo bo’lib, uni yoqib yuborilganini bilgandan keyin, bu ishni qilganlarni la’natlagan. Bunga javoban uning o’zi ham o’limga hukm qilingan. Har holda XI asr boshida yuz bergan ana shu voqeadan keyin, rasmiy Mushafdan farq qiladigan Qur’on nusxasining topilgani haqida biror ma’lumot uchramaydi.
Usmon buyrug’i bilan yozilgan Mushaf Madina shahrida saqlanadi. 1964 yilda u yerda nashr qilingan Madina shahridagi islom yodgorliklari haqidagi kitobda, bir necha asrlar davomida Mushaf Madinadagi Muhammad masjidida saqlangani, keyinchalik islom mamlakatlari tomonidan masjid yaqinida ana shu Qur’onni va Muhammaddan qolgan muqaddas yodgorliklarni saqlash uchun maxsus qurilgan binoda saqlanayotgani qayd qilingan.
Mushaf qo’lyozmasi tayyor bo’lgandan keyin tez orada Usmon buyrug’i bilan undan 2 nusha (ba’zi ma’lumotlar bo’yicha 4 nusxa) buqa terisiga kufiy alifbosida ko’chirilgan va o’qishda hamda ibodatda barcha yerlarda Qur’onning yagona matnidan foydalanishni amalga oshirish maqsadida, bu nusxalar Kufa, Basra, Damashq va boshqa shaharlarga yuborilgan.
Hozirgi kunda Islom olamida 4 ta qadimiy Mushaf nusxalarining borligi ma’lum. Ulardan biri Madinada saqlanayotgan asl nusxasi bo’lib, islom manbalarida u “Imom” nomi bilan tilga olinadi. Ikkinchi nusxa Ka’bada, uchinchi nusxa Qohiradagi Misr milliy kutubxonasida saqlanmoqda. To’rtinchisi Toshkentda O’zbekiston xalqlari tarixi muzeyida saqlanib, 1989 yil boshlarida Movarounnahr musulmonlari diniy boshqarmasiga topshirilgan.
Mushaflarning bu nusxasining qanday qilib Markaziy Osiyoga kelib qolgani haqida bir necha xil tarixiy ma’lumotlar va rivoyatlar saqlangan. Ular qisman ilmiy adabiyotlarda ham tilga olingan. Mushafning Samarqanddan 1865 yilada Sankt-Peterburgga olib ketilgani, 1920 yilda musulmonlarga qaytarib berilgani, 1923 yilda Toshkentga olib kelingani yoritib berilgan.
Biz bu masalaga mufassal to’xtalib o’tirmaymiz. Shuni ilova qilib aytish kifoyaki, bu mushafning Markaziy Osiyoga olib kelinishi bilan bog’liq bo’lgan ma’lumotlar ichida tarixiy jihatdan asoslirog’i va ishonchlirog’i sohibqiron Amir Temurning Iroqdan Samarqandga Qur’onning qadimiy bir nusxasini jo’natgani haqidagi ma’lumot deb hisoblash mumkin.
Mushaf keyinchalik musulmon olamida tarqalgan va minglab marotaba nashr qilinayotgan Qur’onning asl nusxasi hisoblanadi. Qur’on qayerda nashr qilinmasin, uning birinchi sahifasida Usmon mushafi matniga muvofiq ekani yozib qo’yilgan bo’ladi.
Qur’on suralarining to’planishi va dastxat qilinishi ilk islom manbalarida batafsil bayon etilgan va islomda eng keng tarqalgan yo’nalishi sunniylikda e’tirof etilgan.
Dastlab islom jamoasida faqat Qur’on dinshunoslikning, shu bilan birga huquqning asosi va manbai deb tan olingan. Lekin arab istilosi davrlarida (632-751 yillar atrofida) bu manbaaning o’zi talabni qondira olmagach, asta-sekin uning yoniga boshqa manba (sunna) qo’shilgan.
Zabt etilgan Osiyo oldi, Markaziy Osiyo va Shimoliy Afrika mamlakatlarida eski arab jamiyatiga qaraganda nisbatan murakkab iqtisodga, ijtimoiy munosabatlarga va madaniyatga ega bo’lgan jamiyatga duch kelganlar. Arablar zabt etgan mamlakatlarda yer-mulk munosabatlari, shahar hayoti, mulkiy qonun-qoidalar majmui, hokimiyat tashkilotlari, ijtimoiy-maishiy hayot arablar mamlakatlaridagiga qaraganda ancha murakkab edi. Bu yerlarda arablar bir qator muammolar va talab-ehtiyojlarga duch keldilarki, ularga Qur’on to’la javob bera olmas edi. Bu davrlarda hali arablar diniy jamoa va davlat, din va siyosat, diniy qonun va davlat huquqini aniq farqlamaganliklari tufayli yangi ijtimoiy munosabatlarga asoslanadigan hayotning hamma talablariga javobni istilochilar din nufuzi bilan asoslashga harakat qilganlar. Shundagina go’yo payg’ambar Muhammad hayotligida bo’lib o’tgan amaliy ishlar va uning taxminiy so’zlariga tayana boshlaganlar. Ayni vaqtda bu usulni qo’llashda taqvodorona soxtakorlikdan ham hazar qilmas edilar. Shu tariqa pand-nasihatlar yig’indisi - Sunna shakllangan.
Arabcha Sunna (as-sunna, ko’plikda sunan) - yo’l, yo’nalish, ko’chma ma’nosi - “ajdodlardan qolgan urf-odatlar”, ya’ni “rivoyat”, “naql”, “xotira”, “odat”, “hatti-harakat” ma’nolarini beradi.
Sunna islomda Qur’ondan keyingi, uni to’ldiruvchi manba, islom ilohiyoti va shariatining ikkinchi asosi sifatida e’tirof etilgan. U VII asr o’rtalaridan e’tiboran yig’ila boshlagan. Unda arab xalifaligidagi sinfiy munosabat, ijtimoiy ziddiyatlar, islom mafkurasi doirasidagi ichki kurashlar o’z ifodasini topgan. Islomgacha davrdagi Arabistonda bu nom bilan odat tusini olgan axloqiy-huquqiy yo’l-yo’riqlar majmuasi- Shimoliy Arabistondagi eski jamoaning oddiy huquqlari atalgan. Sinfiy jamiyat va islom vujudga kelgandan so’ng bu eski arab majusiy sunnasi rad etilib, asta-sekin yangisi, musulmon sunnasi bilan almashtirila boshlangan. Eskisidan yangisiga o’tgan qismlar esa go’yo payg’ambar ko’rsatmasi sifatida talqin qiinar edi. Keyin, arab harbiy yurishlaridan so’ng Musulmon sunnasiga ko’plab Rumo, Vizantiya va Eron hududidan olingan xristian, iudaizm, zardushtiylik dinlari elementlari kirgan, lekin yana ular payg’ambardan kelayotgan qoida va yo’l-yo’riqlar sifatida ifodalangan.
Musulmon sunnalari ko’plab hadislardan tashkil topgan. Hadis so’zining dastlabki ma’nosi (arabchada ko’plikda “ahadis” so’zidan) -“xabar”, “hikoya”, “bildirish”, tor ma’noda - “parcha” (sitata). Rasmiy ma’noda hadis-Muhammad so’zlari va amaliy ishlari haqidagi rivoyatlardir. Bu ma’noda hadis faqat Muhammad so’zlariga nisbatangina ishlatiladi.
Ba’zi ulamolar esa, hadis deganda faqat Payg’ambarninggina emas, balki sahoba va tobeinlarning ham bergan xabarlarini tushunadilar.
Ba’zi hadisshunoslar faqat Payg’ambar so’zlarinigina hadis deb, boshqalarnikini esa xabar deb ataganlar. Shu boisdan ham Payg’ambar hadislarini to’plovchilarga muhaddis, boshqa tarix, qissa kabilarni naql qiluvchilarga axboriy deyilgan.
Qandayligidan qat’i nazar, har qalay. Hozir musulmon olamida hadis deyilganda Payg’ambarning so’zlari, fe’l va atvorlari tushuniladi.
Hadis - islomda Qur’ondan keyingi muqaddas manba hisoblangan. Bunda Muhammadning hayoti, faoliyati va ko’rsatmalari, uning diniy, axloqiy dasturlari ham o’z ifodasini topgan. Muhammad biror gap aytgan yoki ma’lum ishni qilib ko’rsatgan bo’lsa, yoxud boshqalarning qilayotgan ishini ko’rib, uni man etmagan bo’lsa shu uch holatning har biri hadis deb atalaveradi. Ma’lumki, hadislarda islom ahkomlari, ya’ni farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, makruh, muboh kabi amal turlaridan tashqari, axloq-odobga doir dasturlar talqin etiladi. Unda xalq orasida keng tarqalgan axloq-odobga doir maqol, qimmatli, hikmatli gaplar ham qamrab olingan.
Hadislarni saqlab, kelajakka yetkazuvchilar birinchi navbatda sahobalar-payg’ambarning qarindoshlari, do’stlari, yordamchilari va shogirdlari, uning o’limidan keyin asosan Madinada yashab kelganlar hisoblanganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |